Jamiyat | 13:03 / 23.01.2024
5590
2 daqiqa o‘qiladi

“Badbo‘y hididan nafas olyapmiz” – So‘xda kanalizatsiya suvi ariqqa oqmoqda

Farg‘ona viloyati So‘x tumanining Navobod mahallasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning kanalizatsiya tarmog‘i nosozligi tufayli ariqlarga oqmoqda. Atrofni badbo‘y hid qoplagan. Mas’ullar negadir muammoni bartaraf qilishga shoshilmayapti.

Ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolarning ma’lum qilishicha, kanalizatsiya tarmog‘i suvi ariqdagi aholi foydalanadigan suvga qo‘shilib oqyapti. Aholi tegishli tashkilotlarga masalasi yuzasidan murojaat qilishgan. Biroq natija bo‘lmagan.

“120 xonadonga mo‘ljallangan 4 ta 5 qavatli uy qurilib, 2023 yilda foydalanishga topshirilgan. Bir yildan beri kanalizatsiyaning badbo‘y hididan nafas olib o‘tiribmiz. Ayniqsa yoz oylarida derazani ochib bo‘lmaydi. Uyni 20 yil muddatga ipoteka krediti asosida sotib olganmiz. Kanalizatsiya tarmog‘i noto‘g‘ri yotqizilgan.

Tegishli tashkilotlarga chiqqanmiz, lekin natija yo‘q. O‘zimiz pul to‘plab, mashina chaqirib tozalatamiz, lekin yana oqova suv otilib chiqib ketaveradi. Eng achinarlisi, iflos suv odamlar foydalanadigan ariq suviga qo‘shilib ketyapti. Holatga hech kim e’tibor qaratmayapti”, deydi ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolardan biri.

So‘x tumani Suvta’minot bo‘limi rahbari Farhodjon Azimbekovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ko‘p qavatli uyning kanalizatsiya tarmog‘i “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi Farg‘ona viloyati filiali buyurtmasi asosida “Namunali yuksalish” hamda “Shoh mega invest” MChJlar tomonidan ishga tushirilgan. Kanalizatsiya quvuriga chiqindi tashlanishi oqibatida oqova suvni tortib berayotgan nasoslar ortiqcha yuklama bilan ishlab, nosoz holatga kelib qolgan.

Farhodjon Azimbekovga ko‘ra, tez orada quruvchi bilan kelishgan holda muammo hal etiladi.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz

Mavzuga oid