O‘zbekiston | 09:59 / 13.08.2020
13783
2 daqiqa o‘qiladi

Akademik Telman Rajabov olamdan o‘tdi

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Telman Rajabov hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar bergan.

Materialshunoslik fizikasi, ilmiy asbobsozlik va mikroelektron texnikasi sohasida tanilgan yirik olim, akademik Telman Rajabov 85 yoshida vafot etdi, deyiladi xabarda.

Telman Rajabov 1935 yil Samarqandda tug‘ilgan, Bauman nomidagi Moskva oliy texnika bilim yurtini tugatgan (1959). O‘zbekiston FA Yadro fizikasi institutida muhandis, kichik ilmiy xodim (1959-65 yillar), Fizika-texnika instituti (1969 yildan Elektronika instituti)da bosh muhandis, katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri (1966—86 yillar) bo‘lib ishlagan.

Shuningdek, u Ilmiy asbobsozlik markaziy loyihalash-konstruktorlik byurosi direktori (1986—92), Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalar universiteti) rektori (1992—98), shu universitet qoshidagi Markaziy Osiyo telekommunikatsiyalar o‘quv markazi direktori (1998—2001), o‘sha universitetda kafedra mudiri (1999 yildan) bo‘lgan. 

Ilmiy ishlari elementar zarralar fizikasi, vakuum texnikasi va fizikasi, plazma fizikasi, kosmik kemalar va yo‘ldoshlarni faol elektrostatik muhofazalash, korroziyaga qarshi qoplamalar olish va maxsus ion manbalari yaratish, turli materiallar va qoplamalar sirtini fizik-kimyoviy modifikatsiyalash masalalari va boshqalarga doir. 

Telman Rajabov rahbarligida xalq xo‘jaligi ehtiyojlari (meva va sabzavotlarni vakuumda sublimatsion usulda quritish, biologik preparatlarni liofil usulda quritish va boshqalar) uchun sanoat qurilmalari yaratildi. «Mehnat shuhrati» ordeni bilan mukofotlangan (2003).

Mavzuga oid