O‘zbekiston | 20:44 / 18.03.2019
12524
2 daqiqa o‘qiladi

Fanlar Akademiyasi: Usmon Yusupov haqida kitob nashr etiladi

2020 yilda davlat arbobi Usmon Yusupov tavalludining 120 yilligi munosabati bilan uning faoliyatini aks ettiruvchi kitob nashr etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi rahbariyati 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston tarixi: yutuqlar, muammolar va istiqbolli rejalar»​ mavzusidagi matbuot anjumanida ma'lum qildi.

Fanlar Akademiyasi tarix instituti direktori Ravshan Abdullayevning ma'lum qilishicha, Usmon Yusupovning biografiyasi va siyosiy faoliyati haqida batafsil ma'lumot beruvchi kitob arbobning 120 yillik yubileyi arafasida chop etilishi kutilmoqda.

«Yaqinda Usmon Yusupovning Kanadada istiqomat qilayotgan qizi —​ Innesa Usmonovadan xat oldik. Unga ko‘ra, Yusupovning hayot yo‘li haqida kitob nashr qilish so‘ralgandi. Biz buni inobatga oldik. Ilgari ham bu borada qator ishlar qilinayotgandi, endi ular yanada jadallashtirildi», —​ deydi u.

Tadbirda ma'lum qilinishicha, Akademiyaning maxsus granti doirasida o‘tgan asrning 20-,40-yillarida faoliyat yuritgan siyosiy rahbarlar haqida kitoblar chop etish ustida ishlar olib borilmoqda.

Ma'lumot uchun, Usmon Yusupovich Yusupov (1901 –1966) sovet davlat arbobi va kommunistik partiya vakili. 1937 –1950 yillarda O‘zbekiston kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining birinchi sekretari lavozimida ishlagan.

Mavzuga oid