SSV: Tez yordam xizmatining 4 ta filialiga 100 ta Volkswagen Caddy topshirildi
Respublika tez tibbiy yordam markazining Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Surxondaryo va Sirdaryo hududlaridagi filiallariga 100 ta Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam mashinasi yetkazib berildi. Yil yakunigacha yana 500 dan ortiq mashina yetkazilishi rejalashtirilgan.
20 sentabr kuni Respublika tez tibbiy yordam markazining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent, Surxondaryo va Sirdaryo viloyat filiallariga 100 ta Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam mashinalari yetkazib berish boshlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
«Bemorlar hayoti va sog‘ligini asrab qolish, ularga shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatishda Tez yordamning ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Shu bois, prezidentimiz topshirig‘iga asosan keyingi yillarda bu yo‘nalish butunlay transformatsiya qilindi. Sohaning moddiy-texnik bazasi yangilanib, kadrlar salohiyati oshirilmoqda.
Ayniqsa, tizimni eng so‘nggi rusumdagi va barcha qulayliklarga ega bo‘lgan zamonaviy avtotransport vositalari bilan ta’minlash borasidagi keng qamrovli chora-tadbirlar natijasida tez tibbiy yordam xizmatida kechikishlar soni keskin qisqardi. Bu esa shoshilinch vaziyatlarda ko‘plab insonlar hayotini saqlab qolish imkonini bermoqda», deyiladi vazirlik xabarida.
Joriy yil yanvar oyida Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 110 ta Volkswagen Caddy rusumli tez tibbiy yordam mashinalari bilan ta’minlangani, fevral oyida Jizzakh Auto tomonidan yig‘ilgan bu turdagi avtomobillarning 117 donadan iborat navbatdagi partiyasi hududlarga taqdim etilgani eslab o‘tilgan.
Shuningdek, avgust oyida A toifali 50 ta Volkswagen Caddy tez tibbiy yordam avtomashinalari Qashqadaryo va Xorazm viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmalari tizimidagi «103» shaxobchalariga berildi.
Ma’lum qilinishicha, yil yakuniga qadar yana 500 dan ortiq ana shunday transport vositalarini hududlarga yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
«Favqulodda holatlarda va kasallik xuruj qilgan vaqtda bemorga imkon qadar tez va sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, uning hayoti va salomatligini saqlab qolishga xizmat qiladi. Shu sababli «103» xizmatida eskirgan avtoulovlarni bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralari ko‘rilmoqda. Yil yakuniga qadar yana 500 dan ortiq ana shunday transport vositalari hududlarga yetkazib berish ko‘zda tutilgan», deydi Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon Gafurov.
Sohada amalga oshirilayotgan bu kabi ijobiy o‘zgarishlar sababli bugungi kunda «103» xizmati brigadalarining chaqiruv manziliga yetib borish vaqti o‘rtacha 25-30 daqiqadan 8-12 daqiqagacha qisqargani, shuningdek, maxsus avtomashinalar parki 60-70 foizga yangilanib, tibbiy brigadalar soni qariyb 2800 taga yetgani, bu esa o‘z navbatida mamlakat aholisiga yanada tez va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkonini berayotgani qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, beshinchi avlod A toifali Volkswagen Caddy mutlaqo yangi MQB platformasida ishlaydi. Ular 1,6 MPI atmosferali motor bilan jihozlangan bo‘lib, 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi va 110 ot kuchiga ega. 100 kilometr masofaga avtomobil aralash siklda kam yonilg‘i sarflaydi.
«Eng so‘nggi va zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan bu avtotransport vositalari xalqaro talablarga to‘la mos kelib, uning ichki qismi bemor va tibbiy xodimlarning qulay joylashishi imkonini beradi.
Shuningdek, ular shahar ichida harakatlanish bo‘yicha yuqori texnik ko‘rsatkichlarga ega bo‘lib, o‘tuvchanligi, ishonchliligi hamda tejamkorligi bilan ajralib turadi. Eng muhimi, bu avtomobillarda harakatni to‘xtatmay turib ham bemorga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish mumkin», deyiladi xabarda.
Mavzuga oid
18:14 / 15.04.2024
“Tez yordam” avtomashinasiga yo‘l bergan haydovchining jarimasi bekor qilindi
15:07 / 10.04.2024
2024 yilning 3 oyida “Tez yordam”ga 3,1 million chaqiriq bo‘lgan
10:41 / 08.02.2024
Tez yordam xizmatining 3 ta filialiga 30 ta Volkswagen Caddy topshirildi
11:16 / 20.11.2023