O‘zbekistonda prezident saylovlari oktabr oyida bo‘lib o‘tishi mumkin
O‘zbekistonda prezident saylovlari oktabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati xabar berdi.
Harakat tomonidan e'lon qilingan ma'lumotda aytilishicha, ushbu masala Quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishida muhokama qilingan.
Agar ushbu xabar tasdiqlansa, Konstitutsiya va Saylov kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritish kerak bo‘ladi.
Avval prezident saylovlari dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilgan.
Prezident saylovi: huquqiy rezyume
Prezident saylovini O‘zbekiston fuqarolari umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiradilar.
Prezident lavozimiga 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi saylanishi mumkin.
O‘zbekiston prezidenti 5 yil muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga 2 muddatdan ortiq O‘zbekiston prezidenti bo‘lishi mumkin emas.
O‘zbekistonning 18 yoshga to‘lgan fuqarolari O‘zbekiston prezidenti saylovida qatnashish huquqiga ega.
Ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy, ahvoliga, irqiy yoki milliy mansubligiga, jinsi, ma'lumoti, tili, dinga munosabatiga, mashg‘ulot turi va xususiyatiga qarab O‘zbekiston fuqarolarining saylov huquqini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek sudning hukmiga muvofiq ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar O‘zbekiston prezidenti saylovida qatnashmaydilar.
- Eslatib o‘tamiz, 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston prezidenti saylovida 15 906 724 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 88,61 foizi O‘zLiDeP nomzodi Shavkat Mirziyoyevni yoqlab ovoz bergandi.
Mavzuga oid
17:34 / 15.12.2024
Janubiy Koreya prezidenti lavozimidan vaqtincha chetlatildi
22:08 / 04.12.2024
Namibiyada birinchi marta ayol kishi prezident etib saylandi
18:25 / 02.07.2024
“Eron prezidentligiga nomzodlarga aholi ishonchiga kirish uchun vaqt kamlik qildi” - Azim Umidiy
09:37 / 11.10.2023