Toshkentdagi 1 asrlik eng katta muzeylardan biri – Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi. Unda Navoiydan tortib zamonaviy o‘zbek adabiyoti namoyandalarining ijod mahsuli, arxivlari saqlanadi. Binoning eskirgani tashqi tomondan uncha sezilmasa ham, ichkariga kirgan kishi buni darhol payqaydi. Devorlardagi bo‘yoqlar ko‘chib tushgan, xonalar sovuq, yorug‘lik juda past. Kun.uz muxbiri 9 fevral, Navoiy tavalludining 584 yilligi munosabati bilan muzey binosidan reportaj tayyorladi.

Toshkent shahri Shayxontohur tumani Navoiy ko‘chasi 69-bino oldida bir qo‘lida kitob va bir qo‘lini iyagiga qo‘ygancha o‘ychan turgan qiyofadagi haykal bor. Bu Alisher Navoiy haykali. Uning ortida esa sariq va oq aralash 4 qavatli bino – Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi turibdi.

Muzeyga kirishingiz bilan sovuq haroratni darrov sezasiz. Navoiy tug‘ilgan kun 9 fevral, qishda ekani inobatda olinsa, muzeyga qalinroq kiyinib borganingiz ma’qul. Chunki 4 qavatli 40 xonadan iborat bu muzeyni birma-bir aylanib chiqish uchun kamida 2 soat vaqtingiz ketadi. Muzeyda esa ayni kunlarda isitish tizimi ishlamayapti. Muzey xodimlari ham xonasida qo‘shimcha isitish qurilmalarini ulab qo‘yishgan. Muzeyning o‘zi esa ancha eskirib qolgani bir qarashda ko‘zga tashlanadi.

Muzey binosi 1933-1936 yillarda klassik usulda qurilgan. Bu yerda 70 mingga yaqin ashyo saqlanadi. Unda faqat Navoiy emas, butun o‘zbek adabiyoti namoyandalari bilan tanishasiz. Ular orasida ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan adib, shoirlar ham talaygina. Muzey quyidagi bo‘limlarga ajratilgan: «Temuriylar davri o‘zbek madaniyati va adabiyoti tarixi»; «Alisher Navoiy hayoti va ijodi»; «Bobur va boburiylar davri o‘zbek adabiyoti tarixi»; «17–19-asrlar o‘zbek adabiyoti tarixi»; «20-asr o‘zbek adabiyoti tarixi». «Qardosh xalqlar adabiyoti», «O‘zbek xalq og‘zaki ijodi» xonalari.

Alisher Navoiy ko‘p qirrali ijodkor – shoir, mutafakkir, jahon adabiyotining yetuk siymolaridan biri, davlat arbobi, faylasuf bo‘lgan. U 1441 yil 9 fevral kuni Xuroson davlatining poytaxti — hozirgi Afg‘oniston hududidagi Hirot shahrining Bog‘i Davlatxona mavzesida tug‘ilgan. Navoiy hayoti va ijodi haqida batafsil bu yerda