Jahon | 23:23 / 12.02.2026
6438
20 daqiqa o‘qiladi

Turkiya va yadro quroli: geosiyosiy tahlil

Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan uning mamlakati yadroviy poygaga qo‘shilishi mumkinligini istisno qilmadi. Turkiyadek ulkan ambitsiyalarga ega davlatning bu bayonoti nimani anglatadi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar bu mavzuda atroflicha fikr yuritdi.

Dastur mehmonlari – siyosiy tahlilchilar Hikmatulla Kazakbayev, Islomxon Gafarov va Kamoliddin Rabbimov bo‘lishdi.

Hikmatilla Kazakbayev: Turkiyaning yadro quroliga ega bo‘lish masalasi birinchi navbatda Isroil tomonidan qarshilikka uchraydi. Mintaqadagi istalgan boshqa davlatning yadro quroliga intilishi ham shunday. Bu Eron bo‘ladimi, bir paytlar Iroqmi... Hatto Misrda ham 2000-yillar boshida, Husni Muborak davrida yadro quroli masalasi muhokama qilingan, lekin Isroil tufayli Misr bu g‘oyadan umuman voz kechgan.

Turkiyada ham yadroviy qurolning paydo bo‘lishiga Isroil yo‘l qo‘ymaydi. Chunki bu Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid sifatida qaraladi.

Umuman, Yaqin Sharqda Turkiya uchta raqib davlatning orasida qolib ketgan, bular – Gretsiya, Kipr va Isroil. Bu uch davlat o‘rtasida strategik hamkorlik bor, ular Sharqiy O‘rta yer dengizi sammitlarini o‘tkazishadi. Bu sammitlardan o‘ninchisi 2025 yil dekabrda o‘tkazildi. Mana shu uchta davlat aynan Turkiyaga qarshi. Gretsiyani bilasiz, orollar masalasida Turkiya bilan hududiy muammolari bor. Kiprda Shimoliy Kipr masalasi bor.

Turkiyada AESlar ishga tushishi kerak, birinchisi – Akkuyu. Rossiya bilan hamkorlikda, 2018 yildan beri qurilyapti. 2024 yilda ishga tushishi kerak edi, lekin sanksiyalar sabab muddat kechikdi. Adashmasam, oxirgi uskunalarni Siemens kompaniyasi o‘rnatishi kerak edi, lekin sanksiyalar tufayli bu ishni qila olmadi. Keyinchalik Rossiya Siemens'ning o‘rniga, Xitoydan kerakli jihozlarni sotib oldi va AESning birinchi blokini ishga tushirish 2025 yilga ko‘chdi. Lekin 2025 yilda ham bu narsa amalga oshmadi. Hozir kutilayotgani – 2026 yil oxirigacha Akkuyu AES ishga tushishi kerak. AESga ega bo‘lgandan keyin, o‘z-o‘zidan, yadroviy qurol yaratish g‘oyasi ham paydo bo‘ladi-da.

Yana bitta masala bor: sentabr oyida Turkiyaning sanoat va texnologiya vaziri Mehmet Fotih Kacir “biz o‘zimizning milliy yadroviy reaktorlarni yaratish loyihasini ishga tushirdik”. Ya’ni 2025 yilda Turkiya o‘zining milliy reaktorlarini yaratish loyihasini ishga tushirib bo‘ldi.

Endi, agar Eronda yadro quroli paydo bo‘ladigan bo‘lsa... Isroilda o‘zi shundoq ham bor, adashmasam 90 ta yadroviy kallaklari bor deyishadi (Isroil hech qachon tan olmaydi). Eronning yadro quroliga intilishi Isroil va AQSh bilan o‘rtasida qanchalik katta to‘qnashuvni keltirib chiqargan bo‘lsa, Turkiyaning yadro quroliga intilishiga ham shunchalik katta to‘sqinlik bo‘ladi.

Mana, hozir AQSh bilan Turkiya o‘rtasidagi asosiy masalalardan bittasi – bu F-35 samolyotlari. AQSh ularni yetkazib berishni 2019 yilda to‘xtatib qo‘ygan edi. Turkiya Rossiyadan S-400 havo hujumidan mudofaa tizimlarini sotib oldi, natijada AQSh F-35 yetkazib berish loyihasidan Turkiyani chiqarib yubordi. Aslida ular 100 ta sotib olishi kerak edi, hatto pullari to‘langan Turkiya tomonidan. Lekin bu loyiha to‘xtatib qo‘yildi.

Turkiya juda yaxshi biladi: Isroil Turkiyaning yadroviy qurolga ega bo‘lishiga umuman yo‘l qo‘ymaydi. Chunki Eron bilan bog‘liq mana bu hodisani ham ko‘rdi, Iroqda 1980-yillarda bo‘lgan qarama-qarshiliklarni ham unutmagan (Iroqda ham ma’lum ma’noda yadroviy loyiha bor edi).

Turkiyaning yadro quroliga intilishi Isroil bilan katta nizoni keltirib chiqaradi. Shuning uchun ham Turkiya tezroq F-35ga qaytishni xohlab yotibdi. Erdog‘an Tramp bilan sentabrdagi uchrashuvda shu narsani ko‘tardi: “Loyihaga tezroq qaytaylik, pulini ham to‘lab qo‘yganmiz, nimaga berilmayapti?” Ular qattiq talab qo‘yishyapti: S-400dan voz kechasan.

Shu kunlarda Saudiyada harbiy ko‘rgazma bo‘lyapti. Unda Saudiya F-35ga ega bo‘lganini ko‘rsatdi. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan F-35 samolyotida Saudiya Arabistoni bayroqlari turgandi. Bin Salmon Vashintonga borganida shu masalani ko‘targani aniq. Lekin yetkazib berish hali boshlanmagan, AQSh cho‘zyapti. Hozir Yaqin Sharqda faqatgina Isroilda F-35 samolyotlari bor. Ertaga Saudiyada paydo bo‘lsa, bu o‘z-o‘zidan bu Isroilga ham tahdid hisoblanadi. Chunki Isroildagi hozirgi ustunlik bu havodagi ustunlik-da. Biz buni Eron bilan mojaroda ko‘rdik. Shuning uchun ham Turkiyaning AES haqidagi fikrlari Isroilda juda jiddiy qabul qilingan bo‘lishi kerak.

Islomxon Gafarov: Turkiya tashqi ishlar vaziri tomonidan mana shunaqa fikrlar, imo-ishoralar paydo bo‘lishini yirik geosiyosiy jarayonlar bilan bog‘lagan bo‘lar edim. Mana, Amerika Qo‘shma Shtatlari tomonidan bugungi kunda NATOga hamda G‘arbiy Yevropa mamlakatlariga qanaqa munosabat bildirilyapti? Qo‘shma Shtatlar iloji boricha NATO bo‘yicha yukni Yevropaga tashlayapti, bunga nisbatan Yevropa rahbarlari keskin fikrlar bildiryapti. Ammo NATOning a’zosi faqat Yevropa mamlakatlari emas, Turkiya – NATOning ikkinchi darajali mamlakati hisoblanadi.

O‘ylashimcha, AQShda NATOga nisbatan shakllanayotgan yangi munosabat Turkiyani AES masalasida fikrlashga undayapti. Agar NATO borgan sari mo‘rtlashib, sustlashib boshlasa, Qo‘shma Shtatlar unga ikkilamchi tashkilot sifatida qaray boshlasa, unda Turkiyaning ahvoli nima bo‘ladi, degan savol paydo bo‘lyapti. Yevropa mamlakatlari bu haqda qayg‘uryapti, ammo Yevropaning, xususan Fransiya va Britaniyaning yadro qurollari bor. Lekin Turkiyada bu qurol yo‘q. Ya’ni bunaqa fikrlarning paydo bo‘lishiga katta ehtimol bilan mana shu NATOga bo‘lgan munosabat o‘zgarishi sabab bo‘lyapti. Chunki Turkiya o‘zining xavfsizligiga o‘zi qayg‘urishi kerak bo‘lyapti.

Mintaqada Isroil kuchayib boryapti. Uning Eronga va hatto Qatarga zarba berishlaridan keyin, Saudiya Arabistoni Pokiston bilan yaqinlashib ketdi. Ikkalasi mudofaa paktini imzoladi. Nega? Chunki Saudiya Arabistoni ham Pokistonning yadro quroliga tayana boshladi. Ikkalasi ham musulmon davlati. Lekin bu fonda Turkiya kimga borsin? Fransiyaga bora olmaydi, Buyuk Britaniyaga, Rossiyaga, Xitoyga yoki Pokistonga ham qo‘l uzata olmaydi.

Kamoliddin Rabbimov: Lekin Pokiston–Saudiya ittifoqiga Turkiya ham yaqinda qo‘shildi-ku.

Islomxon Gafarov: Ha, yaqinda Turkiya ham qo‘shildi. Lekin Turkiya – Pokistonga bog‘liq bo‘lib, harbiy jihatdan qaram bo‘lish niyatidagi davlat emas. U o‘zida xulosani ko‘ryaptiki, Turkiya o‘zi yaratishi kerak shu narsani. Iqtisodiyoti ko‘taradi, geosiyosiy vazni ham bor.

Mintaqada qaysidir davlat, Eronmi yoki Saudiya Arabistonimi, yadro quroliga ega bo‘lmasdan turib ham Turkiya bunga intiladi, demoqchimisiz?

Islomxon Gafarov: Shunday. Hozir so‘zimning ikkinchi qismiga kelyapman. Eronning holatini ko‘rdik, Hoqon Fidanning o‘zi ham aytib o‘tdi, Eron yadro quroliga ega bo‘lishdan biroz yiroqroq hozir deb aytdi. “Mintaqadagi boshqa davlatlar” deganda, katta ehtimol bilan gap Isroil haqida ketyapti.

Hozir Turkiya harbiy jihatdan diversifikatsiyaga intilyapti. Mana, Hikmatulla aka ham aytdi, Rossiya Federatsiyasidan C-400ni sotib olishi – bu NATOga bog‘liq emas, balki o‘zining harbiy-mudofaa kompleksini iloji boricha diversifikatsiya qilishga intilayotganini ko‘rsatadi.

Va keyingisi – bu liderlik masalasi. Mana, so‘nggi yilda geosiyosiy jihatdan Turkiya katta yutuqlarga erishdi. Suriyada hokimiyat almashib, Rossiyaning bu yerdan chiqib ketishi yoki yaqinda Iroqdan Amerika qo‘shinlari chiqib ketishi – bu hududlarda Turkiyaning vazni oshishiga olib keldi. Eronning kuchi kamayishi, bu shunaqa bir tarixiy vaziyatni yaratyaptiki, Turkiyaning vazni Yaqin Sharqda va nafaqat Yaqin Sharqda, butun dunyoda ham oshishiga olib kelishi mumkin.

Esingizda bo‘lsa, 2022 yilda Erdo‘g‘an bir nutq so‘zlagan edi. “Turkiya bundan buyog‘iga mintaqaviy emas, balki jahon, global kuch markazi bo‘lishga intiladi” degan bir fikrlar aytgan edi. Men eslayman, o‘shanda rus OAVda juda katta aks-sado bergandi. Rossiyaning Ukraina va boshqa qo‘shnilaridan tashqari, turklar bilan ham alohida qarama-qarshiligi bor. Tarixda 7 marta rus-turk urushlari bo‘lib o‘tgan. Shu sabab har gal Turkiyada biror katta ambitsiya paydo bo‘lib qolsa, Rossiya qo‘rqa boshlaydi. Erdo‘g‘anning o‘sha nutqidan keyin, rus matbuotida “Tursiya stremitsya stat mirovoy derjavoy” degan mazmunda juda kshchp maqolalar chiqqan edi. Ammo keyin oradan biroz vaqt o‘tib, Turkiyada zilzila bo‘lib ketgandan bu narsalar ikkinchi planga o‘tib qoldi.

Hoqon Fidanning bu gaplari – yana mana shu global yetakchi davlatlar qatoriga qo‘shilish va shu darajada o‘zini ko‘rishga bir imo-ishora bo‘lishi mumkin. Chunki harbiy jihatdan Turkiya kuchli mamlakat, o‘zining dronlari, zamonaviy harbiy texnologiyalari bor. Bu qurollarni boshqa mamlakatlarga ham, xususan Ozarboyjonga yetkazib beryapti. Bo‘lajak paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan yadro quroli Turkiyaga harbiy emas, balki siyosiy, diplomatik vosita beradi. Ya’ni yadro quroliga egalik qilish – mintaqada va dunyo hamjamiyatida o‘zini ko‘rsatish, boshqa mamlakatlarni ortidan ergashtirib ketish imkoni demakdir.

Bu xuddi Pokiston haqida: “Islom olamining atom bombasi Pokistonda” deyishlariga o‘xshaydi. Turkiya o‘zini “turk olamining atom bombasi Turkiyaning qo‘lida” yoki “musulmon olamining yadro quroli ham Turkiyada” degan pozitsiyani egallab, boshqa mamlakatlar, arab mamlakatlari ham unga ergashadigan davlat sifatida gavdalantirishni istashi mumkin.

Yevropa bilan Turkiyani birlashtirib turgan narsa bu – NATO, albatta. Agar uning ildizlari quriyversa, o‘z-o‘zidan Turkiya Yevropa bilan raqobatni kuchaytiradi. Turkiya–Yevropa raqobati Yevropadagi alohida bir davlatga bog‘liq emas. Misol uchun, Turkiya–Germaniya, Turkiya–Fransiya emas. Turkiya hamisha “Turkiya va Yevropa” degan kontekstda raqobat qiladi. Ya’ni bir o‘zi butun Yevropaga qarshi turgisi keladi. Tarixdan buni ko‘rsatgan. Yadro quroliga kelajakda ega bo‘lishi uning statusini, xalqaro statusini oshiradi. Bu katta ehtimol bilan mudofaa emas, status masalasiga bog‘liq.

Rahmat. Kamoliddin aka, endi Turkiyaga imkon berilarmikan, ya’ni bunga erisha olarmikan degan savol bor.

Kamoliddin Rabbimov: Qarang, siz berayotgan savolingiz biroz spekulyativ. Birinchidan, Turkiya shu kunlarda, umuman, bu yaqin yillarda yadroviy qurolga intilayotgani yo‘q. Turkiya Eron yo‘lidan bormaydi. Turkiyaning asosiy intilishi nimada? Energetikada.

Ko‘pchilik G‘arb davlatlari, avvalambor Amerika yoki Isroil ham Eronga aytadiki: “Senda neft va gaz ko‘p bo‘lsa, senga yadroviy texnologiyalar nimaga kerak?” deydi. Lekin Turkiyada vaziyat butunlay boshqacha. Turkiya aholisi 90 milliondan oshiq bo‘lishi bilan birgalikda, neft va gazni to‘liq sotib oladi. Shuning uchun Turkiyaning yadro energetikasiga intilishi, Rossiya bilan yuqorida aytilganidek Akkuyu AESni qurishi – bu energetik xavfsizlik masalasi.

Xo‘p, kelajakda vaziyat o‘zgarishi mumkinmi? O‘zgarish ehtimoli har doim bor. Atom energetikasi ikki maqsadli texnologiya hisoblanadi. Chunki uranni ma’lum bir darajada boyitgandan keyin, uni yana qo‘shimcha boyitish va yadro qurolini yasash ancha osonlashib qoladi. Shuning uchun hamki, dunyoda bir davlat ikkinchi davlatga atom energetikasini berishda aynan xavfsizlik prizmasi orqali qaraladi.

Xo‘p, endi mintaqada asosiy o‘zgarayotgan vaziyat nima? Aynan 2025 yilda mintaqaning barcha davlatlari tafakkuri kardinal o‘zgardi. Aynan Isroilga munosabat o‘zgardi. Chunki Amerika, mana Tramp hokimiyatga kelganidan keyin, bosqichma-bosqich Yaqin Sharqdan chiqib ketmoqchi. Xo‘p, unda bu yerda kim qoladi, degan savol bor. Amerika Yaqin Sharq mintaqasini aynan Isroilga topshirib chiqib ketmoqchi. Bu yerda men chiqib ketaman, lekin bu yerdagi asosiy o‘rinbosarim bu Isroil bo‘ladi, degan proyekt bor, xolos.

Shuning uchun Ismatulla aka aytgan gap 100 foiz to‘g‘ri: Isroil bu yerda kuchli, barqaror, qudratli davlat bo‘lishini istamaydi. U Saudiya bo‘ladimi, Turkiyami, ahamiyatsiz. Mana, bugungi kunda Isroil bilan Arab Amirliklari o‘rtasida munosabatlar ancha yaxshi. Lekin Arab Amirliklari Isroil bilan yaxshi bo‘lib, qo‘liga agar yadroviy texnologiya olaman desa, Isroil shu zahoti to‘polon ko‘taradi. “Ha, sen bugun indamasdan men bilan yaxshi bo‘lib olib olasan, undan keyin senda ambitsiya paydo bo‘ladi”, deydi. “Senga mumkin emas, hech biringga mumkin emas!” deydi.

Mana, Isroil Somalilend degan joyni tan oldi, bitta o‘zi. Arab Amirligi orqali Yamanda ma’lum bir siyosiy loyihalarni qilyapti. Qizil dengizni to‘liq nazoratga olmoqchi. O‘rta Yer dengizida yuqorida aytilganidek Kipr va Gretsiya bilan birga uchlikni tashkil qilgan. Va ularning birinchi nishoni, tabiiyki, Turkiya. Turkiyani o‘rash.

Turkiyaning tashqi siyosat markazida Gretsiya turmaydi, lekin Gretsiyaning tashqi siyosat markazida Turkiya turadi. Turkiya “A” desa, Gretsiya doim aytadi: “Demak, men B deyman”, deydi. “A”ni takrorlamaydi u. Ular ikkalasi ham NATOning a’zosi bo‘lsa-da, raqobat juda kuchli, tarixan shakllangan raqobat bor.

Isroil Yaqin Sharq mintaqasini to‘liq qayta formatlamoqchi. Shu sabab, mana, hali 10 kun bo‘lmadi, Saudiya Arabistoni bilan Pokiston o‘rtasidagi mudofaa paktiga Turkiya qo‘shildi. Bu juda ham katta o‘zgarish. Uchalasida uchta resurs bor. Pokistonning harbiy qudrati juda katta, va bu faqat atom bomba emas. U yerda aviatsiya juda ham kuchli, harbiy salohiyatning boshqa parametrlari ham yuqori. Saudiya Arabistonida neft va katta pullar bor. Turkiyada esa harbiy texnologiyalar, harbiy malaka va NATO standartlari bor. Mana shu uchalasi birlashyapti, fokusda – tabiiyki, Isroilga qarshi turish. Amerika va Isroilga qarshi turish.

Chunki 2025 yilda Isroil hatto Amerikaning mintaqadagi asosiy, beqiyos ittifoqchisi bo‘lgan Qatarga ham hujum qildi. Amerikaning eng katta harbiy bazasi – Qatarda. Mana, Saudiya yillardan beri F-35ni so‘raydi. Amerika “beraman” deydi, lekin bugun Saudiya ham, Turkiya ham, boshqa davlatlar ham yaxshi biladiki, Amerikaning Patriot tizimini sotib oladigan bo‘lsa va Isroilning F-35lari keladigan bo‘lsa, Patrior joyidan qo‘zg‘almaydi. Ya’ni Amerika bergan texnologiyalarning hammasida Isroilning chipi bo‘ladi. Isroil bemalol kelib Saudiyaning ustida uchishi mumkin, Saudiya u knopkani bosgani bilan ishlamaydi, Isroilga qarshi metallolomga aylanadi.

Shuning uchun ham mintaqada imkon qadar Isroilga qarshi turish uchun Amerikadan mustaqil bo‘lishimiz kerak, degan tafakkur pishib yetildi. Va o‘ylaymanki, vaqt-soati bilan, Turkiya o‘ziga hozirgi paytdagi eng muhim tiyib turish instituti bo‘lmish yadroviy texnologiyalarni qo‘lga kiritishga harakat qilishi mumkin. Lekin bugungi kunda unday masala qo‘yilmayapti, deb o‘ylayman.

Gretsiya bilan bog‘liq yana bitta masala bor-da. Boya Islomxon aytdi-ku, NATOdagi parchalanish masalasi. Agar NATOda shunaqa parchalanish bo‘ladigan bo‘lsa va o‘z-o‘zidan Fransiya yoki ma’lum bir davlatlar NATOdan chiqib ketsa, AQSh ishtirokini to‘xtatsa, o‘z-o‘zidan Turkiya uchun bu imkoniyat bo‘ladi – tarixiy hududlarni qaytarish. Gretsiya bilan juda ko‘p orollar masalasida muammolari bor.

Turkiyaning shundoqqina yonidagi orollar ham hozirgi kunda Gretsiyaga tegishli. Turkiyani hozirgi kungacha to‘xtatib turgan narsa bu – aynan NATOga a’zoligi. NATOga a’zoligi tufayligina Gretsiya bilan harbiy konfliktga bormayapti. Lekin Turkiya kelajakda global davlatga aylanmoqchi ekan, uning dengizdagi erkinligiga hech qanaqangi cheklovlar bo‘lishi kerak emas. Uning dunyo okeaniga yoki umuman dengizga chiqishi ma’lum ma’noda Gretsiyaning hududlari orqali o‘tadi. Ya’ni yonginasida, juda-juda yaqin joylashgan Gretsiyaga tegishli orollar mavjud. Tarixiy nuqtayi nazardan ham, asrlar davomida bu orollar Turkiyaga, ya’ni Usmoniylarga tegishli bo‘lgan.

Turkiya hozirgi kunda dengiz qudrati bo‘lishga intilib yotibdi. Mana, Isroil Somaliland bilan qilgan bo‘lsa, Turkiya Somali atrofida hozirgi kunda harbiy bazalar qurmoqchi, dengiz tarafda. Ya’ni Somalida neft chiqqan, dengiz hududlaridan, o‘shani qazib olmoqchi. Undan tashqari, hozirgi kunda u aynan mana shu hudud orqali o‘zining Afrikadagi harbiy ishtirokini ham oshirmoqchi.

Ikkinchi tarafdan, Turkiyaning Liviyadagi hozirgi fuqarolar urushi paytidagi ishtiroki masalasi bor. Turkiyaning baribir global davlatga aylanishi bu dengiz bilan bog‘liq. Turkiya global davlatga aylanmoqchi ekan, o‘z-o‘zidan mana shu orollarni qaytarishi kerak. Ya’ni uni hech qanaqangi cheklab qo‘yadigan bir to‘siqlar bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun ham o‘zining navbatini kutib yotibdi Turkiya. “Qachon shunaqa voqea yuz bersa, biz tarixiy yerlarimizni qaytarsak”, degan ambitsiya bor.

Rahmat. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘taman: Global Firepower 2026 yilgi reytingiga ko‘ra, harbiy qudrat jihatdan Turkiya dunyoda 9-o‘rinda, Gretsiya esa 30-o‘rinni egallab turibdi.

Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Muallif Нормуҳаммадали Абдураҳмонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid