Toshkent shahri jamoat transportida (avtobus va metro) 1 noyabrdan yangi – qo‘shimcha va rag‘batlantiruvchi tariflar joriy etilmoqda.
“Toshshahartransxizmat” xabariga ko‘ra, bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tariflar naqd pul orqali 2000 so‘m, ATTO transport kartalari va bank kartalari orqali to‘lov uchun esa 1700 so‘m etib belgilandi.
Yo‘lovchilar ATTO transport kartalaridan foydalangan holda 1 soat ichida ikkinchi marotaba avtobusdan foydalansalar, yo‘l haqi uchun 700 so‘m to‘laydi. 1 soat davomida yo‘lovchilar avtobusdan uchinchi va to‘rtinchi marotaba ma’lum bir manzilga harakatlanishi esa bepul bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bank kartalari orqali to‘lov qilganda yo‘l haqi naqd to‘lovdagi kabi 2000 so‘m bo‘lishi e’lon qilingan, lekin bu jamoatchilik orasida e’tirozlarga sabab bo‘lgandi. Yuqoridagi xabardan kelib chiqilsa, bu e’tirozlar inobatga olingan va naqdsiz to‘lovlar (ATTO va bank kartalari) uchun birdek 1700 so‘mlik tarif belgilangan.
Shu bilan birga, 1 soat ichidagi qatnovlar uchun tabaqalashgan imtiyozli narxlardan faqat ATTO kartasi yordamida foydalanish mumkin.













