Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xo‘tikcha va filning asriy raqobati. AQShda eng ko‘p prezident qaysi partiyadan chiqqan?
AQShda siyosiy partiyalar shunchalik muhimki, butun boshli mamlakat ikkiga bo‘lingan: demokratlar va respublikachilarga. Ko‘pchilik nega AQShda ikkitagina siyosiy partiya bor hayron ham qoladi. Birinchidan, AQShda 40 ta siyosiy partiya bor. Demokratlar va respublikachilarning gegemonligini ham oddiy fakt bilan tushuntirish mumkin. O‘zi inson tabiatan ikki xil bo‘ladi: yoki konservativ yoki demokrat. Shu mantiqqa qaralsa, AQShda deyarli butun mamlakat ikkita siyosiy partiya tarafdori bo‘lishi tushunarli holat.

Bu partiyalar shunchalik teng kuchliki, ular tez-tez hukmronlikni almashib turishadi. Masalan, bu yil prezidentlik saylovlarini ham, Kongress uchun saylovlarni ham demokratlar yutishga yaqin. O‘tgan safar esa hukumat respublikachilar qo‘lida edi. Balans shunchalik tartib bilan o‘zgaradiki, chindan AQShda oq qo‘lqop taqib yuruvchi qariyalardan iborat yashirin kuch bor deb o‘ylab qolish mumkin. Xo‘sh, AQShda qaysi partiya vakillari ko‘proq prezidentlik qilgan?
Bugungi kungacha AQShni 44 nafar prezident boshqargan (Grover Klivlend bir muddat oralatib prezident bo‘lgan, u AQShning 22 va 24-prezidenti hisoblanadi). Ulardan 15 nafari demokrat, 19 nafari respublikachi, 2 nafari federalist (Amerika Angliyadan mustaqil bo‘lib, federal boshqaruvdagi davlat bo‘lishini yoqlaganlar), 4 nafari demokrat-respublikachi va yana 4 nafari viglar partiyasi vakillari bo‘lgan.
Demokratik partiya

Demokratik partiya AQShda eng birinchi tuzilgan partiyalardan biri hisoblanadi. U XIX asrning boshlarida tuzilgan. Bu partiya a’zolaridan 15 kishi AQShni boshqargan. Bugun AQSh aholisining qariyb yarmi shu partiyani qo‘llaydi.
1. Endryu Jyekson. AQShning 7-prezidenti (1767-1845)
1829-1837 yillarda ikki muddat AQShni boshqargan.
2. Martin Van Buren. AQShning 8-prezidenti (1782-1862)
Martin Van Buren 1837-1841 yillar oralig‘ida bir muddat prezident bo‘lgan. Ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovlarda viglar partiyasi vakili Uilyam Henri Harrisonga yutqazgan.
3. Jyeyms Noks Polk. AQShning 11-prezidenti (1795-1849)
Jyeyms Noks Polk 1845-1849 yillar oralig‘ida AQShni boshqargan. Ikkinchi muddat uchun o‘z nomzodini qo‘ymagan.
4. Franklin Pirs. AQShning 14-prezidenti (1804-1869)
Franklin Pirs 1853-1857 yillarda prezident bo‘lgan. Ikkinchi muddat uchun demokratlar Pirsga ishonchsizlik bildirishadi va shu tariqa u o‘z nomzodini qo‘ya olmaydi.
5. Jyeyms Byukenen. AQShning 15-prezidenti (1791-1868)
Jyeyms Byukenen 1857-1861 yillarda prezident bo‘lgan. Ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘ymagan.
6. Endryu Jonson. AQShning 17-prezidenti (1808-1875)
Endryu Jonson 1865-1869 yillarda AQShni boshqargan. U Avraam Linkolnga vitse prezident etib tayinlanganda demokratlar safida bo‘lmagan. Linkoln o‘ldirilgach, Endryu Jonson demokratlar partiyasi safiga qo‘shilib, prezident bo‘ladi.
7. Stiven Grover Klivlend. AQShning 22 va 24-prezidenti (1837-1908)
Grover Klivlend AQShni 2 marta boshqaradi. Birinchi muddat 1885-1889 yillarda, ikkinchi muddat 1893-1897 yillarda AQSh prezidenti bo‘ladi.
8. Tomas Vudro Vilson. AQShning 28-prezidenti (1856-1924)
Vudro Vilson 1913-1921 yillarda ikki muddat prezidentlik qilgan.
9. Franklin Delano Ruzvelt. AQShning 32-prezidenti (1882-1945)

Franklin Delano Ruzvelt AQSh tarixida 2 muddatdan ko‘p prezidentlik qilgan yagona inson hisoblanadi. U jami 4 marta prezidentlik uchun kurashib, barchasida g‘alaba qozongan. Franklin Ruzvelt 1933-1945 yillarda prezident bo‘lgan.
10. Harri Trumen. AQShning 33-prezidenti (1884-1972)

Franklin Ruzvelt davrida vitse-prezident bo‘lgan Harri Trumen uning vafotidan so‘ng prezident bo‘ladi. U 1948 yil o‘tkazilgan saylovda ham g‘alaba qozonib, AQShni boshqarishda davom etadi. Qizig‘i shundaki, 1948 yilda o‘tkazilgan saylovda Trumenga asosiy raqib sifatida yutqazgan respublikachi Tomas Dyui 1944 yilda o‘tkazilgan saylovda Franklin Ruzveltga ham asosiy raqib bo‘lib yutqazgan edi.
11. Jon Kennedi. AQShning 35-prezidenti (1917-1963)

Jon Kennedi 1961-1963 yillar oralig‘ida AQShni boshqargan. Prezidentlik muddati tugamasdan unga suiqasd qilib, o‘ldirishadi.
12. Lindon Jonson. AQShning 36-prezidenti (1908-1973)
Lindon Jonson 1963-1969 yillarda prezident bo‘lgan. U avvaliga 1963 yil vitse prezident sifatida Kennedining o‘limidan so‘ng prezident bo‘lgan, keyin 1964 yil o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozongan.
13. Jimmi Karter. AQShning 39-prezidenti (1924 yilda tug‘ilgan)

Jimmi Karter 1977-1981 yillar oralig‘ida bir muddat AQShni boshqaradi. Ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovlarda respublikachilar vakili Ronald Reyganga yutqazadi.
14. Bill Klinton. AQShning 42-prezidenti (1946 yil tug‘ilgan)

Bill Klinton 1993-2001 yillar oralig‘ida 2 muddat AQShni boshqargan. Ikkinchi muddat tugash arafasida Klintonga Oq uyda prezident kotibasi bo‘lib ishlagan Monika Levinski bilan sodir bo‘lgan ishqiy munosabatlar uchun impichment xavf soladi. Ammo ish impichmentgacha yetib bormaydi va Klinton muddatini oxiriga yetkazib qo‘yadi.
15. Barak Obama. AQShning 44-prezidenti (1961 yilda tug‘ilgan)

Barak Obama 2009-2017 yillar oralig‘ida AQShni ikki muddat boshqaradi.
Respublikachilar partiyasi

AQShda Respublikachilar partiyasi XIX asrning ikkinchi yarmida, Viglar partiyasi va erkin yer tarqatish tarafdorlari tomonidan tuzilgan. Partiya vakillaridan Donald Trampni ham qo‘shib hisoblaganda 19 kishi AQShni boshqargan. Bu partiya tuzilganidan so‘ng AQSh prezidentligi uchun o‘tkaziladigan saylovlarda asosan Demokratlar va Respublikachilar partiyasi kurashib kelmoqda.
1. Avraam Linkoln. AQShning 16-prezidenti (1809-1865)

Avraam Linkoln 1861-1865 yillar oralig‘ida AQShni boshqargan. 1864 yilda o‘tkazilgan saylovda Linkoln ikkinchi muddatga prezident etib saylanadi. 1865 yil 9 aprel kuni Amerika Konfederativ Shtatlari (quldorlikni yoqlagan janubiy shtatlar ittifoqi) mag‘lubiyatga uchraydi. Oradan 5 kun o‘tib Linkolnga suiqasd qilinadi va oqibatda u vafot etadi.
2. Uillis Simpson Grant. AQShning 18-prezidenti (1822-1885)
Uillis Grant 1869-1877 yillar oralig‘ida ikki muddat AQShni boshqaradi.
3. Reterford Byorchard Xeys. AQShning 19-prezidenti (1822-1893)
Reterford Xeys 1877-1881 yillarda bir muddat prezident bo‘ladi. Ikkinchi muddat uchun nomzodini qo‘ymaydi.
4. Jyeyms Abram Garfild. AQShning 20-prezidenti (1831-1881)
Jyeyms Garfild 1881 yilda bir necha oy mamlakatni boshqarganidan so‘ng suiqasd oqibatida halok bo‘ladi.
5. Chester Alan Artur. AQShning 21-prezidenti (1829-1886)
Chester Artur 1881-1885 yillar oralig‘ida AQShni boshqaradi. U vitse prezident sifatida Jyeyms Garfildning o‘limidan so‘ng mamlakat prezidenti bo‘ladi. 1884 yilda o‘tkazilgan saylovda o‘z nomzodini qo‘ymaydi.
6. Benjamin Harrison. AQShning 23-prezidenti (1833-1901)
Benjamin Harrison 1889-1893 yillarda AQShni boshqaradi. 1892 yilda ikkinchi muddat uchun o‘tkazilgan saylovda Grover Klivlendga yutqazadi.
7. Uilyam Mak-Kinli. AQShning 25-prezidenti (1843-1901)
Uilyam Mak-Kinli 1897-1901 yillarda prezident bo‘ladi. 1900 yilda o‘tkazilgan saylovda u ikkinchi muddatga ham AQSh prezidenti etib saylanadi. 1901 yilda suiqasd oqibatida o‘ldiriladi.
Ma’lumot uchun, 1889 yil 21 noyabrda Uilyam Mak-Kinli ma’muriyatida vitse prezident bo‘lgan Garet Hobart vafot etadi va uning o‘rniga Teodor Ruzvelt vitse prezident etib tayinlanadi. Oradan qariyb 2 yil o‘tib Uilyam Mak-Kinli o‘ldiriladi va Teodor Ruzvelt uning o‘rniga AQSh prezidenti bo‘ladi. Shu tariqa Teodor Ruzvelt AQSh tarixida saylovlarsiz avval vitse prezident, so‘ng prezident lavozimlarini egallagan yagona shaxs bo‘ladi.
8. Teodor Ruzvelt. AQShning 26-prezidenti (1858-1919)

Teodor Ruzvelt 1901-1909 yillarda AQSh prezidenti bo‘lgan. U avvaliga vafot etgan Uilyam Mak-Kinli o‘rniga prezident bo‘ladi, 1904 yilda o‘tkazilgan saylovda g‘alaba qozonib, yana 4 yil AQShni boshqaradi. Teodor Ruzvelt 1908, 1912 yillarda o‘tkazilgan saylovlarda ham qatnashadi va mag‘lubiyatga uchraydi.
9. Uilyam Taft. AQShning 27-prezidenti (1857-1930)
Uilyam Taft 1909-1913 yillarda prezident bo‘lgan. U 1908 yilda o‘tkazilgan saylovda Teodor Ruzveltni ortda qoldirgan. 1912 yilda o‘tkazilgan saylovda esa Vudro Vilsonga yutqazadi.
10. Uorren Harding. AQShning 29-prezidenti (1865-1923)
Uorren Harding 1921-1923 yillarda AQShni boshqaradi. Prezidentlik muddati oxiriga yetmasdan, yurak xurujidan vafot etadi.
11. Kalvin Kulij. AQShning 30-prezidenti (1872-1933)
Kalvin Kulij 1923-1929 yillar oralig‘ida AQShni boshqargan. Avvaliga u vitse prezident sifatida Uorren Harding o‘rniga prezident bo‘ladi. So‘ng 1924 yilda o‘tkazilgan saylovlarda g‘olib chiqadi.
12. Herbert Klark Huver. AQShning 31-prezidenti (1874-1964)
Herbert Huver 1929-1933 yillar oralig‘ida prezident bo‘lgan. Huver AQShni boshqargan yillarda mamlakat moliyaviy va iqtisodiy inqirozni boshdan kechiradi. 1932 yilda o‘tkazilgan saylovlarda aholi Huverga ishonch bildirmaydi va u Franklin Ruzveltga juda katta farq bilan yutqazadi.
13. Duayt Eyzenxauer. AQShning 34-prezidenti (1890-1969)
Duayt Eyzenxauer 1953-1961 yillarda 2 muddat AQShni boshqargan. Eyzenxauer harbiy sifatida ikkita jahon urushida qatnashgan.
14. Richard Nikson. AQShning 37-prezidenti (1913-1994)

Richard Nikson 1969-1974 yillarda AQShni boshqargan. 1972 yilda o‘tkazilgan saylovlarda g‘alaba qozongach, oradan 2 yil o‘tib impichment xavfi tug‘ilganda o‘z ixtiyori bilan iste’fo beradi. Uning nomi «Uotergeyt mojarosi» bilan eslanadi.
15. Jyerald Ford. AQShning 38-prezidenti (1913-2006)
Jyerald Ford 1974-1977 yillarda AQShni boshqaradi. U vitse prezident sifatida 1974 yil iste’foga chiqqan Richard Niksonning o‘rniga prezident bo‘ladi. 1976 yilda o‘tkazilgan saylovlarda Jimmi Karterga yutqazadi.
16. Ronald Reygan. AQShning 40-prezidenti (1911-2004)

Ronald Reygan 1981-1988 yillarda prezident bo‘lgan. U prezidentlik qilgan yillarda AQShning g‘oyaviy dushmani sanalgan SSSRda to‘rtta rahbar ishlagan: Leonid Brejnev, Yuriy Andropov, Konstantin Chernenko va Mixail Gorbachyov.
17. Katta Jorj Bush. AQShning 41-prezidenti (1924-2018)
Jorj Gerbert Uoker Bush AQShni 1989-1993 yillar oralig‘ida 1 muddat boshqargan. U 1992 yil o‘tkazilgan saylovlarda Bill Klintonga yutqazib qo‘ygan. Katta Bush AQSh prezidentlari orasida eng uzun ism-sharifga ega rahbar hisoblanadi.
18. Kichik Jorj Bush. AQShning 43-prezidenti (1946 yilda tug‘ilgan)

Jorj Uoker Bush (Kichik Bush) 2001-2009 yillar oralig‘ida ikki muddat prezident bo‘lgan. Uning davrida AQShda zamonaviy dunyo tarixidagi eng yirik terakt – Nyu-York terakti sodir bo‘ladi. Kichik Bush davrida AQSh Iroqqa kiradi, Afg‘onistonda keng ko‘lamli harbiy amaliyotlar o‘tkaziladi, Saddam Husayn o‘ldiriladi, AQSh prezidenti Moskvadagi g‘alaba paradida qatnashadi va yana ko‘plab voqealar sodir bo‘ladi. Shunday bo‘lsa-da, Bush ikki muddatni eson-omon o‘tkazib oladi.
19. Donald Tramp. AQShning 45-prezidenti (1946 yilda tug‘ilgan)

Donald Tramp 2017-2021 yillar oralig‘ida AQShni boshqarmoqda va katta ehtimol bilan ikkinchi muddatga saylana olmaydi. Uning Baydenga mag‘lubiyati rasman e’lon qilinishi qoldi xolos.
Federalistlar
Federalistlar – Amerikada Angliyadan mustaqil bo‘lib, federal boshqaruvdagi davlat tuzishni yoqlaganlar. Ular AQSh tuzilayotganda yangi davlat federal boshqaruvga asoslanishini qo‘llashgan.
Amerika Buyuk Britaniya boshqaruvidan ajralib chiqib, AQShda federal boshqaruv tizimi o‘rnatilgandan so‘ng turli partiyalar tuziladi va federalistlarga hojat qolmaydi. Shu tariqa mazkur harakat yo‘q bo‘lib ketadi.
1. Jorj Vashington. AQShning 1-prezidenti (1732-1799)

Jorj Vashington 1789-1797 yillarda 2 muddat AQShni boshqargan. Amerikani Buyuk Britaniyadan ajratib olish va federal boshqaruv tizimiga asoslangan davlat tuzish tarafdorlarining yetakchisi bo‘lgan.
2. Jon Adams. AQShning 2-prezidenti (1735-1826)
Jon Adams ham Jorj Vashingtonning hammaslagi hisoblanadi. U 1797-1801 yilda 1 muddat AQShni boshqargan.
Demokrat-respublikachilar
Mazkur partiya ham AQShda ilk tuzilgan partiyalardan biri hisoblanadi. Keyinchalik Respublikachilar partiyasi tuzilgandan so‘ng u tarqab ketgan.
1. Tomas Jyefferson. AQShning 3-prezidenti (1743-1826)
Tomas Jyefferson AQShni 1801-1809 yillarda 2 muddat boshqargan.
2. Jyeyms Medison. AQShning 4-prezidenti (1751-1836)
Jyeyms Medison AQShni 1809-1817 yillar oralig‘ida 2 muddat boshqargan.
3. Jyeyms Monro. AQShning 5-prezidenti (1758-1831)
Jyeyms Monro AQShni 1817-1825 yillarda 2 muddat boshqargan.
4. Jon Kuinsi Adam. AQShning 6-prezidenti (1767-1848)
Jon Adams 1825-1829 yillarda bir muddat AQShni boshqargan. 1828 yilda o‘tkazilgan saylovlarda demokratlar vakili Endryu Jyeksonga yutqazib qo‘ygan.
Viglar partiyasi
Ushbu partiya ham AQShda ilk tuzilgan partiyalardan biri hisoblanadi. Keyinchalik bu partiya a’zolari erkin yer tarqatish tarafdorlari bilan birlashib, Respublikachilar partiyasini tashkil etgan.
1. Uilyam Henri Harrison. AQShning 9-prezidenti (1773-1841)
Uilyam Harrison bor yo‘g‘i 1 oy prezidentlik qilgan. 1841 yil 4 mart kuni sovuq havoda qasamyod qilish marosimida 2 soat nutq so‘zlagan Harrison kasal bo‘lib yotib qoladi va 1 oydan so‘ng vafot etadi.
2. Jon Tayler. AQShning 10-prezidenti (1790-1862)
Jon Tayler 1841-1845 yillar oralig‘ida AQShni boshqargan. U vitse prezident sifatida Uilyam Harrison vafotidan keyin prezident bo‘lgan. Ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘ymagan.
3. Zakari Teylor. AQShning 12-prezidenti (1784-1850)
Zakari Teylor 1849-1850 yillar oralig‘ida 1 yildan oshiqroq vaqt AQShni boshqargan va kasallanib, vafot etgan.
4. Milliard Fillmor. AQShning 13-prezidenti (1800-1874)
Milliard Filmor vitse prezident sifatida Zakari Teylorning vafotidan so‘ng prezident bo‘ladi. 1852 yilda o‘tkazilgan saylovda viglar partiyasi unga emas, Uinfild Skottga ishonch bildiradi. Saylovlarda Franklin Pirsga yutqazib qo‘yadi.
Mavzuga oid
00:01
Eron AQSh zarba bergan taqdirda to‘laqonli qarshi hujumga o‘tmoqchi – OAV
19:33 / 25.02.2026
O‘zbekiston va “Traxys Group” o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yildi
19:11 / 25.02.2026
Markaziy Osiyo davlatlari va AQSh Ukrainada tinchlikni saqlash to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilishda betaraf qoldi
17:49 / 25.02.2026