07:24 / 25.06.2024
2262

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar soni haftasiga 100 taga yetkaziladi

Xitoy tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga Xitoyning istalgan shaharlaridan O‘zbekiston barcha viloyatlaridagi xalqaro aeroportlarga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish huquqi berildi.

Foto: Transport vazirligi

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida muntazam aviaqatnovlar soni haftasiga 100 taga yetkaziladi, deb xabar bermoqda Transport vazirligi.

Joriy yil 17–21–iyun kunlari Xitoyning Sian shahrida o‘tkazilgan “C5+1 Xitoy—Markaziy Osiyo fuqaro aviatsiyasi konferensiya”si davomida O‘zbekiston va Xitoy aviatsiya hukumatlari o‘rtasida havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish, ikki davlat o‘rtasida amalga oshirilayotgan aviaqatnovlar sonini keskin oshirish, yangi havo yo‘laklarini ochish masalalari muhokama qilindi.

Olib borilgan muzokaralar natijasiga ko‘ra ikki davlat aviatsiya ma’muriyatlari o‘rtasida tegishli hujjat imzolandi va quyidagi kelishuvlarga erishildi:

  • O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida muntazam parvozlarni amalga oshirish huquqiga ega bo‘lgan aviakompaniyalar soni 2 barobarga oshirildi;
  • O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun O‘zbekistonning barcha aeroportlaridan Xitoy hududiga muntazam parvozlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan shaharlar soni 12 taga yetkazildi;
  • Xitoy tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga Xitoyning istalgan shaharlaridan O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi xalqaro aeroportlarga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish huquqi berildi;
  • tayinlangan aviakompaniyalarga ikki davlat o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlar sonini har bir tomondan haftasiga amaldagi 15 tadan yangi kelishuv bo‘yicha 50 taga oshirish, ya’ni ikki mamlakat o‘rtasidagi haftalik muntazam yo‘lovchi aviaqatnovlari sonini jami 100 taga yetkazish huquqi berildi;
  • har ikki tomonning tayinlangan aviakompaniyalariga O‘zbekiston va Xitoy hududidagi barcha manzillar orqali uchinchi davlatlarga haftasiga 21 ta aviaqatnov bilan yuk parvozlarini amalga oshirish uchun 5-havo erkinligi huquqi berildi;
  • Xitoy tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga O‘zbekiston hududida Samarqand va Nukus, O‘zbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalarga esa Xitoy hududida Sian va Chengdu xalqaro aeroportlari orqali uchinchi davlatlarga har bir yo‘nalishda haftasiga 7 ta qatnov bilan yo‘lovchi parvozlarni amalga oshirish uchun 5-havo erkinligi huquqi berildi.

Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalar uchun Xitoyning dengiz bo‘yida joylashgan turistik Xaykou, Sanya hamda Tsyunxay xalqaro aeroportlarida joriy qilingan “Maxsus ochiq osmon” rejimidan foydalanish va 5-havo erkinligida parvozlarni amalga oshirish huquqi qo‘lga kiritildi.

Top