Yevropada kuchli beshlik chempionatlari qizg‘in pallaga kirib, peshqadamlar saralanib bormoqda. Har hafta bo‘lganidek bu safar ham bir qator ahamiyatli va qiziqarli uchrashuvlar bizni kutib turibdi. Birgina yomon xabar — Yevropada vaqtning bir soat ortga surilgani. Endi tungi o‘yinlarni tomosha qilmoqchi bo‘lsak, uyqu vaqtimiz bir soatga kamayadi. Lekin bunga arziydi, ishonavering.
NYuKASL – ARSeNAL (2 noyabr, 17:30)

Bu mavsum yevrokuboklarsiz qolgach, «Nyukasl» ikki yil oldingi rejimiga qaytishiga, yuqori o‘rinlar uchun kurashishi mumkinligiga ko‘pchilik ishona boshlagandi. Zero dastlabki to‘rt turdan so‘ng Eddi Hau shogirdlari 10 ochko bilan peshqadamlar orasida borayotgandi ham. Ammo keyingi besh o‘yinda jamoa birorta ham g‘alaba qozona olmadi – ikki durang va uch mag‘lubiyat. Boshqa tarafdan, bu muvaffaqiyatsiz natijalarni tom ma’nodagi inqiroz bilan bog‘lash qiyin, zero «Nyukasl» bu o‘yinlarda ancha hujumkorlik ko‘rsatyapti, tashabbuskor bo‘la olyapti, lekin realizatsiya bilan muammolar, shuningdek, bir qator muhim futbolchilarning jarohati o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti.
Qisqa qilib aytganda, «Nyukasl»ning ayni damdagi formasi «Arsenal»ni yaqqol favoritga aylantirmaydi. Nyukaslliklar, ayniqsa, o‘z maydonida har qanday raqibga kurash taklif qilishga qodir. Bunga o‘tgan mavsumda ham guvoh bo‘lgandik. «Arsenal»ning APL doirasidagi ilk mag‘lubiyati roppa-rosa bir yil oldin aynan Nyukaslda sodir bo‘lgandi. Bu safar Arteta shogirdlari mag‘lubiyat alamini totib bo‘lishgan, ayni damda «Nyukasl» qadar bo‘lmasa-da, biroz muvaffaqiyatsiz davrni boshdan kechirmoqda. «Bornmut» (0:2) maydonida alamli mag‘lubiyatdan so‘ng, «Liverpul»ni yenga olishmadi va peshqadam bilan oradagi farq 5 ochkoga yetdi. Bornmutda qizil kartochka natijaga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, «Liverpul» bilan bahsda himoyachilarning jarohati pand berdi. Ushbu turda «Arsenal» o‘z optimal tarkibiga qaytishga yaqin turibdi – Saliba diskvalifikatsiyasini o‘tab bo‘ldi, Gabrielning jarohati ham jiddiy bo‘lib chiqmadi. Faqat Kalafiorining tiklanishi kamida ikki haftaga cho‘ziladigan bo‘ldi. Martin Edegor ham katta ehtimol bilan milliy jamoalar bilan bog‘liq tanaffusdan keyin qaytsa kerak.
Yuqorida ham aytilganidek, «Nyukasl»da yo‘qotishlar jiddiyroq. Botman va Lassels uzoq muddatga safdan chiqishgan, Trippiyer va Uilson ham sheriklariga yordam bera olishmaydi. Oxirgi 15 yilda «Nyukasl» raqibi ustidan atigi 4 marta g‘alaba qozongan. Ammo bu g‘alabalarning 3 tasi so‘nggi besh yilda sodir bo‘lganini ham ta’kidlash kerak.
PSJ – LANS (2 noyabr, 21:00)


















