Iqtisodiyot | 15:03 / 15.10.2025
29013
7 daqiqa o‘qiladi

​​​​​​​Go‘sht narxi rekord darajada oshdi. Sabab nima?

Global miqyosda mol go‘shtining bir kilogrammi uchun o‘rtacha narx 6,9 dollargacha qimmatlashdi. Bu mutlaq rekord ko‘rsatkichdir. O‘zbekistonda ham go‘sht narxining oshishi yillik inflatsiyadan 3 barobar yuqori bo‘lib qolyapti. Xo‘sh, bunga nimalar sabab bo‘lyapti?

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

2025 yilning sentabr oyida dunyo bo‘ylab mol go‘shtining bir kilogrammi uchun o‘rtacha narx 6,9 dollargacha qimmatlashdi. Bu 1960 yildan keyingi davrda qayd etilgan rekord ko‘rsatkich, deya xabar berdi Jahon banki.

Go‘sht narxi ketma-ket 4 oydan beri oshib boryapti. Yillik hisobda narx o‘sishi 10 foizga yaqinlashdi. Bunga asosiy sabab sifatida ishlab chiqarish hajmining qisqarishi keltirilyapti. Chunki qoramolni yetishtirish uzoq vaqt talab etadi: bitta buqa so‘yiladigan og‘irlikka yetishi uchun taxminan ikki yil kerak.

TRT nashrining yozishicha, qoramol go‘shti nafaqat cho‘chqa va parranda go‘shtidan sekin tayyor bo‘ladi, balki uni boqish ham ancha qimmatga tushadi. Ayniqsa yem-xashakka ko‘p mablag‘ ketadi. Masalan, bir kilogramm mol go‘shti ishlab chiqarish uchun 15 ming litr suv sarflanadi.

Fermerlar uchun yana bir muammo — iqlim o‘zgarishi. Qurg‘oqchilik sabab yaylovlar va ozuqa hosili qisqarib boryapti. Natijada hayvonlarni erta so‘yish boshlangan.

Mol go‘shti narxini oshirayotgan yana bir omil — Trampning boj urushi. AQShning boshqa davlatlar bilan savdo ziddiyatlari noaniqlikni kuchaytirib, savdo zanjirlarini buzyapti. Bundan tashqari, yoqilg‘i narxining oshishi fonida logistika va qayta ishlash xarajatlari ham qimmatlashgan.

Shuningdek, Yevropaning ayrim mamlakatlarida kasallik sabab qoramollarning qirilib ketishi ham ta’minot qisqarishiga olib kelgan.

Shu bilan birga, go‘sht iste’moli ham ortib boryapti. Koronavirus pandemiyasi va cheklovlardan so‘ng aholi yana faol tarzda go‘sht yeyishni boshlagan.

AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda iste’mol qilinadigan go‘sht turlari ichida mol go‘shtining ulushi 24 foizni tashkil etadi. Bu borada cho‘chqa go‘shtining ulushi 36 foiz, parranda go‘shtining ulushi 33 foiz, qo‘y go‘shtining ulushi esa atigi 5 foiz. Dunyodagi eng yirik go‘sht yetkazib beruvchi mamlakatlar – AQSh, Braziliya va Xitoy hisoblanadi.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, taklif qisqarib, talab oshib borayotgani sababli narxlar doimiy tarzda qimmatlashib boradi. Natijada 10-15 yildan keyin mol go‘shti faqat badavlat odamlar sotib olishga qurbi yetadigan hashamatli taomga aylanishi mumkin.

Yaqin kelajakda iste’molchilar laboratoriyada yetishtirilgan sun’iy go‘shtga o‘tishi ehtimoli ham bor. Gollandiya, AQSh va Isroil kompaniyalari allaqachon hayvon so‘ymasdan mol go‘shti ishlab chiqarish bilan shug‘ullanyapti.

O‘zbekistonda go‘sht narxining qimmatlashishi

Statistika qo‘mitasining rasmiy raqamlariga qaraydigan bo‘lsak, sentabr oyi yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda suyaksiz mol go‘shtining yillik nisbatda qimmatlashishi 25,2 foiz, suyakli mol go‘shti narxining oshishi esa 23,2 foiz bo‘lgan. Oxirgi yillarda go‘sht narxining qimmatlashishiga bir nechta omillar majmuasi ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Birinchidan, chorva mollarini oziqlantirish uchun ajratilgan yer maydonlari qoramollar soniga mutanosib emas. Oldin mavjud bo‘lgan yaylovlar o‘rni ekinzorga aylanishi bilan nomutanosiblik kengayib boryapti. Ya’ni fermer chorvachilikni kengaytirishni istasa ham, buning uchun unda yetarli yer maydoni mavjud emas.

Yaylov chorvachiligida go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarishga qilinadigan xarajatlar qoramolchilikdagiga nisbatan ancha kam bo‘lib, mahsulot ishlab chiqarish tannarxning pastligi tufayli go‘sht narxini muvozanatlovchi asosiy omil hisoblanadi. Iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sababli yaylovlarning qisqarishi tabiiy ravishda kuchayib boryapti. Shuningdek, buta va yarim buta o‘simliklarini o‘tin va boshqa xo‘jalik ehtiyojlari uchun chopib olish ham yaylovlar inqirozi va cho‘llanish jarayonini tezlashtirgan.

O‘z navbatida, yaylovlarning qisqarishi mavjud zaxiralardan ko‘proq foydalanishni taqozo etadi. Buning oqibatida o‘simliklarning normal o‘sib rivojlanishi va urug‘ hosil qilishi, tuproqqa urug‘larning to‘kilishi kabi muhim tabiiy jarayonlar sekinlashadi.

Ya’ni hozirgi narxlar oshishini barqarorlashtirish, bozordagi taklifni oshirish uchun birinchi navbatda mazkur ko‘p yillik tizimli muammoni hal qilish kerak bo‘ladi. Cho‘l yaylovlarining hajmi va hosildorligini oshirmay turib, ularda boqilayotgan chorva hayvonlari bosh sonini ko‘paytirishning iloji yo‘q. Masalan, ayrim mamlakatlarda yaylovlar holatini yaxshilash uchun har yili bir yillik o‘simlik urug‘larini sepish yo‘lga qo‘yilgan.

Ikkinchidan, go‘shtning katta qismi odamlar tomonidan xonadonlarda yetishtiriladi. Bunda qo‘shimcha daromad olish maqsadida yosh qoramol chorvadordan sotib olinadi va semirtirib sotiladi. Shrot va kunjara kabi mahsulotlar narxining tez o‘zgaruvchanligi, yem-xashak uchun yer maydonlarining yetarli emasligi, makkajo‘xori kabi ekinlarni ekishga qo‘yilgan norasmiy cheklovlar chorva uchun oziq-ovqat narxlarini qimmatlashtiryapti.

Narxlarning ko‘tarilishi fonida import hajmi ham oshib boryapti. Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning sentabr oyida 62 mln dollarlik 14,1 ming tonna mol go‘shti import qilingan. Bu oylik nisbatda olinganda mutlaq rekord ko‘rsatkichdir. 1 kg import go‘shtning o‘rtacha bahosi 4,38 dollarni tashkil etgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning mos davrida bu ko‘rsatkich 3,73 dollarga teng bo‘lgan.

Doston Ahrorov tayyorladi.

Mavzuga oid