Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Navoiy IESni gaz bilan ta'minlovchi quvurda nosozlik ro‘y berdi. Bu butun respublikada elektr ta'minotiga ta'sir qilmoqda
Energetika vazirligi Navoiy IESda ro‘y bergan nosozlik tufayli respublikaning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta'minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkinligidan ogohlantirdi. Vazirlik matbuot xizmati bugungi kunda elektr energiyasi iste'moli o‘tgan yilgidan 23 foizga ko‘pligi, suv omborlaridagi suv hajmi esa 37 foizga kamligiga e'tibor qaratgan.
Bugun, 7 iyul kuni soat 05:48da Navoiy issiqlik elektr stansiyasining bug‘-gaz qurilmalarini tabiiy gaz bilan ta'minlovchi 2-tarmoq gaz quvurida gaz sizib chiqish holati yuz berdi.
Qayd etilishicha, ayni paytda yuzaga kelgan ushbu nosozlik bartaraf etilmoqda, nosozlikni bartaraf etish ishlarini xavfsiz bajarish uchun «Navoiy-4» gaz taqsimlash stansiyasi orqali gaz ta'minoti to‘xtatilmoqda. Mazkur ishlarni to‘liq yakunlash jarayonida Navoiy issiqlik elektr stansiyasining 1-son bug‘-gaz qurilmasi vaqtinchalik to‘xtatib turiladi.
Shu sababli respublikaning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta'minotida qisqa muddatli uzilishlar kuzatilishi mumkin.
«Iyul oyining birinchi yarmida mamlakatimiz hududida havo haroratining keskin ko‘tarilishi va 6-8 iyul kunlari respublikaning sutkalik elektr energiyasi iste'moli 223 million kilovatt soatgacha yetishi kutilmoqda. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan mavsumning mos davriga nisbatan 23 foizga ko‘pdir.
Respublika suv omborlariga suv kelish hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37 foizga kam yoki ko‘p yillik o‘rtacha suv kelishining 48 foizini tashkil etmoqda. Bu holat gidroelektr stansiyalarning ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining pasayishiga olib kelmoqda.
Shunga qaramasdan, mamlakatimizda elektr stansiyalar orqali rejada ko‘rsatilgan hajmlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish choralari ko‘rilmoqda. Keltirilgan noqulayliklar uchun iste'molchilardan uzr so‘raymiz», deyiladi xabarda.
Ayni vaqtda respublikaning barcha hududlarida, xususan, poytaxt Toshkent shahrida ham elektr energiyasi ta'minotida jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda. Shaharning ko‘plab hududlarida soatlab svet yonmayapti, bu esa shahar infratuzilmasi faoliyatiga ta'sir ko‘rsatmoqda. Xususan, internetda Toshkent metropolitenida chiroq o‘chib qolgani aks etgan suratlar tarqalgan.

