Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vazir yoki hokimlikka nomzodlar korrupsiyaga qarshi rejasini taqdim etadi
Hukumat a’zolari va mahalliy ijro hokimiyati rahbarlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi mas’uliyati oshirilishi kutilmoqda.
Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Ekologik partiya fraksiyasi yig‘ilishida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, qonun loyihasining asosiy maqsadi hukumat a’zolari va mahalliy ijro hokimiyati rahbarlarining korrupsiyaga qarshi kurashishdagi mas’uliyati va hisobdorligini oshirish, ular tomonidan bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini kuchaytirishdan iborat.
Qonun loyihasiga muvofiq, hokim lavozimiga nomzod tegishli xalq deputatlari Kengashida nomzodi ko‘rib chiqilayotganda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi bilan bir qatorda, hududda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha harakatlar rejasini ham taqdim etishi lozim bo‘ladi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlar Qonunchilik palatasida nomzodi ko‘rib chiqilayotganda va ma’qullanayotganda o‘z faoliyat dasturi bilan birga tizimda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini ham taqdim etishi belgilanmoqda.
Yig‘ilishda qonun loyihasining qabul qilinishi rahbar lavozimlarga tavsiya etilayotgan shaxslarning davlat xizmatini ochiqlik va hisobdorlik tamoyillari asosida amalga oshirishga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qilishi alohida qayd etildi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.
Mavzuga oid
14:53
“Ukrainskaya pravda”: Timur Mindich Isroilda
10:00 / 14.12.2025
Naqdsiz savdo talabi, metanga cheklov va korrupsiyaga qarshi klaster - hafta dayjesti
20:39 / 10.12.2025
Korrupsiyaga qarshi kurashish klasteri yo‘lga qo‘yiladi
08:30 / 07.12.2025