O‘zbekiston | 18:11 / 28.11.2017
15792
3 daqiqa o‘qiladi

Qanday valyuta operatsiyalari uchun prezident yoki hukumatning qarori talab etiladi?

Foto: KUN.UZ

Markaziy bank Boshqaruvi qarori (2017 yil 23 noyabrda 2536-1-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan) bilan Kapital harakati bilan bog‘liq ayrim valyuta operatsiyalarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Kapital harakati bilan bog‘liq valyuta operatsiyalari ro‘yxatiga rezidentlar tomonidan chet eldagi o‘z filiallarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish kiritildi.

Bundan tashqari, quyidagi operatsiyalar prezidentning, Vazirlar Mahkamasining qarorlari yoki xalqaro shartnoma mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshirilishi belgilandi:

•  10 ming AQSh dollari ekvivalentidan yuqori bo‘lgan summada chet elda investitsiya faoliyatini amalga oshirish - rezidentlarning O‘zbekiston banklaridagi hisobvaraqlaridan:
– chet eldagi korxonalarning ustav kapitalini shakllantirish (yoki ulushli ishtirok etish),
– chet eldagi o‘z filiallarini aylanma mablag‘lar bilan to‘ldirish uchun chet elga mablag‘lar o‘tkazish;
•  mamlakat rezidentlari tomonidan norezidentlarga kreditlar va pul, tovarlar ko‘rinishidagi qarzlar hamda lizing obektlarini berish;
•  rezidentlarning tijorat banklaridagi hisobvaraqlardan mablag‘larni chet eldagi hisobvaraqlarga (omonatlarga) joylashtirish hamda ko‘chmas mulkni sotib olish uchun o‘tkazish.

Ma'lumot uchun. «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi Qonunning 4-moddasiga muvofiq, rezidentlar jumlasiga quyidagilar kiradi:

•  O‘zbekiston fuqarolari;
•  mamlakatimizda doimiy yashash joyi bo‘lgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
•  O‘zbekiston hududida ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslar;
•  davlatning immunitet va diplomatik imtiyozlardan foydalanadigan xorijdagi diplomatiya hamda boshqa vakolatxonalari, shuningdek mamlakat tashkilotlarining chet eldagi, xo‘jalik yoki boshqa tijorat faoliyati bilan shug‘ullanmaydigan vakolatxonalari.

Hujjat 24.11.2017 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid