Sport | 13:34 / 05.10.2023
27766
24 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» shimolda muzladi, «Barselona» yulduzlarini yo‘qotdi. YeChLda kun o‘yinlari

Chempionlar ligasida chorshanba oqshomida o‘tkazilgan 2-tur o‘yinlari, gollar va guruhlardagi vaziyat.

Foto: JAMES GILL/GETTY IMAGES

F guruhi

«Nyukasl» grand bo‘lishga intilmoqda: «PSJ» tor-mor etildi va YeChLda 20 yil ichidagi ilk g‘alabaga erishildi

«Nyukasl» — «PSJ» 4:1
Gollar:
Almiron (17), Bern (39), Longstaff (50), Sher (90+1) — Ernandes (56). 
«Nyukasl» – Poup, Trippiyer, Sher, Lassels, Bern, Gimaraes, Longstaff, Tonali (Anderson, 65), Almiron (Myorfi, 71), Gordon (Targett, 90), Isak.
«PSJ» – Donnarumma, Hakimi, Markinos, Shkrinyar, Ernandes, Ugarte (Vitinya, 64), Zair-Emeri, Dembele, Mbappe, Kolo-Muani (Barkolya, 57), Ramush.
Ogohlantirishlar: Ernandes (38), Hakimi (43), Bruno Gimaraes (45), Dembele (67), Gordon (70), Zair-Emeri (81), Poup (87).

«Nyukasl» muxlislari ayni vaqtda eng yaxshi davrlarini boshdan kechirmoqda: ular bu damlarni klubning ziqna xo‘jayini Mayk Eshlining 14 yillik boshqaruvi davrida sabr bilan kutishdi, bu davrda jamoa ikki bor APLni tark etdi va muxlislar behisob alamli mag‘lubiyatlarga chidashga majbur bo‘lishdi. Ammo klub Saudiya Arabistoni suveren fondiga sotilganidan ikki yil o‘tib fanatlar o‘z sevimlilarining Chempionlar ligasidagi uzoq kutilgan g‘alabasiga guvoh bo‘lishdi — tarkibida Mbappe bo‘lgan «PSJ» ustidan yirik g‘alabaga.

«Qarg‘alar» asosiy yevrokubokka 20 yillik tanaffusdan keyin qaytishdi va bu qaytishni o‘ziga xos tarzda nishonlashmoqda. 1-turda «Nyukasl» safardan ochko olib qaytgandi, endi esa «Sent-Jyeyms Park» stadionida nihoyat Chempionlar ligasi madhiyasi kuylandi.

«PSJ» bu o‘yinda inglizlarni maksimal darajada hayron qoldirishga qaror qilgandi. Luis Enrike shunchaki agressiv emas, haddan tashqari agressiv o‘ynashni maqsad qilgandi. «Barselona»da, Ispaniya milliy jamoasida va boshqa klublarida u hamisha mayda pas va mudofaadan asta-sekinlik bilan chiqishni afzal ko‘rgan, ko‘pincha markaziy forvardlarsiz, «aldamchi to‘qqizlik» bilan harakat qilgan. Bu o‘yinda esa — birdaniga to‘rt nafar hujumchi tushirildi: Mbappe, Kolo Muani, Ramush va Dembele. Enrike bu mavsumda avval ham hujum chizig‘ida turli joylashuvlarni sinab ko‘rgandi, ammo hali bu qadratli to‘rtlik bir vaqtda boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olishi kuzatilmagandi.

Bunday g‘alati 4-2-4 sxemasi vertikallikka asoslangandi — bu ham Enrike uchun xos bo‘lmagan tanlov. Himoyachilar «Nyukasl» forvardlarini oldinroqda pressing qilishga jalb qilib, bu orqali hujumga uzun pas berish orqali ularni o‘yindan uzib qo‘yish ko‘zda tutilgandi. Murabbiyning rejasiga ko‘ra, bu holatda parijliklarning to‘rt forvardi «Nyukasl»ning to‘rt himoyachisi bilan birga-bir qolishi kerak edi. Bunday uslubni Roberto De Dzerbi «Brayton»da qo‘llaydi, faqat u yerda barchasi avtomatizm darajasiga chiqarilgan, «PSJ» esa birinchi o‘yindanoq buni o‘zlashtirishi qiyin ish edi.

Qolaversa, parijliklar himoyachilari bosim ostida ideal harakat qila olishmadi va uzun uzatmalar ham o‘xshamadi. 17-daqiqada Markinios o‘z jarima maydoni ichida juda yomon o‘ynab to‘pni yo‘qotdi, Donnarumma Isakning birinchi zarbasini qaytardi, ammo Almiron qaytgan to‘pga zarba berib uni ojiz qoldirdi va «Sent-Jyeyms Park»ni larzaga keltirdi, u «qarg‘alar»ning YeChLda Alan Shirerdan keyin gol urgan ilk futbolchisiga aylandi.

Eddi Hau Enrikening tuzog‘iga tushmadi — «Nyukasl» bosh murabbiyi mehmonlarni kuchli pressing qilmoqchi emasdi, uning futbolchilari oldinga tashlanmay, odatiy 4-5-1 sxemasi bo‘yicha o‘rta blokda xotirjamlik bilan himoyalanishdi va barcha zonalarni yopishdi. Albatta, mezbonlarning o‘yini ham benuqson emasdi, masalan, 5-daqiqadayoq Dembele hisobni ochishga yaqin bo‘lgandi, birinchi goldan ko‘p o‘tmay esa Ramush jarima maydoni tashqarisidan bergan zarba o‘ta xavfli chiqdi.

Ammo «Nyukasl» maydonda yaxshiroq edi — dastlabki yarim soat o‘tayotganida Sher burchakdan uzatilgan to‘pni darvozaga yo‘llashiga bir baxya qoldi, bu ishni 39-daqiqaga borib baribir boshqa bir himoyachi Bern uddaladi. Gol urilgan hujum uzoq davom etdi: to‘p bir necha bor u tomondan bu tomonga o‘tdi, Donnarumma ikki bor qutqardi, lekin Shkrinyar bilan to‘p uchun kurashda ustun kelgan baland bo‘yli himoyachining zarbasidan keyin to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tdi, keyin esa «Nyukasl» futbolchilari bu gol videotakror orqali tasdiqlanishini uzoq (yevrokubok uchun rekord darajadagi 100 soniyadan ortiqroq) kutishdi - to‘p darvoza chizig‘ini to‘liq kesib o‘tganiga, pas bergan futbolchi ofsaydda emasligiga va va hujum davomida Lassals qo‘l bilan o‘ynamaganiga ishonch hosil qilish talab etildi.

Foto: JAN KRUGER/GETTY IMAGES

Tanaffusda Enrike futbolchilarning joylashuvlarini o‘zgartirishi kutilgandi, ammo u barchani ajablantirgan holda barchasini o‘z holida qoldirdi. Bu esa faqat «Nyukasl» foydasiga ishladi: Hau kiyim almashtirish xonasida o‘z shogirdlariga parijliklardagi nomutanosibliklardan qanday qilib yaxshiroq foydalanish kerakligini o‘rgatishi tabiiy edi va 50-daqiqadayoq hisob yirik ko‘rinishga keltirildi — Trippiyer qiyinchiliksiz «PSJ» mudofaasidagi ulkan teshikni topdi, Longstaff ideal ochilib, zarba berdi, Shkrinyar pozitsiya tanlashda xato qildi va unga qarshilik ko‘rsatmadi, Donnarumma o‘z darvozasidan uchinchi golni olib chiqdi.

Faqat shundan keyingina fransuzlar jamoasi uyg‘onib, ilk bor darvoza sohasi tomon aniq zarba berdi. Va shu zarbaning o‘ziyoq golga aylandi, lekin bu golda hujum to‘rtligi ishtirok etmadi: markaziy havbek Zair-Emeri to‘pni jarima maydoni ichiga tashlab berdi, unga yetib borgan himoyachi Ernandez bir teginish bilan darvozabonni ojiz qoldirdi.

Ba’zida bunday gollar jamoaga impuls berishi va o‘yinning kechishini butkul o‘zgartirib yuborishi mumkin. Ammo bu safar emas. Parijliklar shundan keyin ham o‘ziga o‘xshamadi, ayniqsa Mbappe jamoa muxlislarining hafsalasini pir qildi — «PSJ» yetakchisi faqat 85-daqiqaga borib darvoza tomon ilk bor zarba berdi va o‘z darajasidan ancha past o‘yin ko‘rsatdi.

«Nyukasl» Chempionlar ligasiga tasodifan qaytmagani va yana ko‘p yillar turnirda ishtirok etmoqchi ekanini namoyish etdi. Qo‘shimcha daqiqalar boshlanganida Sher fantastik gol urdi va yakuniy hisobni o‘rnatdi.

«Qarg‘alar» ikki yilcha oldin APLda qolish uchun kurashayotgandi (jamoa APLda 23-turdan keyin xavfli zonada edi), ammo Saudiya Arabistonidan kelgan saxiy qo‘llar tufayli jamoa nafaqat YeChLga yo‘llanma oldi, balki grand jamoani tor-mor etib, «o‘lim guruhi»da peshqadam bo‘lib oldi.

«Borussiya» D — «Milan» 0:0
«Borussiya» D – Kobel, Ryuerson, Hummels, Shlotterbek, Bensebayni, Roys (Nmecha, 72), Jan, Brandt (Adeyyemi, 64), O‘zjan, Malen (Bayno-Gittens, 72), Fyullkrug (Mukoko, 85).
«Milan» – Menyan, Kalabriya (Florensi, 69), Tomori, Tiav, Ernandes, Pobega (Adli, 58), Reynders, Musa, Pulishich (Chukvueze, 70), Leau, Jiru (Okafor, 69).
Ogohlantirishlar: Shlotterbek (19), Reynders (23), Jan (25), Hummels (81), Musa (88).

Statistika ham ba’zan paradoksal bo‘ladi. Masalan, birinchi turda raqamlarga qarab barchasini tushunish mumkin edi — «Milan» «Nyukasl»ga o‘yin bermagan va yigirmadan ortiq zarba yo‘llagandi. Dortmundda esa «rossonerilar» tanaffusga qadar biror marta darvoza sohasi tomon aniq zarba bera olmadi. Kimdir o‘ylashi mumkin — mezbonlar bunga yo‘l qo‘ymagan deb. Amalda esa Stefano Pioli jamoasining omadsizligi davom etdi, vaziyatlardan birida Jiru bir necha metrdan turib to‘pni darvoza to‘sini ustidan yuqoriga qarata tepishni uddaladi. Mehmonlarda yana golli vaziyatlar bo‘ladigandek tuyulardi, ammo o‘yin oxirigacha hisob ochilmay qoldi: natijada «Milan» ilk bor Chempionlar ligasini ketma-ket ikki golsiz durang bilan boshladi, qolaversa, qizil-qoralar jamoasida asosiy yevrokubokda ilk bor qatorasiga to‘rt o‘yindan iborat golsiz seriya qayd etishdi.

26 oktyabr. PSJ — Milan, Nyukasl — Borussiya

N guruhi

«Barselona» ikki yetakchisini yo‘qotish evaziga g‘alabaga erishdi

«Portu» — «Barselona» 0:1
Gol:
Torres (45+1).
«Portu» – Koshta, Mariu (Niko Gonsales, 85), Kardozu, Karmu, Vendell, Romariu Baro (Evanilson, 64), Eushtakiu, Varela (Konseysau, 85), Pepe, Torimiy (Namaso, 85), Galeno (Hayme, 85).
«Barselona» – ter Stegen, Kanselu, Kunde, Arauxo, Balde, Gundo‘g‘an, Romeu (Roberto, 69), Gavi, Felish (Lopes, 69), Yamal (Alonso, 80), Levandovski (Torres, 34).
Ogohlantirishlar: Joau Kanselu (13), Fabiu Kardoza (28), Arauxo (29), Gavi (36), Kunde (47), Joau Feliks (50), Serji Roberto (86).
Chetlatish: Gavi (90).

So‘nggi vaqtlarda Xavining ishi uncha yurishmayapti. Yaqinda lazaretdagi Pedri yoniga Frenki de Yong qo‘shilgandi, o‘tgan hafta oxiridagi tur o‘yinida Rafinya jarohat oldi, «Dragau»dagi o‘yinning birinchi bo‘limida esa Levandovskini almashtirishga to‘g‘ri keldi. Bu yo‘qotish kelajakda o‘z ta’sirini ko‘rsatishi tayin, chorshanba kuni esa polyak futbolchisining safdan chiqishi jamoaga foydali bo‘ldi, deyish ham mumkin. Uning o‘rniga tushgan forvard Ferran Torres birinchi bo‘lim oxirida maydon markazida raqib xatosidan keyin to‘pni egallab olgan Gundo‘g‘anning uzatmasidan hisobni ochdi.

Ikkinchi bo‘limda esa bu ustunlik boy beriladigandek ko‘ringandi. Ko‘k-anorranglilarni aql bovar qilmas podkat amalga oshirgan Kunde qutqardi, u darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib borgan Pepe Akinoning oyoqlari ostidan to‘pni olib qo‘ydi. Ko‘p o‘tmay xuddi shunday nomer Arauxo tomonidan takrorlandi. Holbuki bu vaqtda «Portu»ning ko‘pchilik futbolchilari golni nishonlashga tayyor turgandi. Lekin bu ular uchun so‘nggi xafagarchilik bo‘lib qolmadi. Keyingisi arbitr to‘p jarima maydoni ichida Joau Kanseluning qo‘liga tekkani uchun penalti belgilaganida ro‘y berdi, ammo monitorga yaqinlashgan Entoni Teylor o‘z qarorini o‘zgartirishga majbur bo‘ldi. Videotakrordan keyin ma’lum bo‘lishicha, bu hujum vaqtida to‘p dastlab uni qabul qilib olayotganida Eushtakiuning qo‘liga tekkan.

Nihoyat Torimiyning qaychi uslubida darvozani ishg‘ol etishi millimetr ofsayd tufayli bekor qilindi. «Barsa» «ajdarlar»ni qatorasiga besh o‘yinda mag‘lub etdi, ammo klub bu o‘yinda Levandovskidan tashqari yana bir futbolchisidan ayrildi. Keyingi turda kataloniyaliklarga Gavi yordam bera olmaydi, u qo‘shimcha vaqtda maydon markazida, keraksiz vaziyatda fol ishlatdi va ikkinchi sariq kartochkani olib maydonni tark etdi.

Foto: JOSE MANUEL ALVAREZ/GETTY IMAGES

Umuman olganda, Xavi ko‘k-anorranglilar boshqaruvidagi yubiley yuzinchi o‘yinidagi g‘alabasi o‘ziga tatimadi.

«Antverpen» – «Shaxtyor» 2:3
Gollar:
1:0 – 3 Muya, 2:0 – 33 Balikvisha, 2:1 – 48 Sikan, 2:2 – 71 Rakitskiy, 2:3 – 76 Sikan.
«Antverpen» – Byutez, Batay, Alderveyreld, Kulibali, Veyndal (Ilenikena, 83), Ekkelenkamp (Valensiya, 74), Keyta (Yusuf, 83), Vermeren, Muya (van den Bosh, 88), Balikvisha, Yanssen.
«Shaxtyor» – Riznik, Konoplya, Rakitskiy, Matviyenko, Azarov, Stepanenko, Zubkov, Nazarina, Kriskiv, Sudakov, Sikan (Shved, 87).
Ogohlantirishlar: Keyta (12), Konoplya (36), Yanssen (37), Rakitskiy (66), Sikan (82), Alderveyreld (88).

Barselonadagi 0:5 hisobidan keyin «Antverpen» tom ma’noda darvozasini qulflab qo‘ydi. Mark van Bommel jamoasi milliy birinchilikda qatorasiga uch o‘yinni golsiz durang bilan yakunladi, ammo seshanba oqshomi Belgiyaning amaldagi chempionlari darvozaboni Byutez uchun chinakamiga qora kunga aylandi. Birinchi bo‘limdagi 2:0 hisobi ko‘p jihatdan ushbu fransuz darvozabon aybi bilan ikkinchi bo‘limda 2:3 ko‘rinishiga o‘zgardi. Albatta, jarima zarbasidan keyingi rikoshetda u hech narsa qila olmasdi, ammo birinchi va ayniqsa uchinchi gol uchun ayb — yaqqol darvozabonning zimmasida. Muhim epizodda Byutez burchak zarbasidan qochish uchun to‘pga maydon chizig‘ida yetib oldi, ammo bu bilan u ishni faqat yomonlashtirdi, raqib esa bo‘sh qolgan darvozani nishonga olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

25 oktyabr, Barselona – Shaxtyor; 26 oktyabr, Antverpen – Portu

Ye guruhi

Grizmanndan shedevr

«Atletiko» – «Feyyenoord» 3:2
Gollar:
0:1 – 7, avtogol Ermoso, 1:1 – 12 Morata, 1:2 – 34 Gansko, 2:2 – 45 Grizmann, 3:2 – 47 Morata.
«Atletiko» – Oblak, Molina (Rikelme, 79), Aspilikueta, Ermoso, Vitsel, Koke, Saul, De Paul (Liorente, 46), Grizmann (Korrea, 79), Morata, Lino (Galan, 62).
«Feyyenoord» – Vellenroyter, Gertryuyda, Trauner (Niukop, 74), Gansko, Hartman, Timber, Viffer (Lingr, 74), Zerruki (Jahonbaxsh, 78), Stengs, Igor Payshao, Ueda (Minte, 60).
Ogohlantirishlar: Aspilikueta (33), Saul (41), Morata (45), Stengs (53), Lino (56).

O‘yin arafasida Diyego Simeone «Feyyenoord»ni maqtovlarga ko‘mib tashlagandi va niderlandlar tezda bunga munosib bo‘lishga kirishdi. Timberning Uedaga uzatmasi Ermosoning avtogoli bilan yakunlandi. Morata tezda hisobni tenglashtirdi, ammo mehmonlarni bu cho‘chita olmadi. Ular nafaqat «matraschilar»ning yalpi hujumlarini bartaraf etishdi, balki dadillik bilan hujumlar uyushtirishdi. Natijada markaziy himoyachi Xansko mehmonlarni yana hisobda oldinga olib chiqdi, keyingi vaziyatda esa uning himoyadagi sherigi Trauner oradagi farqni oshirishiga bir baxya qoldi.

Ispanlar bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalar oxirida raqib  jarima maydonidagi sarosimadan foydalandi, Grizmann qaychi uslubidagi zarba bilan hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo‘lim esa Morataning ikkinchi goli bilan boshlandi, shundan keyin «Atletiko» o‘z mahoratini ishga solib, natijani ushlab qoldi. «Feyyenoord»ga o‘yin oxiridagi shturmlar yordam bermadi, jamoa darvozaboni Vellenroyter besh marta (!) madridliklar jarima maydoniga yetib keldi. Aftidan, madridliklarga so‘nggi daqiqada gol urgan «Latsio» darvozaboni Provedel boshidagi lavrlar ushbu hamkasbiga tinchlik bermagan.

«Seltik» — «Latsio» 1:2
Gollar:
Furuhasi (12) — Vesino (29), Pedro (90+5). 
«Seltik» – Hart, Jonston, Skeylz, Fillips (Karter-Vikers, 62), Teylor, Makgregor, O`Rayli, Hatate (Paulu Bernardu, 72), Maeda, Yan Xyon Jun (Palma, 62), Furuhasi (O Hyon Gyu, 86).
«Latsio» – Provedel, Gabarron, Romanioli, Hyusay, Luis Alberto (Genduzi, 68), Vesino, Kamada, Ladzari (Marushich, 84), Felipe Anderson (Isaksen, 68), Dzakkani (Pedro, 84), Immobile (Kastelyanos, 72).
Ogohlantirishlar: Fillips (45), Luis Alberto (61), Kastelyanos (74), Palma (82), Vesino (90), Sepe (90).

Qadrdon «Seltik Park» stadionida «keltlar» jamoasi qanotlar o‘sib chiqqandek o‘ynaydi. Faqat jonbozlikning o‘zi saviyadagi farqni yo‘qqa chiqarishga imkon bermaydi. Shu darajadaki, «Seltik» o‘n yildan buyon YeChL guruh bosqichlarida o‘z uyida g‘alaba qozona olmagan. Bu safar ham muvaffaqiyat yaqindek ko‘ringan bo‘lsa-da, g‘alaba qozonishning imkoni bo‘lmadi. G‘alaba goliga aylanishi mumkin bo‘lgan gol ham urilgandi. Palma o‘yin davomida «Latsio»ni bir necha bor qutqargan Provedelning yaqin burchagini aniq nishonga olgandi.

Ammo argentinalik futbolchi golni futbolkasini yechib nishonlagani uchun sariq kartochka olgani yetmagandek, VAR mikroskopik ofsayd qayd etib, golni bekor qildi. Lekin bu hali hammasi emasdi. O‘yinga qo‘shib berilgan beshinchi daqiqada maydonning ikkinchi qismida to‘p yo‘qotilishi qimmatga tushdi, 169 santimetr bo‘yga ega Pedro bosh bilan aniq zarba berib, «Latsio»ga g‘alaba keltirdi. Komanda Mauritsio Sarri jamoasi 90-daqiqadan keyin beshafqat maxluqqa aylanmoqda.

25 oktyabr, Feyyenoord – Latsio; 26 oktyabr, Seltik – Atletiko.

G guruhi

Holand to‘xtasa, Alvares bor

«Leypsig» — «Manchester Siti» 1:3
Gollar:
Openda (48) — Foden (25), Alvares (84), Doku (90+2). 
«Leypsig» – Blasvix, Simakan, Klostermann, Lukeba, Raum, Forsberg (Sheshko, 70), Shlager, Zayvald (Aydara, 85), Simons, Poulsen (Baumgartner, 75), Openda (Verner, 70).
«Manchester Siti» – Ederson, Uoker, Diash, Gvardiol, Akanji (Doku, 72), Lyuis, Grilish (Ake, 72), Silva (Nunesh, 87), Rodri, Foden (Alvares, 79), Holand.
Ogohlantirishlar: Akanji (65), Shlager (72), Raum (78).

«Leypsig», tabiiyki, o‘tgan mavsumdagi sharmandali mag‘lubiyat uchun javob qaytarish maqsadida maydonga chiqqandi. Jamoa mart oyida «Etihad»da ro‘y bergan 0:7 hisobi komplekslaridan ham xalos bo‘lishi talab etilardi. Ammo birinchi bo‘limda «ho‘kizlar» uchun hech qanday ijobiy signal ko‘rinmadi. Zarbalar bo‘yicha 1:10 ko‘rsatkichi, to‘pga egalik qilish bo‘yicha 72 foiz ustunlik «Manchester Siti»da bo‘ldi. Tabiiyki, gol ham «shaharliklar» tomonidan urildi. Gollar soni ikkita bo‘lishi ham mumkin edi, ammo Bernardu Silva bo‘sh burchak qarshisida turib ham to‘pga yaxshi moslasha olmadi. Ammo portugaliyalik futbolchi o‘z uzatmasi bilan raqib mudofaasini dog‘da qoldirdi, Lyuisning uzatmasidan keyin esa Foden qulay pozitsiyadan turib hisobni ochdi.

Umuman olganda, mezbonlar uchun yorug‘lik ko‘rinmayotgandi, ammo Marko Roze tanaffusda jamoani o‘ziga keltirdi. Shunchalikki, ikkinchi bo‘lim Opendaning goli bilan boshlandi, Poulsen uni deyarli yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi. Bu muvaffaqiyat o‘yin tabiatini o‘zgartirmagan va goldan keyin ham «Leypsig» ko‘proq himoyalanishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa-da, mezbonlar uzoq vaqtgacha hisobni ushlab turishdi. Masalan, uzoq ustun qarshisida yiqilayotib zarba bergan Holandning omadi kelmadi, boshqa vaziyatda darvoza to‘sini yordamga keldi.

Xosep Gvardioladan qandaydir o‘zgacha chora talab etilardi va u buni jokerlari orqali amalga oshirdi. Alvares Dokuning uzatmasidan keyin uzoq burchakka aylanma zarba berib, g‘alaba golini urdi. Nemislar jamoasi katta qiyinchilik bilan natijaga erishishga harakat qilayotgandi, ammo o‘tkazilgan goldan keyin jamoada taklif etadigan narsa qolmadi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda esa endi Alvaresning uzatmasidan keyin belgiyalik vinger yakuniy hisobni o‘rnatdi. «Siti» ushbu raqibga qarshi safarda faqat uchinchi o‘yinga kelib g‘alabaga erishdi — mag‘lubiyat va durangdan keyin.

«Tsrvena Zvezda» — «Yang Boyz» 2:2
Gollar:
Ndiayye (35), Bukari (88) — Ugrinich (48), Itten (61, penalti).
«Tsrvena Zvezda» – Glazer, Dragovich, Jiga, Rodich (Olayinka, 62), Ivanich, Hvang In Bom, Bukari, Stamenich (Luchich, 69), Mitrovich (Katai, 70), Miyaylovich, Ndiayye (Krasso, 80).
«Yang Boyz» – Rachoppi, Janko, Benito (Amenda, 47), Kamara, Garsiya, Ugrinich, Niyasse, Males (Chaiva, 74), Elia, Itten (Ganvula, 75), Monteyru.
Ogohlantirishlar: Ndiayye (18), Ivanich (45), Hvang In Bom (58), Males (64), Bukari (65), Miyaylovich (73), Kamara (74), Dragovich (74), Niyasse (90).

Bu amalda uchinchi o‘rin va Yevropa Ligasi yo‘llanmasi uchun bahs bo‘ldi. Birinchi bo‘limda «Tsrvena Zvezda» ustunlik qildi, mezbonlarning goli videoyozuvni uzoq o‘rganishdan keyin hisoblandi. Ikkinchi bo‘limda vaziyat o‘zgara boshladi. Avvaliga Ugrinich Monteyroning pasidan keyin himoyachilar ortida ochilib, hisobni tenglashtirdi. Keyin to‘p himoyachilar qo‘liga tegishi tufayli Itten penaltini aniq ijro etib, «Yang Boyz»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Ammo qizil-oqlar Bukarining o‘yini evaziga mag‘lubiyatdan qutulib qoldi, birinchi golda pas bergan ganalik futbolchi o‘tkir burchakdan aniq zarba berib, butun o‘yin davomida shveysariyaliklar g‘alabasi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilgan darvozabonni xatoga majbur qildi.

26 oktyabr. Leypsig – Tsrvena Zvezda, Yang Boyz – Manchester Siti

Kun statistikasi

  • Turnir tarixida 1-bor Yaponiyaning to‘rt nafar vakili — Furuxasi, Maeda, Hatate («Seltik») va Kamada («Latsio») YeChL o‘yinida boshlang‘ich tarkibda tushdi.
  • «PSJ» 4 yildan buyon YeChLda birinchi bo‘limda ikkita gol o‘tkazib yubormagandi.
  • Bu turda 8 jamoa birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborganiga qaramay, yakunda g‘alabaga erishdi. Bu YeChLda yangi rekord hisoblanadi.
  • «Barselona» hujumchisi Ferran Torres asosiy yevrokubokdagi gollari sonini 10 taga yetdi, u bungacha to‘qqiz golini «Valensiya» va «Manchester Siti» safida urgan.
  • 16 yoshu 83 kun — YeChLda boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olgan eng yosh futbolchining yoshi. Barselonalik Yamal Selestino Babayaroning rekordini uch kunga yaxshiladi.
  • 17 yoshu 210 kun — yarimhimoyachi Zair-Emeri «PSJ»ning asosiy yevrokubokda golli pas muallifi bo‘lgan eng yosh futbolchisi bo‘ldi.

Mavzuga oid