10:40 / 15.05.2023
31096

Turkiyadagi saylov. Tomonlar ikkinchi turga tayyorlanmoqda

Muxolifatchilar uchta asosiy shahar - Istanbul, Anqara va Izmirda ustun kelishdi.

Foto: Hakan Akgun / dia images via Getty Images

Yakshanba kuni Turkiyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida nomzodlarning hech biri birinchi turda g‘alaba qozonish uchun zarur bo‘lgan 50 foizdan ortiq ovozni to‘play olmadi. Ayni vaqtga kelib saylov byulletenlarining 99 foizi hisoblab bo‘lingan va endi natijalarda jiddiy o‘zgarish bo‘lishi kutilmayapti. Endilikda g‘olib 28 may kuni bo‘lib o‘tadigan ikkinchi turda aniqlanadi.

Turkiyada prezidentlik va parlament uchun o‘tkazilgan saylovlar tarixiy deb atalmoqda, chunki Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning 20 yillik boshqaruvidan keyin ilk bor muxolifatda muvaffaqiyat uchun imkon paydo bo‘ldi.

Saylov qutilarining 99 foiz qismi ochilganidan keyingi natijalarga ko‘ra Erdo‘g‘an 49,35 foiz ovozga ega bo‘lgan. Uning asosiy raqibi - muxolifatdagi olti partiya tashkil etgan «Milliy alyans»ning yagona nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li esa 45 foiz ovoz jamg‘argan. Prezidentlikka nomzod bo‘lganlarning yana biri Sinan O‘g‘anda - 5,22 foiz. «Vatan» partiyasi yetakchisi, 11 may kuni poygadan chiqishini e’lon qilgan Muharram Injyega ham baribir ovoz berganlar topilgan - 0,43 foiz.

Ikki asosiy nomzod ham dastlabki natijalar yuzasidan munosabatini bildirdi.

Erdo‘g‘an birinchi turdayoq g‘alaba qozonishiga umid bildirdi, shu bilan birga, xalq xohish-irodasi ikkinchi tur bo‘lishini ko‘rsatsa, u bunga qarshi bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.

«Yakuniy natijalar aniq bo‘lmasa ham, biz yaqqol ustunlik qilmoqdamiz. Saylovlar birinchi turda tugaydimi yoki yo‘qmi, hali bilmaymiz. Lekin agar xalq bizni ikkinchi turga yuborsa, biz bu qarorni hurmat qilamiz», degan u Adolat va taraqqiyot partiyasi shtab-kvartirasi balkonidan turib tarafdorlariga murojaat qilar ekan.

Uning raqibi, muxolifat nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘lining ikkinchi turda g‘olib chiqishiga ishonchi komil.

«Kelgusi 15 kun ichida xalqimiz bilan birgalikda adolat qaror topishi uchun bor kuchimizni ishga solamiz. Xalqimizning ishonchi komil bo‘lsinki, biz albatta g‘alaba qozonamiz. Jamiyatda o‘zgarishlar istagi 50 foizdan yuqori», degan siyosatchi.

Qariyb barcha ijtimoiy so‘rovlar ikkinchi tur bo‘lishini bashorat qilgandi, ammo ko‘pchilik birinchi turda Erdo‘g‘an emas, Qilichdoro‘g‘li ustun kelishini kutgandi.

Saylovlardagi uchinchi nomzod Sinan O‘g‘an ikkinchi turda qaysi nomzodni qo‘llashi borasida tez orada bir qarorga kelishni va’da qilmoqda.

Qayd etish kerakki, ko‘p aholi yashovchi yirik shaharlardagi ovozlarni hisoblash boshlangach, ikki nomzod o‘rtasidagi farq asta-sekinlik bilan qisqara bordi.

Erdo‘g‘an hamon oldinda borayotganiga qaramay, mamlakatning uchta yirik shahri - Istanbul, Anqara va Izmirda muxolifatchilar ustun kelmoqda, bu esa saylovlarning yakuniy natijalariga yana ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Istanbulda 16 million, poytaxt Anqara va g‘arbiy sohildagi Izmirda 10 milliondan odam yashaydi. 

Istanbulda ovozlarning 99,99 foizi hisoblab chiqilganidan keyin Qilichdoro‘g‘li 48,55, Erdo‘g‘an 46,68 foiz ovoz olgani ma’lum bo‘ldi.

Anqarada 100 foiz byulletenlar sanoqdan o‘tkazilgan, yakuniy natijalarga ko‘ra, muxolifatchilar 47,32, amaldagi prezident 46 foiz ovoz jamg‘argan.

Azaldan kamolchilarniki bo‘lib kelgan Izmirda esa Qilichdoro‘g‘li mutlaq ustunlikka erishgan - 63,29 foizga qarshi 31,48 foiz.

Parlament saylovlari natijalariga ko‘ra, hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi ustunlikka erishgan.

Saylovda davomat tarixiy rekord darajada 93 foizni tashkil etdi.

Turkiya oliy saylov kengashi (YSK) yakuniy natijalarni 19 may kuni rasman e’lon qiladi.

Mavzu
Turkiya-2023
14 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Asosiy kurash mamlakatni 20 yildan buyon boshqarib kelayotgan Rajab Erdo‘g‘an va muxolifatchilar nomzodi Kamol Qilichdoro‘g‘li o‘rtasida kechadi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top