10:00 / 20.12.2019
0
15338

Yaponiya Orolbo‘yi aholisi hayotini yaxshilash uchun 346 million iyena beg‘araz yordam ajratadi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga rasmiy tashrifi davomida ko‘plab hujjatlar imzolandi. Dunyoning eng rivojlangan mamlakatlaridan hisoblangan Yaponiya O‘zbekistonning Orolbo‘yi hududidagi holatga befarq emasligini ma'lum qildi.

Kun.uz muxbirining xabar qilishicha, Yaponiya murakkab ekologik holatda bo‘lgan Orolbo‘yi hududi aholisining hayot darajasini yaxshilash uchun 346 million iyena miqdorida beg‘araz yordam ajratadigan bo‘ldi (3,2 million AQSh dollari atrofida). Tomonlar bu borada imzolangan notalarni almashdilar. O‘zbekiston tomoni bu kelishuvni yuqori hurmat belgisi sifatida qabul qildi.

Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe OAV uchun o‘tkazilgan brifingda bu borada o‘z fikrlarini bildirdi.

«Yaponiya hukumati Orolbo‘yi hududidagi murakkab ekologik vaziyatni tushungan holda bu hudud aholisining hayot tarzini yaxshilash maqsadida xalqaro tashkilotlar ishtirokida o‘z hissasini qo‘shmoqchi», deydi u.

Uchrashuvlar vaqtida ushbu hamkorlikni amalga oshirish O‘zbekiston hukumati tomonidan BMT bilan hamkorlikda tashkil etilgan Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasining maqsadlariga mos kelishi ta'kidlandi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top