Metan-shoxobchalarga cheklov: bu safar ob-havo aybdor emas. Gazsiz uylarga arzonroq svet va’dasi: bu masala haliyam o‘rganilyapti. Uy va avtomobil savdosida yangi tartib: oldi-berdi naqdsiz shaklda bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda ham fuqarolar yillik deklaratsiya topshira boshlaydi: buni ikkita shahar aholisi boshlab beradi. Ortda qolayotgan haftaning O‘zbekiston hayotiga oid ayrim xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Metan kerakmi, shomgacha ulguring

Ob-havoning sharofati bilan, bu yil o‘zbekistonliklar oxirgi bir necha yil ichida birinchi marta noyabr-dekabr oylarini metan shoxobchalardagi cheklovlarsiz o‘tkazishi mumkin edi. Afsuski, nasib qilmagan ekan. Ma’lum bo‘lishicha, qattiq sovuq bo‘lmasa ham, o‘rniga boshqa muammo paydo bo‘lgan va yil 12 oy qishga tayyorlanadigan energetika tizimi bu muammoga tayyor bo‘lmagan. Natijada 11-12 dekabr kunlaridan boshlab barcha hududlardagi AGTKSlar kechki va tungi vaqtlarda ishlolmay qoldi.

Energetika vazirligiga ko‘ra, muammo – qo‘shni davlatdagi gaz tarmog‘ida kuzatilgan “texnik nosozlik” bilan bog‘liq. Rossiya va Qozog‘iston nashrlaridagi jimlikdan kelib chiqilsa, gap Turkmaniston haqida ketyapti. Payshanba kuni parlamentga chaqirilgan energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ham qo‘shni davlat nomini tilga olmay, u yerdagi avariya sabab O‘zbekistonda sutkasiga 6 mln kubometr hajmdagi taqchillik yuzaga kelganini aytdi.

“Afsuski, qo‘shni davlatdagi nosozlik tufayli tizimda 6 mln kub gaz defitsiti mavjud. Shu sababli mavsumiy iste’molchilarni o‘chirgan holda, birinchi o‘rinda aholi, ijtimoiy va strategik obektlar hamda IESlarni gaz bilan ta’minlash maqsadida grafik asosida gaz quyish shoxobchalariga cheklovlarni e’lon qildik. Bu – ana shu bo‘lgan texnologik hodisa tufayli. Hozir uni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shnilar bilan birgalikda ishlayapmiz”, – dedi u.

Yig‘ilishda vaziyat taqozosi bilan gaz eksportini to‘xtatib turish masalasi ko‘tarilmadi. Bundan tashqari, ayni hozirgidek holatlarda asqotishi kerak bo‘lgan gaz omborlarining muammo yechimidagi roli haqida ham so‘z borgani yo‘q. Vazir o‘z hisobotida omborlarni to‘ldirish rejasi bajarilgani, ulardan kuniga 42 mln kubometrgacha hajmda gaz olish mumkinligini