O‘zbekiston | 08:34 / 28.11.2023
7764
2 daqiqa o‘qiladi

Voyaga yetmaganlar bo‘yicha inspektor-psixologlarga ota-onalarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash huquqi beriladi

Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarga voyaga yetmaganlarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmagani uchun ota-onalar yoki ular o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash huquqi berilishi nazarda tutilyapti. 

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida bir qator qonun loyihalari partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda muhokama qilindi.

“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasiga ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xodimlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar hamda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish borasidagi faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokamalar markazida bo‘ldi.

Qonun loyihasi bilan voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarning hamda ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari xotin-qizlar masalalari bo‘yicha (katta) inspektorlarining vakolatlari kengaytirilyapti. Shu maqsadda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 248-moddasiga qo‘shimchalar kiritilyapti.

Voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlarga voyaga yetmaganlarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarini bajarmaganligi uchun ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llash huquqi berilishi nazarda tutilyapti. Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlarga himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun nazarda tutilgan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolati berilishi kutilmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Mavzuga oid