O‘zbekiston | 19:08 / 02.11.2023
6536
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi avtobuslarda chiptachilar xizmatidan bosqichma-bosqich voz kechiladi

Avtobuslarga elektron to‘lov qilish tizimi 80 foizga yetkazilgach, chiptachilar (konduktor) xizmatidan voz kechiladi, ularning o‘rniga avtobus nazoratchilari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Eng avvalo aholining o‘zida to‘lov qilish madaniyati shakllanishi muhim ekani aytildi.

2 noyabr kuni AOKAda transport rasmiylari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda poytaxt transport tizimini kompleks rivojlantirish loyiha ofisi rahbari Murod Obidov ishtirok etib, Kun.uz muxbirining avtobuslarda chiptachilardan qachon voz kechilishi haqidagi savoliga javob berdi. Uning aytishicha, Qozog‘istonning Olmaota shahrida naqd pulda to‘lov qilish elektron shakliga nisbatan 2 barobar qimmat qilinib, “konduktor”larni ishdan bo‘shatishgach, umumiy tushum miqdori 47 foizga pasayib ketgan. 

“Bu holatdan zarar ko‘radigan birinchi navbatda, albatta, davlat bo‘ladi. Chunki davlat brutto-shartnoma tizimidagi barcha mablag‘ni bir fondga yig‘ib, tashuvchi uchun bajarilgan ishlarning hajmi va sifati bo‘yicha pul to‘lab beradi. Boshlang‘ich davrda [chiptachilardan] bosqichma-bosqich voz kechamiz, lekin aholimiz to‘lov madaniyatini to‘liq o‘zlashtirib, har bir fuqaro o‘zining avtobus uchun qiladigan elektron tarzdagi to‘lovini ham shu sohani qo‘llab-quvvatlaydigan vosita sifatida ko‘rishi kerak”, – dedi Murod Obidov.

Ta’kidlanishicha, avtobus va metroga elektron to‘lov qilish 80 foizga yetkazilgach, “konduktor”lardan voz kechish amaliyoti qo‘llanadi va parallel ravishda ayrim yo‘nalishlarda nazoratchilar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. 

Mas’ulning qo‘shimcha qilishicha, vaziyatda elektron to‘lov qilish darajasini oshirish uchun naqd puldagi yo‘lkira narxlari 2024 yilda aholi takliflari, mutaxassislar hisob-kitoblariga asosan qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

“Toshkent shahrida jamoat transporti cheklangan tariflar asosida ishlaydi. Cheklangan tariflarning miqdorini belgilash amaldagi qonunchilik va normativ hujjatlarga ko‘ra, mahalliy hokimlik organlari, ya’ni Toshkent shahar hokimining qarori bilan belgilanadi. Bugungi kunda belgilangan tariflar aynan siz aytib o‘tgan naqd puldagi to‘lovlar ulushini kamaytirib, elektron to‘lovlarni rag‘batlantirishga qaratilgan. Ya’ni shu yo‘nalishda ketyapmiz. Bunda tariflarning [yana qayta] o‘zgarishi hozirda joriy etilgan tariflarning natijasiga qarab chiqib, keyinchalik ko‘tariladigan masala. Hozir bu tariflarni ishga tushirishdagi natijani ko‘rishimiz lozim”, – dedi u. 

Eslatib o‘tamiz, 1 noyabrdan Toshkentda jamoat transportida yo‘lkira narxlari o‘zgargandi. Qatnov uchun qat’iy belgilangan yo‘l haqi — naqd bilan to‘lashda 2000 so‘m, bank yoki ATTO kartasi bilan to‘lashda 1700 so‘m etib belgilangandi.

Mavzuga oid