O‘zbekiston | 13:32 / 26.12.2025
7021
3 daqiqa o‘qiladi

«Jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuchimiz yetadi va buni qilamiz» – prezident

Prezident o‘zini qonundan ustun qo‘yayotgan to‘dalar, tadbirkorlarga bosim o‘tkazayotgan «ko‘cha» vakillari va sportchilarning jinoyatga aralashib qolayotganini tanqid qilib, davlat ularni jilovlashga qodir ekanini ta’kidladi. Narkojinoyatlarga qarshi kurash umummilliy harakat darajasiga ko‘tarilishi ma’lum qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tinchlik hukm surgan, qonun ustuvor bo‘lgan, fuqarolarning xavfsizligi ta’minlangan joyga investitsiya ham keladi, bu yerda turizm ham rivojlanadi, deya ta’kidladi prezident 26 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasida.

Lekin so‘nggi paytlarda o‘zini qonundan ustun qo‘ygan, tadbirkorlarga bosim qilib, ularning biznesini egallab olishga harakat qilayotgan, iqtisodiyotga jiddiy putur yetkazadigan murakkab moliyaviy jinoyatlarni sodir etayotgan, o‘zini «qozi» deb hisoblab, odamlar o‘rtasidagi oldi-berdi masalalarni hal qilib yurgan ayrim jinoiy to‘dalar ham kuzatilmoqda.

Prezident «oson pul topaman» degan ilinjda ayrim sportchilar ham bunday jinoiy to‘dalarga qo‘shilib qolayotganini ta’kidlagan.

«Yana bir yomon jihati  O‘zbekiston fuqarolaridan iborat jinoiy guruhlar ayrim chet davlatlarda ham mavjudligi yurtimizning xalqaro obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Hamma eshitib olsin: bunday jinoiy to‘dalar faoliyatiga chek qo‘yishga kuch-qudratimiz yetadi va buni albatta qilamiz! O‘zbekistonda fuqarolarimiz, tadbirkorlarimiz va investorlarni har qanday vaziyatda ham ishonchli himoya qiladigan davlat bor, Konstitutsiya bor, qonunlar bor!»  dedi davlat rahbari.

Shuningdek, dunyoda giyohvandlik xavfi aholi genofondi uchun eng katta tahdidga aylanib borayotgani, bunday xavf-xatar O‘zbekistonni ham chetlab o‘tmayotgani ta’kidlandi.

Narkotik savdosi transchegaraviy va virtual xarakterga ega bo‘lib bormoqda. Bu esa jinoyatlarni aniqlashda yangi usullarni qo‘llashni, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashni talab qilmoqda.

«Yurtimizdagi har bir bola, har bir yosh  bizning farzandimiz, ularni giyohvandlik changaliga tashlab qo‘yishga aslo yo‘l qo‘ymaymiz! Giyohvandlikni tag-tomiri bilan butkul yo‘qotish, yoshlarimizda kuchli ma’naviy-ruhiy immunitetni shakllantirish bo‘yicha barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilamiz! Bu  prezidentning topshirig‘i! Bu  ota-onalarning xohish-istagi! Bu  jamiyatning talabi!»  dedi prezident.

Yaqinda ushbu masala bo‘yicha Milliy dastur qabul qilindi. Endi narkojinoyatlarga qarshi kurashish umummilliy harakatga aylantirilib, jamiyatda bu illatga murosasiz muhit yaratiladi.

Mavzuga oid