O‘zbekiston | 13:40 / 10.04.2021
66095
15 daqiqa o‘qiladi

To‘ra Bobolov - Surxondaryo hokimligiga kelishi, viloyatdagi kadrlar muammosi, Afg‘oniston va Otabek Sattoriy ishi haqida

Kun.uz viloyatlar hokimlari bilan intervyular tashkil etmoqda.

Navbatdagi suhbatdoshimiz – Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov bo‘ldi.

To‘ra Bobolov 51 yoshga to‘lishi va bu yoshda olgan hayotiy xulosalari haqida 

— Albatta, Xudoning bergan kuniga shukr qilib yashashimiz kerak. Hayot o‘nqir – cho‘nqirlardan iborat. U bir tekis emas. Masalan, ilgarigi, 2016 yilgacha bo‘lgan davr bilan hozirgi davr o‘rtasida farq katta. Hayot boshqacha.

Odamlarning ongi, tasavvuri o‘zgaryapti. Avvallari o‘zgarishlar faqat shahar, tumanlarning markazida bo‘lardi. Hozir yangilanishlar chekka-chekka qishloqlargacha yetib boryapti.

Viloyatimizda jami 721ta mahalla bo‘ladigan bo‘lsa, bugun shu mahalla odamlarining barchasi o‘zgarishlar o‘zida birinchi bo‘lishini xohlayapti.

Ular yaxshi yashash uchun intilyapti.

Men nima demoqchiman? Zamonning o‘zi bizni tarbiyalab boryapti. Biz ham hayotiy talablar, odamlarning istaklaridan kelib chiqib ish tashkil qilyapmiz.

Endi men rahbarman, deb istagan qarorni chiqaraverishni zamon qabul qilmaydi.

Hali yoshman, kuch-quvvatim yetarli, o‘rganadigan narsalarimiz esa juda ko‘p. 

To‘ra Bobolov avvalroq Surxondaryo viloyatidagi bir nechta tuman hokimligiga tavsiya qilingani, ammo tasdiqlanmay qolishi va birdaniga viloyat hokimligiga kelishi haqida

— Hokimlik juda katta maktab. Mening avvalgi ishlagan joylarimda olgan bitta yutug‘im – viloyatdagi qaysi obekt qaysi hududda, qanday holatdaligi yuzasidan 90 foiz aniq ma'lumotga egaman. Chunki ko‘p yurganman.

Tadbirkorlar bilan ko‘p suhbatlashganim uchun ularning muammolarini bilaman.

Tumanda hokim bo‘lmay turib, viloyat hokimi bo‘ldingiz, deyapsiz. To‘g‘ri, viloyat hokimi bo‘lish uchun ham tumanlarda malaka oshirish kerakdir, lekin men bungacha ishlagan joylarimda ham hokimlar bilan ishlab, ko‘p tajriba orttirdim.

Men hozir ham ko‘p masalalarda ustozlar, yoshlar bilan maslahatlashib qaror qabul qilaman. 

Surxondaryo viloyatidagi kadrlar tanqisligi haqida

—  Hozir hokimliklardagi kadrlarning deyarli 90 foizi yoshlar.

Bizdagi eng katta muammo – sog‘liqni saqlash tizimidagi kadrlar yetishmasligi. Chunki bizga bu tizimda qariyb 3600 dan ortiq shifokorlar yetishmayapti. Biz mana shu kamchilikni to‘g‘rilash uchun, yaqinda Toshkentdagi tibbiyot universitetida o‘qiyotgan 200dan ortiq talabalar bilan shartnoma qilib keldik. Ular Surxondaryoga kelib, 5 yil ishlab beradigan bo‘lsa, biz uy-joy qilib berishga ham tayyormiz.

To‘g‘ri, Toshkent bilan viloyatning, viloyat bilan tumanning sharoitida farq bor. Lekin yaxshi kadrlarni ularga imkon qadar yaxshi sharoit yaratib berish orqali viloyatga jalb qilishga tayyormiz.

Bizda shifokorlardan tashqari pedagoglar ham defitsit. Umuman olganda kadrlar masalasi bizning birinchi o‘rindagi siyosatimiz bo‘lib qolyapti.

Surxondaryodagi tuman hokimlarining qanchasi viloyatni boshqarish salohiyatiga ega?

— Albatta, buni tahlil qilib boraman. Prezident, Vazirlar Mahkamasi, Prezident administratsiyasi tomonidan berilgan topshiriqlarning ijrosi orqali buni bilish mumkin.

Men o‘zim o‘tkazadigan yig‘ilishlarda bir oylab ayrim rahbarlarni so‘ramayman. Demakki, o‘sha tumanda ishlar tizimli tashkil qilingan. Ayrim hokimlarga esa qattiqroq gapiramiz. Shundan ko‘rinib turadi.

Hokim o‘rinbosarlari bilan ham shunday. Qaysi o‘rinbosar ko‘p muhokama bo‘layotgan bo‘lsa, demak u o‘zining aravasini tormayapti.

Aytgancha, men o‘rinbosarlarim bilan kuniga, hech bo‘lmaganda, ikki marta gaplashaman. Topshiriq ijrosini telefon orqali bo‘lsa ham so‘rayman.

So‘ramay qo‘ysangiz ham ular boshqacha fikrga borib qolishi mumkin. 

Surxondaryoning hamon agrar viloyat bo‘lib qolayotgani va To‘ra Bobolov hokimlikka kelgach, o‘z tashabbusi bilan qanday loyihalarni amalga oshirgani haqida 

— Surxondaryo viloyati haqiqatda agrar viloyat hisoblangan. Faqat keyingi to‘rt yildagina yirik-yirik sanoat korxonalari paydo bo‘ldi.

Mendeleyev davriy jadvalidagi barcha elementlar, foydali qazilmalar Surxondaryo viloyatida bor desak, xato qilmagan bo‘lamiz.

Viloyatga hokim bo‘lganimga 2 yil bo‘ldi. Mana shu yillar davomida men ham yirik korxonalar tashkil etishda tadbirkor va tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlab kelyapman.

Masalan, Sherobod tumanida bir qancha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi «Sherobod impex» korxonasini ishga tushirdik.

Bu bizga katta foyda keltiradi. Masalan, Surxondaryo viloyatida har yili taxminan 16 ming tonna anor yetishtiriladi. Ammo shu paytga qadar uning 1 kilogrammi ham qayta ishlanmagan. Men aytayotgan korxonada anor ham qayta ishlanadi.

Denov tumanida zamonaviy texnologiyalar asosida yog‘ ishlab chiqarish zavodi ishga tushdi.

Muzrabot tumanida qamishdan qurilish va mebel mahsuloti ishlab chiqaruvchi yirik korxona faoliyat boshladi. Aynan mana shu korxonaning o‘zida qariyb 3 mingga yaqin fuqarolarning bandligi ta'minlanadi.

Viloyatdagi yana bir yirik loyiha Jarqo‘rg‘on tumanida amalga oshirilmoqda. Bu yerda yangi ochilgan korxonada gipsakarton ishlab chiqariladi.

Bundan tashqari, Oltinsoyda meva-sabzavotni, Angor tumanida terini qayta ishlash korxonalari ish boshlash arafasida turibdi.

Termiz shahridagi ipakni qayta ishlash va gilam ishlab chiqarish korxonasi ham qariyb mingga yaqin ayollarni ish bilan ta'minlaydi.

Viloyatda turizm sohasi nega yetakchi tarmoqlardan biriga aylanolmayotgani haqida 

— Haqiqatan ham, turizmni rivojlantirish viloyat uchun katta imkoniyat. Surxondaryoda 564tadan ziyod tarixiy obidalarimiz bor. Biz hozir ularning faqat 22tasidangina foydalanyapmiz. Masalan, Boysundagi shifobaxsh «Omonxona» suvi. Bu suv jigar kasalliklari bilan og‘rigan bemorlar uchun juda shifobaxsh hisoblanadi.

«O‘rinbuloq» suvi. O‘rinbuloqning suvi odamning buyragidagi toshlarni yo‘qotishda yaxshi samara beradi. Uning foydasini uch kundayoq sezasiz.

Bizda, shuningdek, Imom Termiziy, at-Termiziy, Qirqqiz, Kokildor ota, Sulton Saodat kabi ziyoratgohlar ham bor. Bu yerlarga xorijiy davlat vakillarining ham qiziqishi baland.

Bizning kamchiligimiz shu imkoniyatlarni ochib berolmayapmiz.

Hozir bu sohani rivojlantirish uchun juda katta mablag‘lar ajratilyapti.

Viloyatning agroturizm, ekoturizm, ovchilik, tibbiyot turizmi bo‘yicha ham imkoniyatlari juda katta.

Turizmni rivojlantirishda qilinishi kerak bo‘lgan birinchi ish infrastrukturani yaxshilash hisoblanadi. Avvallari bizda bu ishlar juda orqada edi. Masalan, viloyatga qandaydir mehmon keladigan bo‘lsa, ularni qaysi mehmonxonaga joylashtirish haqida o‘ylanardik. O‘ylanganimizki, o‘sha mehmonxonada suv bormi degan savolni qo‘yardik.

Bizda asta-sekin sharoiti bor bo‘lgan mehmonxonalar ham qurilyapti. Masalan, shu yilning o‘zida viloyatda 24ta mehmonxona qurilishini rejalashtirganmiz.

Ayrim rus nashrlari yozayotganidek, O‘zbekistonga Afg‘oniston orqali IShIDning xavfi ortib borayotgani qanchalik haqiqat?

— Men yaqinda ham Afg‘onistonga bordim. Bizga chegaradosh Balx viloyati gubernatori bilan yaqindan hamkorlik qilamiz. Xavf yo‘q, desak xato qilgan bo‘lamiz. Chunki Afg‘oniston shunday hududki, u yerda qariyb 44 yildan beri urush bo‘lyapti. Ularda tahdid ko‘p. Biz u tomondan xavf yo‘q, desak xato qilgan bo‘lamiz.

Surxondaryodagi barcha rahbarlardan ham birinchi navbatda doimiy ogohlik talab qilinadi. Mening ham birinchi o‘rindagi kundalik masalam – chegara masalasi. Chegarada ko‘p yuraman. Har yakshanba kuni harbiylar bilan ishlash kunim bo‘ladi. Aytishim mumkinki, Surxondaryoning barcha chegarasini bosib chiqqanman. Harbiylarning ham aksariyati bilan muloqotda bo‘lganman.

Afg‘onistonda hamisha xavf bor, lekin biz gaplashib turamizki, bizga yaqin chegara hududlari tinch. Chegaradosh hududlar tinch.

To‘ra Bobolov so‘z erkinligi deganda nimani tushunadi? U Surxondaryoda so‘z erkinligi bo‘yicha holat qolgan viloyatlarga qaraganda og‘irroq, degan fikrlarga qanday qaraydi?

— Bu to‘g‘ri savol. Biz buni to‘g‘ri qabul qilishimiz kerak. Har bir fuqaro o‘z fikrini erkin ayta olishi kerak. Men buni hokim sifatida to‘g‘ri qabul qilaman.

Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlarda turli tanqidlar yoziladi. Ular orasida viloyat hokimi qayerga qarayapti, degan savollar ham bo‘ladi. Jurnalistlar biror holatning ijobiy yoki salbiy tomonlarini yoritib chiqadi. Bularga mutlaqo to‘g‘ri qarayman. Shu ma'noda tanqidlarni to‘g‘ri qabul qilaman. Va harakat qilamanki, o‘sha tanqidlarni joyiga borib o‘rganishga.

Agar tanqid yozgan jurnalist aytgan holat rost bo‘lsa, men ham muammoning yechimiga harakat qilaman. Tan olish kerak, tarmoqlarda yoritilayotgan holatlar ichida noto‘g‘ri holatlar ham bor. Ammo ularga e'tibor beravermaslikka harakat qilaman. Chunki birinchidan vaqtim ketadi, ikkinchidan asabim.

To‘ra Bobolov o‘zining shaxsiy piari ustida qanday ishlaydi?

— Mendagi bir xislat shuki, qilgan ishimni to‘la ko‘rsatolmayman. Bilmadim, bunga boshqalar, jurnalist, blogerlar qanday qaraydi. Shaxsimni piar qilavermayman.

Hokim Kun.uz sayti faoliyati, unda e'lon qilinadigan xabar, tahliliy va tanqidiy maqolalarga qanday qaraydi?

— To‘g‘risi, kompyuterimni ham, telefonimni ham ochganimda birinchi Kun.uz chiqib keladi. Saytni 100 foiz kuzatib boraman. Chiqayotgan tanqidlardan tortib, reklamalargacha.

Kun.uz, Daryo.uz... ularni kuzatib, ulardagi maqolalarni to‘g‘ri qabul qilaman. Agar ular yozayotgan narsalar hayotda yo‘q holat bo‘lganda edi, bu boshqacha bo‘lardi.

Hokim To‘ra Bobolov Muzrabot tuman sudida sudlanayotgan termizlik 41 yashar faol  bloger Otabek Sattoriy ishini qanchalik kuzatib boryapti?

— Bloger Otabek Sattoriyni oladigan bo‘lsak...albatta, bu qonun, qonuniy belgilangan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar... qonunda nima belgilangan bo‘lsa, qonuniy bahoni sud beradi.

Lekin Otabek Sattoriyning ham oilasi bor, farzandlari bor. Biz ham uni ertaga tavba qildim, javobgarlikka tortilib ketish masalasi...

U ham bitta fuqaro, O‘zbekiston fuqarosi. U ham bilib, bilmasdan xato qilgan bo‘lishi mumkin. Hozirgi holatlarni kuzatib turibman. Bu holatlar o‘ylaymanki, tegishli idoralar tomonidan o‘rganilgan.

Bu ishda hozir tergov jarayoni tugab, sud jarayoni ketyapti. Qonuniy bahoni sud beradi.

Bloger Otabek Sattoriy viloyat hokimi To‘ra Bobolovning ashaddiy tanqidchisi edi, degan gaplarga hokim qanday qaraydi?

— U, birinchi marta To‘ra Bobolov e'tiboriga, deya video e'lon qilganda, o‘sha tanqid qilingan joyga borganman. O‘sha joydagi fuqarolarga rahmat ham aytganman. Sizlarga rahmat, shuncha yildan beri yashab yuribsizlar, deganman. U odamlar avval shaharda yashagan, qurilish tufayli chekka hududga ko‘chirilgan. Ko‘chirilgan joyida esa gaz bo‘lmagan, suv bo‘lmagan, yo‘li yomon bo‘lgan.

Keyin men o‘sha oilalarga va'da berdimki, Xudo xohlasa, 31 dekabr kuni xonadonlaringda gaz bo‘ladi, yo‘llaringni ham asfalt yo‘l qilamiz, deb.

Shu murojaatni Otabek Sattoriy ko‘tarib chiqqan. Agar Otabek Sattoriy bu ishni ko‘tarmaganda, ehtimol, men o‘sha joylarga bormasligim ham mumkin edi.

Men har qanday blogerni to‘g‘ri qabul qilaman. Murojaat bo‘ldimi, u murojaatning tagida nimadir bor. Bekorga bo‘lmayapti.

Men keyin Otabek Sattoriyni chaqirib aytganman. Otabek Sattoriy, to‘g‘ri, mana shu ishlarni qilyapsan, lekin asosli bo‘lsin. Shunday deganimdan keyin u har kuni bir murojaat chiqaradiki. To‘ra Abdiyevich e'tiboriga, deb.

To‘g‘ri, elektrdagi uzilishlar, gaz ballon yetishmovchiligi bor. Buni hamma biladi. Bir kunda qilish qiyindir, lekin hammasi navbati bilan qilib, yetkazib berilyapti.

Hokim bir blogerning sud qilinishi so‘z erkinligiga tahdid bo‘lishi mumkinligini qanchalik tahlil qiladi?

— Bu masala hozir sudda ko‘rilyapti. Tergovda ham o‘rganilgan. Men masalan, faoliyatimda ko‘p blogerlar bilan muloqotda bo‘laman. Ularni chaqiraman. Menga katta-katta tadbirlarda jurnalist va blogerlar, yoshlar yordam qilgan.

Sattoriyni ham ko‘p ko‘rganman va unga biror marta aytmaganmanki, Otabek sen noto‘g‘ri qilyapsan, deb.

Faqat yuqorida aytganimdek, bitta murojaatini borib o‘rganganimdan keyin, u har kuni chiqaraverdi. Shunda men aytganman, Otabek, bu muammolarni hamma biladi, lekin islohot ham ketyapti sekin-sekin. Buni xalq gohida noto‘g‘ri tushunyapti. Gaz ham, elektr ham yetkazib berilyapti, deganman. Bu muammolar faqat Surxondaryoda emas, hamma joyda ham bor.

So‘z erkinligini biz taqiqlab qo‘ymaganmiz.

Intervyuni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchilar: Nuriddin Nursaidov,
Jahongir Aliboyev.

Mavzuga oid