07:53 / 21.08.2021
8128

Tana harorati yuqori bo‘lgan abituriyentlar uchun test 23 avgust kuni o‘tkaziladi

Tana harorati yuqori bo‘lgan va koronavirusga chalingan abituriyentlar uchun qo‘shimcha test sinovlari 2021 yil 23 avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Qayd etilishicha, testda quyidagi toifadagi abituriyentlar ishtirok etishi mumkin bo‘ladi:

  • test sinoviga kelgan vaqtda tana harorati 37 darajadan yuqori ekani aniqlangan va tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilgan abituriyentlar;
  • 16 avgustga qadar koronavirusga chalingani sababli qo‘shimcha test sinovlarida ishtirok etish uchun ariza bilan murojaat qilgan va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan koronavirusga chalinganligi tasdiqlangan abituriyentlar.

Qayta tashkil etilgan test sinovlarida ham tana harorati 37 darajadan yuqori ekani aniqlangan yoki koronavirusdan to‘liq sog‘aymagan abituriyentlar uchun boshqa test sinovlari tashkil etilmaydi.

Test sinovlari barcha hududlarda tashkil etiladi va abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tish vaqtida test topshirish hududi sifatida o‘zlari tanlagan hududda test sinovida ishtirok etadi.

Abituriyentlar test sinovida ishtirok etish uchun ruxsatnomani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan tegishli ma'lumotlar Davlat test markaziga taqdim etilgandan so‘ng, 21 avgust kunidan boshlab my.dtm.uz sayti orqali yuklab olishi mumkin bo‘ladi.

Top