O‘zbekiston | 13:45 / 14.03.2023
10941
10 daqiqa o‘qiladi

“Samosud”ga yechim, tuhmatga qarshi chora va “chekinayotgan” qiynoq – yangi konstitutsiyada aybsizlik prezumpsiyasi

Xalqimizda tuhmat baloga tenglashtiriladi: o‘t, suv va tuhmat balosidan o‘zi asrasin, deymiz. Asossiz ayblanib, yana kamiga jazoga tortilishdan ortiq adolatsizlik bo‘lmasa kerak. Yaqin va uzoq o‘tmishimizda quruq tuhmat va bo‘htonlar bilan ayblanib, jazoga hukm qilinganlar oz emas. Bunday holatlarning oldini olish uchun aybsizlik prezumpsiyasi konstitutsiya bilan mustahkamlanmoqda.

Foto: Farhod PRIMOV

Oxirgi olti yilda jinoyat ishida shaxsning aybi to‘la isbotlanmasdan turib, unga jazo tayinlash amaliyotiga chek qo‘yish, aybsizlik prezumpsiyasini qat’iy ta’minlash borasida qator ishlar amalga oshirildi. 2016-2022 yillarda 421 468 nafar shaxsga nisbatan 324 463 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Shundan 4740 nafar shaxs oqlangan. Bu yillarda chiqarilgan oqlov hukmlari oldingi davr bilan solishtirganda 43 barobarga ko‘paygan.

Aybsizlik prezumpsiyasi jinoyat protsessida shaxs huquqlarini himoya qilishning eng muhim kafolatlaridan biri hisoblanadi. Ushbu huquq shaxsni adolatli sud qarorisiz ayblashdan himoya qiladi hamda uni o‘zining aybsizligini isbotlab berish majburiyatidan xalos etadi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan aybsizlik prezumpsiyasi chekinib bo‘lmaydigan va cheklab bo‘lmaydigan mutlaq huquq sifatida e’tirof etilgan.

Bugungi kunda aybsizlik prezumpsiyasi inson huquqlariga oid eng muhim standartlardan biri sifatida quyidagi tarkibiy elementlardan tashkil topgan:

–    aybni isbotlash majburiyati ayblov tarafning zimmasiga yuklanadi;

–    ayb asoslangan shubhalar bo‘lmagan holda isbotlanmaguncha, aybdorlikka doir shubha qilib bo‘lmasligini kafolatlaydi;

–    shubhalar doimo ayblanuvchi foydasiga hal qilinishi kafolatlanadi va jinoyat sodir etganlikda ayblanuvchiga nisbatan ushbu tamoyilga muvofiq munosabatda bo‘lish talab etiladi.

Milliy qonunchiligimizda aybsizlik prezumpsiyasining xalqaro huquqda belgilangan barcha jihatlari o‘zining ifodasini topgan. Amaldagi Konstitutsiyaning 26-moddasida jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan har bir shaxsning ishi sudda qonuniy tartibda, oshkora ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi belgilangan. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 23, 84, “Sudlar to‘g‘risida”gi qonunning 16-moddasida, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning

6-moddasida aybsizlik prezumpsiyasi qoidalari belgilangan. Aybsizlik prezumpsiyasining huquqiy asoslari turli qonunchilik hujjatlarida belgilanishi huquqni qo‘llashda yagona yondashuvlarning shakllanishiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatmoqda. Ayrim holatlarda aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilishdan chekinish holatlariga yo‘l qo‘yilyapti. Qolaversa, aybsizlik prezumpsiyasi shaxsning eng muhim huquqlaridan biri hisoblanganligi sababli uni asosiy qonunda to‘laligicha ifodalash maqsadga muvofiq.

Yangilanayotgan konstitutsiyada aybsizlik prezumpsiyasining barcha jihatlari to‘liq o‘z ifodasini topmoqda.

Birinchidan, shaxsning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan belgilanmaguncha aybsiz deb hisoblanishi belgilanmoqda.

Shaxsni aybdor deb topishga faqat sud vakolatli ekani aybsizlik prezumpsiyasining oltin qoidalaridan biri hisoblanadi. Suddan boshqa organlar har qanday holatda ham shaxsni aybdor deb topishga haqli emas. Sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi mavjud bo‘lgandagina shaxsni aybdor deb hisoblash mumkinligining belgilanishi shaxsni huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘zboshimchalik bilan ayblash va javobgarlikka tortishdan himoya qiladi. Qolversa, ushbu qoida so‘ngi yillarda fuqarolar o‘rtasida keng uchrayotgan “samosud” holatlariga chek qo‘yishga ham xizmati qiladi;

Ikkinchidan, ayblanuvchi o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar bilan ta’minlanadi. Ayblanuvchi har doim himoyalanish imkoniyatga ega bo‘lishi lozim. Ayblanuvchiga himoyachiga ega bo‘lish hamda uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda u bilan xoli uchrashish imkoniyati kafolatlanadi.

Ayblov bilan bog‘liq protsessual jarayon o‘ziga xos murakkabliklarga ega bo‘lib, bunda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchilar albatta malakali yuridik yordamga ehtiyoj sezadi. Himoyachining ishda ishtirok etishiga jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligiga bo‘lgan huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab ruxsat etiladi.

Belgilangan hollarda advokatlar tomonidan ko‘rsatilgan yuridik yordam uchun davlat hisobidan qoplanadi.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va mahkumning himoya huquqi jinoyat-sudlov ishlarini yuritishda asos qilib olinuvchi prinsiplardan biri sifatida ish bo‘yicha qonuniy, asoslantirilgan va adolatli qaror qabul qilinishini kafolatlaydi.

Jinoyat ishini yuritishga mas’ul barcha davlat organlari va mansabdor shaxslar (surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya) gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga uning huquqlarini tushuntirishlari va o‘ziga tegishli himoya huquqidan amalda foydalanishi uchun real sharoit yaratib berishlari shart.

Uchinchidan, aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi  nazarda tutilmoqda.

Shaxsning aybiga oid aniqlanishi lozim bo‘lgan, ammo tergov yo‘li bilan isbotlashning imkoni bo‘lmagan har qanday holat gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasi va manfaatlaridan kelib chiqib hal etiladi.

Ba’zan shaxsning aybiga oid gumon va tusmollarga aniqlik kiritishning qonuniy imkoni bo‘lmay qoladi. Ana shunday gumon va tusmollar gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning manfaatlari va foydasidan kelib chiqib talqin qilinadi.

To‘rtinchidan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Afsuski, ba’zi holatlarda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchidan o‘zining aybsizligi to‘g‘risida alibi va boshqa dalillar talab etiladi.

Shaxs o‘zining aybsizligini isbotlab berishga majbur emasligi to‘g‘risidagi qoida xalqaro hujjatlarda ham o‘zining ifodasini topgan. Isbot qilish surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan amalga oshirilishi kerak. Shaxsni ham javobgarlikka tortib, ham undan o‘z aybsizligini isbotlab berishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Beshinchidan, hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Sud va tergovda shaxsni o‘ziga va oila a’zolariga qarshi guvohlik berishga majbur qilish uning manfaatlariga aslo to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, milliy mentalitetimizda oila a’zolari va qarindoshlar o‘rtasidagi o‘zaro hurmat muhim qadriyat sifatida tushuniladi. Otaning o‘z farzandiga, farzandning otasiga, aka-uka va opa-singillar bir biriga qarshi guvohlik berishi oilaviy qadriyatlarimizga ham mos emas. Shu sababli shaxsning o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi to‘g‘risidagi norma aybsizlik prezumpsiyasini milliy mentaletimiz asosida yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Oltinchidan, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi belgilanmoqda. Bu sud va tergovda shaxs manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha yangi kafolatlar taqdim etadi.

Gap shundaki, shaxsning aybiga oid dalillar yetarli bo‘lmaganda uning o‘z aybiga iqror bo‘lganligi to‘g‘risidagi yagona dalil bilan cheklanish holatlari ham mavjud. Birgina o‘z aybiga iqror bo‘lganligi bilan shaxsni javobgarlikka tortish va jazoga hukm qilish adolat va mantiq mezonlariga to‘g‘ri kelmaydi. Endilikda shaxsni ayblash uchun dalillar yetarli bo‘lmaganda aybiga iqrorlik olish uchun qo‘rqitish, unga tahdid qilish va bosim o‘tkazish yoki qiynoq qo‘llash holatlariga yo‘l qo‘yilmaydi.

Sakkizinchidan, shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Bir insonning sudlanganligi uchun uning yaqinlari jabr tortishi ko‘p yillardan beri oddiy odamlarni qiynab kelayotgan edi. Ishga kirmoqchi bo‘lsa “akang sudlangan”, lavozimda ko‘tarilmoqchi bo‘lsa “otang sudlangan” deb aybsiz aybdorga chiqarishardi.

Shaxsning yaqin qarindoshlaridan biri qachonlardir sudlangan bo‘lsa uning aybi nima? Deylik u tug‘ilishidan oldin otasi sudlangan bo‘lsa, “Sen tug‘ilishingdan o‘n yil burun otang sudlangan” deb ishga qabul qilmaslik qonunga ham, insoniylikka ham, adolatga ham umuman to‘g‘ri kelmaydi.

Konstitutsiyaga shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmasligi to‘g‘risidagi normaning kiritilishi ko‘p yillardan beri insonlarni qiynab kelayotgan aybsiz aybdor bo‘lib qolish muammosiga yechim bo‘ladi.

Aybsizlik prezumpsiyasining konstitutsiya bilan mustahkamlanishi sudlanayotgan fuqarolarning umuminsoniy huquqlarga rioya etilishi va tergov jarayonlaridagi muhim insonparvar qoidalar joriy qilinishini kafolatlaydi.

Farhod PRIMOV,

yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori

Mavzuga oid