Jahon | 21:32 / 14.07.2020
10725
8 daqiqa o‘qiladi

Belarus: Babariko saylovga qo‘yilmadi. U Lukashenkoning asosiy raqibi bo‘lishi kutilgandi

«Belgazprombank»ning sobiq rahbari Viktor Babariko Belarus prezidentligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olinmagan. Bu haqda mamlakat Markaziy saylov komissiyasi raisi Lidiya Yermoshina komissiya yig‘ilishida ma'lum qildi.

Foto: Reuters

9 avgust kuni Belarusda prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Dunyo koronavirus sabab «o‘zini uyga qamagan» vaqtda ham karantin joriy qilmagan mamlakatda saylovning kechiktirilishi haqida tabiiyki hech gap yo‘q. Tahlilchilar har qanday holatda Belarusda prezidentlik saylovi o‘tkazilishini aytishmoqda.

Belarus prezidentligi uchun saylov bu safar ancha shov-shuvli o‘tishi kutilmoqda. Intriga esa allaqachon boshlanib qolgan: Lukashenkoning asosiy raqibi bo‘lishi kutilgan Viktor Babariko qo‘lga olingan. Bugun ma'lum bo‘ldiki, Markaziy saylov komissiyasi «Belgazprombank»ning sobiq rahbari Babarikoni Belarus prezidentligiga nomzod sifatida ro‘yxatdan o‘tkazmadi. Bu haqda saylov MSK raisi Lidiya Yermoshina komissiya yig‘ilishida ma'lum qilgan.

Komissiyaning ushbu majlisi ijtimoiy tarmoqlar orqali jonli tarzda yoritildi va unda so‘zlagan MSK raisi Babarikoning nomzodi ro‘yxatga olinmaganining asosiy sababi sifatida uning daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyada noaniqliklar borligi hamda uning loyihalarida xorijiy kompaniyalar ham ishtirok etayotganini keltirgan.

Shuningdek, nomzodlardan yana biri Valeriy Tsepkaloni ham ro‘yxatdan o‘tkazish rad etilgandi. MSK ushbu nomzod birinchi bosqichda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ish – tashabbus guruhining 100 ming imzosini to‘play olmaganini ma'lum qilgan.

MSK saylovda qatnashmasligi uchun bosim bo‘lgani aytilgan Svetlana Tixanovskayani ro‘yxatga olgan. U ham Lukashenkoning asosiy raqiblaridan biri hisoblanadi. Tut.by saytiga ko‘ra, Tixanovskayaning hujjatlarida kamchilik topilgan: u prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yishni rejalashtirgan, ammo mol-mulki haqidagi deklaratsiyasida hibsga olingan eri Sergey Tixonovskiyning Gomel oblastida uyi borligini ko‘rsatmagan. Darvoqe, Sergey Tixonovskiy ham prezidentlik saylovida o‘z nomzodini qo‘ygandi, biroq MSK faqat Svetlana Tixonovskayani nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazgan.

MSK raisining ma'lum qilishicha, Babariko doimiy tarzda ofshor hududlarda kompaniyalar ochib, so‘ng o‘sha kompaniyalarga yashirincha mablag‘ o‘tkazib kelayotgan uyushgan jinoiy guruh tuzgan va uni boshqargan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Babariko shu paytgacha kamida 458 ming AQSh dollarini ofshor hisoblarga yashirincha o‘tkazgan. Babarikoga nisbatan keltirilgan barcha ayblovlar «Belgrazprombank ishi» bo‘yicha hibsga olinganlarning tergov davomida bergan ko‘rsatmalariga asoslangani qayd etilgan.

Ushbu majlisda qatnashgan Babarikoning vakili hali unga qo‘yilayotgan ayblovlar isbotlanmagani va siyosatchi ofshor kompaniyalarni boshqarayotgani haqidagi iddaolar reyestrdan olingan ko‘chirmalar bilan tasdiqlanmaganini aytgan.

Viktor Babariko 18 iyun kuni Belarus davlat nazorati moliyaviy tekshiruv bo‘limi xodimlari tomonidan hibsga olingandi. U 20 yil davomida «Belgazprombank»ni boshqarib kelgan va prezidentlik poygasida qatnashishga qaror qilib, iste'foga chiqqan. Shundan so‘ng, ko‘p o‘tmay «Belgazprombank»ning bosh ofisida va unga aloqador bir qator kompaniyalarda davlat nazorati moliyaviy tekshiruv bo‘limi xodimlari tomonidan tintuvlar o‘tkazilgan hamda yuqori lavozimli menejyerlar va xodimlar hibsga olingan.

Aksiyalarining 99 foizi Rossiyaning «Gazprom» kompaniyasi qoshida ochilgan «Gazprombank»ga tegishli bo‘lgan ushbu bank menejyer va xodimlari pul yuvish va soliqlarni yashirishda ayblangan. Hibsga olingan menejyerlarga Belarus jinoyat kodeksining oltita moddasi, xususan firibgarlik, pora berish va pora olish, mansab vakolatini suiiste'mol qilish orqali o‘g‘irlik kabi ayblovlar qo‘yilgan. Shundan so‘ng, ushbu bankka Rossiyadagi egalarining roziligisiz Belarus tomonidan bank ma'muriyati tayinlangan. Belarus davlat nazorati rahbari Ivan Tertelning ta'kidlashicha, bunday noqonuniy harakatlar ortida «Gazprom» qo‘g‘irchoqlari yoki ehtimol undan ham yuqoriroqda o‘tirgan rahbarlar turibdi.

Hibsga olishdan avval ham, hibsga olingandan keyin ham Minskdagi kuzatuvchilar Viktor Babariko Lukashenkoga eng jiddiy raqib bo‘lishini taxmin qilishayotgandi.

«Belgazprombank» ishi

Viktor Babariko hibsga olingach, avvaliga advokatlarga unga qo‘yilgan ayblovning mohiyati to‘g‘risida gapirish taqiqlandi. Oradan ikki hafta o‘tgach, ular Babarikoga qo‘yilgan ayblovlardan tasodifan xabar topishgan. Minsk shahar sudining xabarnomasida Babarikoning ishi bo‘yicha eshituvlar o‘tkazilishi belgilangani xabari paydo bo‘ladi: sobiq bankirni katta miqdorda pul yuvish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va pora berganlikda ayblashmoqda.

Uning o‘g‘li Eduard Babariko ham katta miqdordagi soliqlardan bo‘yin tovlashda ayblanib, otasi bilan bir vaqtda hibsga olingan. Ish bo‘yicha hammasi bo‘lib 20 nafardan ortiq kishi qo‘lga olingan. Davlat nazoratidagi Belarus televideniyesi allaqachon Babariko ustidan boshlangan tergov ma'lumotlari asosida uchta «maxsus ko‘rsatuv» berishga ulgurdi. O‘sha ko‘rsatuvlarda so‘roq paytida olingan videolardan foydalanilgan, hodisalarni kadr ortidan Belarus maxsus xizmat xodimlari sharhlab turgan.

Viktor Babarikoning advokati Dmitriy Layevskiy o‘zining feysbukdagi sahifasida shunday dedi: «Film tayyor bo‘ldimi, so‘ng unga ssenariy kerak bo‘lmaydi. Men aniq bir narsani ayta olaman: agar kimnidir ayblash uchun dalillar yetarli bo‘lsa, uning aybini isbotlash uchun maxsus film namoyish etishning hojati bo‘lmaydi».

«Hukumat shunchalik kuchsizki...»

Advokatlar va inson huquqlari himoyachilarining ta'kidlashicha, hukumat aybsizlik prezumpsiyasini buzmoqda. Matbuotga tergov materiallari bilan tanishish imkoniyati berilmayapti. Hibsdagi shaxslar o‘zlariga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovlarga javob qaytara olmaydi. Advokatlarning ta'kidlashicha, qonun dastlabki tergov materiallarini oshkor qilishni taqiqlaydi. Babarikoni esa sud aybdor deb topmasidan avval aybdor deb e'lon qilib bo‘lishdi.

Advokatlar Viktor Babarikoga qarshi ehtiyot chorasini o‘zgartirishni talab qilib, saylov kampaniyasida ishtirok etish imkoniyatini berish uchun unga nisbatan berilgan xulosani shaharni tark etmaslik talabi bilan almashtirishni talab qilishdi. Babarikoning saylovoldi bosh shtabi shoshilinch matbuot anjumani o‘tkazishni mo‘ljallamoqda.

MSKning Babarikoni nomzod sifatida ro‘yxatga olmaslik haqidagi qaroridan so‘ng sobiq bankir saylovoldi bosh shtabining vakili Mariya Kolesnokova «Hukumat shu qadar kuchsizki, ular hatto panjara ortida o‘tirgan Babarikoga ham saylovda qatnashish uchun ruxsat berishmadi», degan. Babarikoning saylovoldi bosh shtab advokati Maksim Znakning ta'kidlashicha, MSK qarori ustidan sudga shikoyat qilinadi.

Mavzuga oid