15:00 / 24.01.2019
7525

Toshkentdan Myunxen, Tbilisi va Karachiga reyslar yo‘lga qo‘yiladi

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi tashkil topganining 27 yilligi munosabati bilan aviakompaniya matbuot xizmati tomonidan hisobot e'lon qilindi. Unda amalga oshirilgan ishlar bilan birga kelajakdagi rejalar to‘g‘risida ham ma'lumot berilgan.

Aviakompaniya press-relizida so‘nggi uch oyda Hindistonning Mumbay, Rossiyaning Vladivostok va Saudiya Arabistonining Jidda shaharlariga uchta yangi yo‘nalish ochilgani qayd etilgan.

2019 yilda esa Toshkentdan Gruziyaning Tbilisi, Germaniyaning Myunxen va Pokistonning Karachi shaharlariga parvozlar yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, o‘tgan yil aviakompaniya amalga oshirgan umumiy reyslari soni 21 mingdan ortiqni tashkil etdi.

Eng talabgir reys Toshkent—Moskva yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda, o‘tgan yilda parvozlar soni haftasiga 27taga yetgan, Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz, Namangan va Farg‘ona shaharlaridan Moskvaga amalga oshirilgan parvozlar bilan qo‘shib hisoblaganda esa jami 49tani tashkil qilgan.

Bugungi kunda eng mashhur yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolayotgan Toshkent—Istanbul yo‘nalishida haftasiga 10ta va Samarqand—Istanbul yo‘nalishida esa haftasiga 2ta reys amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, 2018 yilda Toshkent—Seul, Toshkent—Dushanbe, Toshkent—Bishkek, Toshkent—Minsk, Toshkent—Rostov-Don, Toshkent—Astana va Toshkent—Novosibirsk yo‘nalishlarida ham parvozlar soni oshgan.

Top