Tramp Eronga zarba berish imkoniyatini o‘rganmoqda - OAV
Shu tariqa, AQSh saylangan prezidenti Tehronni yadro quroli yaratishiga yo‘l qo‘ymoqchi emas.
AQSh saylangan prezidenti Donald Tramp Eron yadro quroliga ega bo‘lishining oldini olish maqsadida unga zarba berish variantini ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi The Wall Street Journal (WSJ) Tramp jamoasidagi manbalarga tayanib.
«Tramp jamoasining ba’zi a’zolari endi yadroviy obektlarga zarbalar berish imkoniyatini jiddiy o‘rganmoqda (...) Eronning mintaqadagi mavqei zaiflashgani va yadroviy rivojlanishining kengayib borayotgani bo‘yicha so‘nggi dalillar ichki maxfiy muhokamalarni kuchaytirgan. Biroq, bu masala bo‘yicha barcha munozaralar endi boshlandi», deyiladi xabarda.
Trampning ko‘plab maslahatchilari va hamkorlari Isroilning Natanz, Fordo va Isfaxondagi yadroviy inshootlarga zarbalarini qo‘llab-quvvatlash, hattoki operatsiyada AQSh ehtimoliy ishtiroki haqida gap ketayotganini ta’kidlagan. Isroilning mustaqil harakatlari qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lishi noma’lum, chunki Eronning ko‘plab korxonalari yer ostida joylashgan.
Shu bilan birga, suhbatdoshlarning aytishicha, bo‘lajak ma’muriyat Tehronga maksimal bosim o‘tkazish bo‘yicha yangi strategiya ishlab chiqmoqda. Uning doirasida ikkita yondashuv taqdim etiladi. Birinchisi, Yaqin Sharqqa qo‘shimcha samolyotlar, kemalar va harbiy xizmatchilarni jo‘natish, Isroilga bunkerga zarba beruvchi ilg‘or qurollarni sotish va Tehronni muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlash uchun sanksiyalar kiritish. Ikkinchi yondashuv esa, AQShning Eronga qarshi kuch ishlatish tahdidini Eron iqtisodiyotiga katta zarar yetkazadigan sanksiyalar bilan birlashtirib, xuddi shunday natijaga erishish. Biroq, Tramp qaysi variantni tanlashi aniq emas.
Gazeta, shuningdek, siyosatchi o‘zining birinchi prezidentlik muddati tugashi bilanoq, xalqaro inspektorlar Tehronda parchalanuvchi moddalar hajmi ko‘paygani haqida xabar berganidan so‘ng, Eronga profilaktik zarbalar berish haqida o‘ylaganini ham yozdi. Keyinchalik Tramp zarba berish variantini jiddiy ko‘rib chiqqanini rad etgan.
O‘tgan hafta, gazetaning qayd etishicha, Amerika razvedkasi Eronda 12 dan ortiq yadroviy bomba yig‘ish uchun materiallar borligini ma’lum qilgan. Garchi razvedka ma’lumotlariga ko‘ra, Eron hali bunga kirishmagan bo‘lsa-da, bomba ishlab chiqarishga yaxshiroq tayyor. Avvalroq AQSh rasmiylari Eron yadro qurolini joylashtirishi uchun bir necha oy vaqt qolganini taxmin qilgan edi.
12 dekabr kuni The Times of Israel nashri manbalariga tayanib, Isroil harbiy-havo kuchlari Eron yadroviy inshootlariga zarba berishga hozirlik ko‘rayotgani haqida xabar berdi.
Mavzuga oid
18:29 / 13.12.2024
Si Jinping Trampning inauguratsiya marosimida qatnashmaydi
18:25 / 13.12.2024
KXDR fuqarolari AQSh kompaniyalariga yollanib, soxta ismlar ortidan pul topgani ma’lum bo‘ldi
14:10 / 13.12.2024
AQSh birinchi marta Dark Eagle gipertovushli raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi
11:20 / 13.12.2024