O‘zbekiston | 18:51 / 18.06.2018
17104
5 daqiqa o‘qiladi

Axsikent - “Osmon ostidagi muzey” bo‘ladi

Mamlakatimizda moddiy madaniy meros obektlari, xususan, tabarruk qadamjolarni, O‘zbekiston shaharlarining tarixiy qiyofasini saqlab qolishda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirish, tarixiy va me'moriy yodgorliklarni butun insoniyat uchun qimmatli osori atiqalar sifatida asrab-avaylash va qayta ta'mirlashga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda.

Namangan shahrida “O‘zbek davlatchiligi tarixida Axsikent shahrining o‘rni” mavzuida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ham dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan milliy-madaniy yodgorliklar, tarixiy obidalar va osori-atiqalarni asrab-avaylash hamda uni keng tadqiq etishning dolzab masalalariga bag‘ishlandi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Namangan viloyati hokimligi, Namangan davlat universiteti, Namangan muhandislik-qurilish, muhandislik-texnologiya institutlari, “Axsikent” arxeologiya merosi obektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi hamkorligida tashkil etilgan konferensiyada davlat va nodavlat tashkilotlari, siyosiy partiyalar vakillari, yurtimiz tarixchi-olimlari bilan birga AQSh, Xitoy, Yaponiya, Italiya, Qozog‘iston davlatlaridan arxeologiya sohasi mutaxassislari, talaba yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi. 

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Konferentsiyada so‘zga chiqqan Namangan viloyat hokimi, senator Xayrullo Bozorov, Namangan davlat universiteti rektori Abdusalom Umarov, O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Arxeoloya instituti Toshkent bo‘limi rahbari, tarix fanlari doktori, professor Abdulhamid Anorboyev va boshqalar jadal suratlarda rivojlanib jahon hamjamiyatida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lgan yurtimizning boy tarixi, uzoq o‘tmishimiz sir-asrorlaridan darak berib turguvchi obidalarimiz, arxeologik yodgorliklari dunyo ilm ahlining katta qiziqish va e'tiboriga sazovor bo‘layotganini ta'kidlashdi.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

E'tirof etish joiz, o‘zining ikki ming yillik tarixiga ega bo‘lgan Namangan zamini turizm o‘choqlari, tarixiy yodgorliklari, moddiy madaniy meros obektlariga boy bo‘lgan muqaddas zamin sifatida nom qozongan. Bu diyordagi mashhur Axsikent, Munchoqtepa, Ayritom, Mug‘tepa kabi me'moriy yodkorliklar o‘tmishda ushbu hududda o‘ziga xos sivilizatsiya va boy madaniyat rivojlanganidan dalolat beradi.

Konferentsiyada xorijdan tashrif buyurgan va yurtimizda ilmiy-amaliy ishlar olib borayotgan tarixchi olimlar, professorlardan - Tokio san'at universiteti professori Syogo Kume, Xitoyning Sian provinsiyasi Nort universiteti qoshidagi “Ipak yo‘li” arxeologik akademiyasi rahbari Vang Jiyan Tsin, xitoylik arxeolog, doktorant Lin Lingmey, AQSh Kenttuki Myurrey universiteti o‘qituvchisi Iliz Briten, Olmaota arxeologiya instituti ilmiy tadqiqotchisi Anatoliy Shayaxmetovlar esa olib borayotgan tadqiqot faoliyatlari bilan batafsil to‘xtalib o‘tdilar.

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Tadbir ishtirokchilari uchun ko‘hna Axsikent xarobalari bo‘ylab sayohat uyushtirildi. Ko‘lamli qazilma ishlari, ilmiy o‘rganishlar bilan yaqindan tanishgan chet ellik tarixchi olimlar bu yerda bundan keyingi ilmiy-amaliy o‘rganishlar, qazilma ishlarida keng hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni ta'kidlab o‘tishdi. 

Ma'lumot o‘rnida, qadimiy shahar xarobasi bo‘lmish Axsikent yodgorligi To‘raqo‘rg‘on tumani, Shahand qishlog‘ida, Sirdaryoning o‘ng sohilida joylashgan. Tarixiy manbalarda aytilishicha, Axsikat shahri miloddan avvalgi III-II (3-2) asrlarda vujudga kelgan, IX-X (9-10) asrlarda Farg‘ona vodiysining poytaxti hisoblangan. 1621 yilda yuz bergan zilzila oqibatida vayron bo‘lgan. Axsikatni arxeologik jihatdan o‘rganish ishlari XIX (19)-asr oxirlari XX (20) -asr boshlaridan boshlangan. 

Mehmonlar sayyohat doirasida shuningdek, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Ishoqxon To‘ra Ibrat majmuasiga tashrif buyurgan mehmonlar bu joyda olib borilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga viloyat hokimligi tomonidan o‘zbek milliy to‘ni va do‘ppisi kiydirilib mashhur Chust pichoqlari sovg‘a etildi. 

Foto: Namangan viloyati hokimligi

Oqilxon Dadaboyev,
jurnalist.

Mavzuga oid