O‘zbekiston | 20:43 / 22.02.2021
11188
3 daqiqa o‘qiladi

Haydovchilik guvohnomasi uchun imtihonlar xususiy sektorga o‘tkazilishi kutilmoqda

O‘zbekistonda haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlarga xususiy sektorni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Shu haqdagi hukumat qarori loyihasi muhokamaga chiqarildi.

Foto: Kun.uz

Ichki ishlar vazirligi ishlab chiqqan qaror loyihasida trolleybus va tramvaydan tashqari barcha toifadagi avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi tadbirkorlik sub'yektlariga berilishi ko‘zda tutilgan.

Buning uchun talabgorlar avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta'lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati litsenziyasiga ega bo‘lishi kerak.

Loyihada belgilanishicha, 2021 yil 1 apreldan boshlab haydovchilik guvohnomasini olish uchun imtihonlarni o‘tkazish huquqiga ega tadbirkorlik sub'yektlari xizmat ko‘rsatish hududlarida DYHXXning xuddi shunday turdagi faoliyati tadbirkorlik sub'yektining litsenziyasi amal qilish muddatigacha to‘xtatiladi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, IIV haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqiga ega tadbirkorlik sub'yektlari bilan o‘zaro axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yadi, o‘tkaziladigan imtihonlar jarayoni ustidan DYHXX vakilining bevosita yoki onlayn nazoratini ta'minlaydi.

Bundan tashqari, loyihada quyidagilarni nazarda tutuvchi avtomatlashtirilgan Yagona axborot tizimini yaratish ko‘zda tutilgan:

  • DYHXXga tegishli barcha axborot tizimlarini mazkur Yagona axborot tizimiga integratsiya qilish;
  • o‘quv guruhlaridagi haydovchilikka nomzodlar to‘g‘risida ma'lumotlar bazasini shakllantirish;
  • o‘quv guruhlaridagi haydovchilikka nomzodlarni identifikatsiya qilish orqali kundalik ta'lim jarayonidagi ishtirokini (davomatini) nazorat qilish;
  • yakuniy imtihonlarni nazorat qilish orqali ta'lim sifatini baholash;
  • imtihon natijalari bo‘yicha elektron ma'lumotlar bazasini shakllantirish, ularning tahlillariga ko‘ra Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan tuziladigan o‘quv muassasalari reytingini yuritish va e'lon qilish;
  • Yagona axborot tizimni Sog‘liqni saqlash vazirligining ma'lumotlar bazasi bilan integratsiya qilgan holda, haydovchi va haydovchilikka nomzodlarning avtomototransport vositasini boshqarishga yaroqliligi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni elektron tarzda olish.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil 1 martdan tadbirkorlarga avtomobil yo‘llarida yo‘l harakati qoidalari buzilganini qayd etuvchi avtomatlashtirilgan foto/video dasturiy-texnik vositalari o‘rnatish huquqi berilmoqda.

  • Eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini 2021 yil oxirigacha yangisiga almashtirish lozim.

Mavzuga oid