Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Alonso ishdan bo‘shadi. Klasikoda yutqazgani uchun emas
Yakshanba kuni «Barselona» navbatdagi klasikoda «Real»ni yengib, Ispaniya superkubogini qo‘lga kiritdi. Saudiya Arabistonida o‘tgan finalda «Barselona» ko‘p jihatdan ustunlik qildi, lekin hisobda faqat bir to‘p farqi bilan g‘alaba qozondi.
Finaldan ikki kun o‘tib «Real» oxirgi yillarda Yevropada porlab chiqqan eng yorqin murabbiylardan biri Xabi Alonsoni ishdan bo‘shatdi. Iste’foda asosiy sabab klasikodagi mag‘lubiyat bo‘lmadi, klub Xabini ishdan bo‘shatgani ham yo‘q. Murabbiy maydon tashqarisida va o‘yin davomida zaxira o‘rindig‘ida kuzatilgan hurmatsizlik sabab o‘zi ariza yozib ishdan ketdi...
Mbappe yo‘q – shou yo‘q
Shu kuni «Real» yetakchisi Mbappe asosiy tarkibda o‘ynamagani «Barselona»ni kichik favoritga aylantirdi. Birinchi bo‘limning asosiy vaqtini tomosha qilgan muxlislar «Real» Mbappega qanchalik bog‘lanib qolganini sezdi. Madrid butun bo‘lim davomida deyarli hech narsa qila olmadi. Lekin «Real» har qanday holatda kuchli jamoa, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda avval Vinisius super gol urdi, bo‘limning oxirgi soniyalarida Mbappe o‘rniga asosiy tarkibda tushayotgan yosh hujumchi Gonsalo Garsiya hisobni tenglashtirdi. Ungacha «Barsa»dan Rafinya va Levandovski gol urgandi.
«Real» eng asosiy yulduzi maydonga tushmagan, o‘yini chiqmayotgan vaqtda ham kerakli gollarni urib, tanaffusga yengilmay chiqib ketdi. Bu top klublarga xos xususiyat. Lekin ikkinchi bo‘limda baribir «Barselona» kuchlilik qildi. Zo‘r o‘yin o‘tkazgan Rafinya g‘alaba golini urdi. Mbappe tushgani ham «Real»ga yordam bermadi. Fransuz shu kuni jarohat bilan o‘ynagani yaqqol sezildi, u aytarli imkoniyatga ham ega bo‘lmadi.
O‘yindan keyin...
«Real» va «Barselona» uchun bir-biriga yengilish juda alamli, har qanday turnirni tark etishdan ham alamliroq. Alonso «Barselona»ga sharmandalarcha yutqazgani yo‘q, muammolar girdobidagi jamoa bilan finalda munosib kurashdi. Chempionatdagi o‘yinda Alonso «Barselona»ni yenggandi ham. Bir so‘z bilan aytganda, klasikoda Alonsoni iste’foga chiqaradigan o‘yin bo‘lmadi.
Shunday bo‘lsa-da, ikki kun o‘tib Alonso iste’foga chiqqani e’lon qilindi. Hatto Fabrisio Romano kabi insayderlar ham bilmay qoldi Alonso ishdan ketishi, iste’fo haqida hech qanday mish-mish ham chiqqani yo‘q. Bu bir narsadan darak berardi: Alonso o‘zi ariza yozib ishdan ketgan. «Real» rasmiy saytida e’lon qilingan bayonotda ham murabbiy o‘z ixtiyori bilan ishdan ketganiga urg‘u berilgandi. Keyinroq klub direktori Emilio Butragenio rahbariyat Alonsoni ishdan bo‘shatmagani, murabbiy o‘zi ariza yozganini tasdiqladi.
Alonso iste’foga chiqqanidan keyin muxlislar sabablarni muhokama qila boshladi va ko‘pchilik klasikodan keyingi bir videoga to‘xtalaverdi. Taqdirlash marosimi vaqtida «Real» futbolchilari kumush medalni olgach, Alonso ularni shohsupa yonidan ketmay, raqibga hurmat ko‘rsatishga chaqirdi. Lekin Mbappe boshchilik futbolchilar murabbiyni ochiqchasiga rad etib, unga qo‘l siltagan ko‘yi maydondan chiqib ketdi. Alonso ham futbolchilarga qo‘shilishga majbur bo‘ldi.
Yaqindan olingan videolarda Mbappe Alonsoga qo‘lini siltayotib unga qarata nimadir degani bilingan. Mbappe aniq yaxshi gap aytmagan. Keyin uning qo‘l siltashiga Rodrigo va boshqa futbolchilar ham qo‘shilgan.
Keyinroq zaxira o‘rindig‘idan olingan boshqa videolar ham tarqaldi. Unda bir necha futbolchi Xabi Alonso ko‘rsatma berayotganda uni eshitmay turgani ko‘rinadi. Vaholanki, Alonso ko‘chada qolgan murabbiy emas, jahon chempioni, o‘z davrining eng zo‘r futbolchilaridan biri, murabbiylikda ham Germaniyada «Bavariya»ga non bermagan.
Va bir narsani unutmang, Xabi Alonso bask. Baskoniyalik mard yigit ko‘pning oldida jahlini ko‘rsatmadi, klubga hurmatsiz qilmadi, hech kimni ayblamadi ham. Shunchaki kecha chiqqan yulduzlarning unga nisbatan hurmatsizligini qabul qila olmadi va ariza yozib ishdan ketdi. Xabi haqiqiy erkak ekanini isbotladi, murabbiylikdan Zidanchasiga ketdi.
Murabbiy kim o‘zi?
Ispan nashrlari yozishicha, Alonso rahbariyat futbolchilarga juda ko‘p vakolat berganidan hayratlanib, buni cheklashni so‘ragan. Axir futboldagi murabbiyning o‘rni haqida Yevropaning eng zo‘r ligalarida, eng zo‘r darajada o‘ynagan Xabi Alonsodan yaxshiroq kim bilishi mumkin?
Xabi ikki avlodni bog‘lab turuvchi futbolchi desak ham bo‘ladi. U Angliyada old school vakili sifatida «Liverpul» bilan olis 2000-yillarda Chempionlar Ligasini yutgan. Keyin faoliyati oxirlaganda Yevropaning bosh sovrinini 12 yil yutolmagan Anchelottining «Real»i bilan Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘lgan. Bu vaqt ichida Alonso qanday murabbiylar bilan ishlamagan deysiz. Va ana shunday tartib-intizomni birinchi o‘ringa qo‘yuvchi murabbiy o‘zi bir vaqtlar porlagan klubga qaytib qarasa, futbolchilar maydondan tashqarida ham ko‘p narsani hal qiladigan bo‘lib ketibdi.
Alonsoning iste’fosi oxirgi yillarda futbolda avj olayotgan bir jiddiy muammoni ko‘rsatib qo‘ydi. Afsuski, bugun futbolchilar jamoa bosh murabbiyi kim bo‘lishini biz hal qilamiz deb o‘ylay boshladi. Biz o‘zimizning futbolda shunday ishlarni ko‘rib hayron qolardik, lekin Yevropada ham bu yomon odat avj olayotganini ko‘rdik. Albatta, bunga aniq isbot ko‘rsatib bo‘lmaydi, lekin futbol ko‘rib yurgan odam hammasini tushunadi.
Klublar hamma muammoda murabbiylarni ayblab, ularni istagan vaqtida almashtiraverishi Klopp, Gvardiola, Simeone kabi bir yerda uzoq ishlaydigan murabbiylarni muxlislar uchun yanada qadrli insonlarga aylantirdi. Futbolchilar maydondan tashqaridagi masalalarni hal qilishi hech qaysi klubga yaxshilik olib kelmagan.
Menimcha, hozir futbolchilar ijtimoiy tarmoqda juda mashhurligi, futbolchining o‘zi bir brendga aylanayotgani shu kabi muammolarni keltirib chiqaryapti. Futbolchilar qarasa, millionlab odamlar ularni kuzatyapti, katta-katta brendlar reklama berish uchun navbatda. Shunda hammasida bo‘lmasa ham ba’zi futbolchilar nega menday butun boshli brend turganda boshqalar qaror qabul qilishi kerak, deb o‘ylay boshlaydi. Lekin unutmaslik kerak, eng yaxshi jamoalarda doim murabbiy birinchi o‘rinda bo‘lgan, futbolchi emas.
«Manchester Yunayted» aynan Fergyuson boshqaruvni to‘liq nazorat qilgani evaziga uzoq yil Angliyaning tengsiz jamoasi bo‘lib keldi. Ser Tom Kleverli, Fil Jons, Kriss Smolling kabi o‘rtamiyona futbolchilarni o‘ynatsa ham, Angliyada chempion bo‘laverardi. Chunki hech qachon futbolchilar unga qo‘lini siltamas, hurmatsizlik qilmasdi. Bittasi hurmatsizlik qilgani uchun ne holga tushganini hamma biladi...
Ser kiyinish xonasida hech kimni urib-so‘kmagan, lekin «MYu» futbolchilari yutqazib qo‘ysa, serdan gap eshitishni o‘ylab ham maydonda borini bergan. Axir ser shunchaki murabbiy emas, ustoz edi. Bugun futbolda ana shunday munosabat va yana... Fergyusonga o‘xshab o‘zidan ketgan futbolchining kallasiga butsa otadigan murabbiylar yetishmayaptimi deyman...
Mavzuga oid
12:16 / 23.03.2026
Madrid derbisida “Real” ustun keldi, “Barselona” minimal hisobda g‘alaba qozondi
21:31 / 23.02.2026
«Da Lush»dagi mojaro: Vinisiusni «maymun» deb kamsitishdi
23:19 / 11.02.2026
«Real» UYeFA bilan Superliga bo‘yicha «futbol manfaati uchun» kelishuvga erishdi
02:24 / 12.01.2026