Jahon | 11:18 / 07.10.2021
11977
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh 5 yil ichida birinchi marta o‘z yadroviy jangovar kallaklari sonini ma'lum qildi

AQSh davlat departamenti 5 yil ichida birinchi marta AQShda nechta yadroviy jangovar kallak borligi haqidagi ma'lumotni ochiqladi. Gap shundaki, AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp ushbu ma'lumotni ochiqlashni taqiqlab qo‘ygandi.

Foto: topwar.ru

2020 yil 30 sentabr holatiga ko‘ra, AQSh qurollanishida 3750ta faol va nofaol yadro kallaklari mavjud. Bu 2019 yilga nisbatan 55ta, 2017 yilga nisbatan esa 72ta kallakka kamroq.

“Ushbu ko‘rsatkich AQSh yadro quroli sobiq ittifoq bilan 1967 yilda sovuq urushning avj pallasida eng cho‘qqiga yetgan davrdan beri eng past ko‘rsatkichdir. O‘shanda AQShda 31 mingdan ko‘proq yadro zaryadi bo‘lgan”, deyilgan xabarda.

Davlat departamentida ta'kidlanishicha, ushbu statistikaning e'lon qilinishi amaldagi prezident Jo Bayden ma'muriyati Tramp vaqtida boshi berk ko‘chaga kirib qolgan Rossiya bilan yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha muzokaralarni tiklashga urinayotganidan darak beradi.

AQSh va Rossiya o‘rtasida strategik hujumkor qurollarni yanada qisqartirish va cheklash bo‘yicha kelishuv (SNV-III) ikki davlatdagi yadro kallaklari sonini cheklaydi. Biroq tomonlar kelishuv muddati tugagungacha yangi kelishuvga erisha olmasalar, unda ikki tomon ham yadro qurolini cheklashdan bosh tortishiga olib kelishi mumkin.

Kelishuvga ko‘ra, ikki davlat yadro zaryadlari sonini 1550tagacha, qit'alararo, suvosti va og‘ir bombardimonchilar ballistik raketalari sonini esa 700tagacha qisqartirishi ko‘zda tutilgan. 

O‘tgan hafta Rossiya va AQSh vakillari Jyenevada SNV-III o‘rniga keladigan kelishuvni tayyorlash bo‘yicha uchrashuv o‘tkazgan. Oq uyda muzokaralar “sermahsul” o‘tgani ma'lum qilingan.

Tinchlik muammolarini tadqiq qilish bo‘yicha Stokholm xalqaro instituti (SIPRI) ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yil yanvarda AQShda 5550ta, Rossiyada 6255ta, Xitoyda 350ta, Britaniyada 225ta, Fransiyada esa 290ta yadroviy jangovar kallak bo‘lgan. Ushbu statistika foydalanishdan chiqarilgan kallaklarni ham o‘z ichiga oladi. 

Institut, shuningdek, “yadro klubi”ga kirmaydigan davlatlar — Hindiston, Pokiston, Isroil va Shimoliy Koreyada umumiy hisobda 460ta yadroviy jangovar kallak borligini ma'lum qilgan.  

Mavzuga oid