Fevral oyiga kelib, o‘tgan yilning xuddi shu vaqtida kuzatilgani kabi, «Uzbek Tigers» jamoasining kelgusidagi taqdiri borasida turli gap-so‘zlar tarqala boshladi. OAVda O‘zbekiston boks federatsiyasi jamoani moliyalashtirishni to‘xtatishga qaror qilgani haqida ma'lumotlar paydo bo‘ldi. Kun.uz muxbiri ayni masalaga aniqlik kiritish uchun Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonovga bir nechta savollar bilan murojaat qildi.

– Oxirgi uch mavsumda Butunjahon boks seriyasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan «Uzbek Tigers» jamoasi o‘tgan haftada tarqatib yuborilgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu ma'lumot qanchalik to‘g‘ri?

– Avvalo, shuni ta'kidlashni istardimki, Butunjahon boks seriyasi (WSB) musobaqasining o‘zbek boksi taraqqiyotida tutgan o‘rni juda muhimdir. Ma'lumki, ushbu turnir orqali yangi nomlar kashf etiladi, kuchli bokschilar saralanadi. Shuningdek, mazkur musobaqa bokschilarimiz uchun Osiyo va jahon chempionatlari, Olimpiya va Osiyo o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘rish vazifasini bajarishi bilan ham ahamiyatlidir. Chunki turnirda Kuba, Rossiya, Qozog‘iston kabi boks olamidagi yetakchi mamlakatlarning charm qo‘lqop ustalari ham ishtirok etadilar va bokschilarimiz ularga qarshi janglar orqali o‘z mahoratlarini toblab boradilar. 

Bevosita savolingizga kelsak, «Uzbek Tigers» musobaqaning yangi mavsumida ham bahslarda qatnashadi. O‘zbek boksi muxlislariga bayram kayfiyatini ulashish maqsadida yurtimiz mezbonlik qiladigan janglar respublikamizning eng yirik va muhtasham arenalarida tashkil etiladi. Jumladan, kelasi oyda foydalanishga topshiriladigan «Humo» ko‘p tarmoqli arenasi, shuningdek, «Milliy» stadionida ham minglab muxlislar bokschilarimizning mahoratlariga bevosita guvoh bo‘lishlari mumkin. 

O‘z navbatida, Milliy olimpiya qo‘mitasi «O‘zbek yo‘lbarslari»ning samarali faoliyat olib borishi uchun mamlakat boks federatsiyasiga kerakli yordamni ko‘rsatishga va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Jamoaga barcha shart-sharoitlar yaratib beriladi. 

– WSB`ning yangi mavsumida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda? Turnir fevral oyida start olardi, lekin 9-mavsum haligacha boshlanmagani sabab go‘yo AIBA bu turnirni to‘xtatishi haqida mish-mishlar tarqalmoqda.

– AIBA bu yildan boshlab WSB turniri formatiga o‘zgartirish kiritishni maqsad qilgan. Xabaringiz bor, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida erkaklar o‘rtasidagi bahslarda vazn toifalari soni 10tadan 8taga tushirildi va shuning hisobiga ayollar vazn toifasi 5taga oshirildi. Shundan kelib chiqqan holda Butunjahon boks seriyasida ham vazn toifalari 8taga tushirilib, ikkita ligaga ajratilmoqda. Ya'ni yengil (52, 57, 63, 69 kg) hamda og‘ir (75, 81, 91, 91+ kg) vaznlar. Musobaqada ishtirok etuvchi mamlakat har ikkila ligaga ham o‘z jamoasini qo‘yishi mumkin.