Sport | 16:00 / 28.07.2021
43987
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat Bobonov O‘zbekistonga Tokio Olimpiadasida yana bir medal olib keldi

2020 yil O‘zbekistonning eng yaxshi sportchisi nomiga sazovor bo‘lgan dzyudochi Davlat Bobonov Tokio-2020da bronza medalini qo‘lga kiritib, delegatsiyamizga ikkinchi medalni taqdim qildi.

Dzyudochi Davlat Bobonov Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston delegatsiyasiga ikkinchi medalni taqdim qildi.

-90 kg vazn toifasida kurashgan Bobonov bronza uchun kurashda turkiyalik Mixael Zgankka qarshi tatamiga chiqdi. Birinchi raunddayoq uning ijrosidagi usul vazari/ippon bilan baholandi va ushbu g‘alaba Bobonovning sovrinlari jamg‘armasiga Olimpiada medalini ham qo‘shib qo‘ydi.

Bobonov bu medal uchun bugun beshta jang o‘tkazdi. U dastlab italiyalik Nikolas Mungayga qarshi gilamga chiqib, bitta vazari bahosi evaziga g‘alaba qozondi. Ikkinchi davrada esa ukrainalik Kedjau Nabaliga qarshi gilamga chiqib, birinchi raunddayoq mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalga yo‘l oldi.

Ammo bu bosqichda u Yevropa chempioni, gruziyalik Lasha Bekauri bilan bahsda dzyudo qoidalariga zid harakati uchun (raqib hujumida bosh bilan noto‘g‘ri harakat) hakam tomonidan qizil kartochkaga loyiq ko‘rildi va mag‘lubiyatga uchradi.

Shundan so‘ng Bobonov bronza medali uchun kurashadigan bo‘ldi. O‘tish bahslarida ikki karra jahon chempioni kelib chiqishiga ko‘ra gruzin bo‘lgan, Ispaniya nomidan qatnashayotgan Nikoloz Sherazadishviliga qarshi kurash olib bordi. Bu jangning asosiy 4 daqiqasida hisob ochilmagach, oltin ochko uchun jangda g‘olib aniqlandi. Jami 10 daqiqa 5 soniya davom etgan kurashda Bobonov vazari evaziga g‘alaba qozonib, bronza uchun kurashish imkonini qo‘lga kiritdi.

Bronza uchun Mixael Zgankka qarshi gilamga chiqqan Davlat Bobonov dastlab ogohlantirish olgan bo‘lsa-da, ippon evaziga g‘alaba qozondi.

Shu tariqa, O‘zbekiston delegatsiyasi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlaridagi ikkinchi, dzyudo bellashuvlaridagi dastlabki medaliga sazovor bo‘lmoqda.

Mavzuga oid