O‘zbekiston | 13:47 / 24.01.2021
13955
3 daqiqa o‘qiladi

Zangiotadagi bog‘cha rahbarlari salkam 1 milliard so‘mni talon-toroj qilishda ayblanmoqda

Ayblovga ko‘ra, bog‘cha mudirasi va boshqalar 6 yil ichida aslida u yerda ishlamaydigan 37 kishiga maosh hisoblab yurgan, shulardan 4 nafari – mudiraning yaqin qarindoshi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Zangiota tuman bo‘limi va Maktabgacha ta'lim vazirligi mutaxassislari tumandagi 16-sonli bog‘chada tekshirish o‘tkazdi. Bu haqda har ikki idora matbuot xizmati xabar qildi.

Tekshiruvda aniqlanishicha, MTT mudirasi va boshqalar 2014–2020 yillar davomida aslida bog‘chada ishlamaydigan 37 kishini ishga qabul qilib, hujjatlarni qalbakilashtirgan va 983,5 mln so‘m budjet mablag‘ini talon-toroj qilgan.

37 kishidan 4 nafari mudiraning yaqin qarindoshi ekani aytilmoqda.

Bog‘cha mudirasi va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Bog‘chalardagi «o‘lik jonlar»

MTVning Ichki audit, moliyaviy va huquqiy nazorat xizmati boshlig‘i Dilshod Normatov 2020 yil noyabrida Kun.uz'ga bergan intervyusida tizimdagi eng katta muammolardan biri deya MTTlardagi «o‘lik jonlar»ni aytgan edi.

«O‘lik jonlar» – maktabgacha ta'lim tashkilotiga turli lavozimlarga rasmiylashtirilgan, lekin aslida tashkilotda ishlamaydigan xodimlar. Bu yo‘l bilan bog‘cha mudirasi «o‘lik jon» xodimlarga yozilgan ish haqlarini noqonuniy o‘zlashtiradi, ishlamaydigan «o‘lik jon» xodimlar esa noqonuniy mehnat stajiga ega bo‘ladi.

Audit tekshiruvlarida 2019 yilda 750 nafar, 2020 yilda 446 nafar «o‘lik jon» aniqlandi va to‘plangan hujjatlar yakuniy surishtiruv ishlarini olib borish uchun prokuratura organlariga topshirilgan.

«O‘lik jonlar» bolalarning ta'lim-tarbiya olishiga va ularning MTTda tarbiyalanishi sifatiga salbiy ta'sir etib kelmoqda. Masalan, musiqa rahbari «o‘lik jon» bo‘lsa, demak, bolalar musiqadan bilim ololmaydi. Hovli supuruvchi ishlamasa, o‘rniga boshqa xodimlar o‘z vazifasini tashlab, hovli supurishga majburlanadi. Bu – xodim o‘zining vazifasini bajarishiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi», – degandi Dilshod Normatov.

Mavzuga oid