O‘zbekiston | 22:02 / 08.08.2023
19808
3 daqiqa o‘qiladi

Koson hokimi mahalla raislarini soliq yig‘ishga majburlab, haqoratlagani aytilmoqda

Kun.uz ixtiyoriga Qashqadaryo viloyati Koson tumani hokimi Asrol Boyqorayev mahalla raislarini soliq yig‘ishga majburlayotgani, yig‘ilishlarda kurakda turmas so‘zlar bilan haqoratlayotgani aytilgan murojaat kelib tushdi.

Asrol Boyqorayev

Videomurojaat tumandagi Obihayot mahallasi raisi Xudoynazar Po‘latov tomonidan yo‘llangan. Mahalla raisi hokim topshirig‘iga ko‘ra fermerlar bilan uchrashib, soliq to‘lash kerakligini tushuntirgan. Biroq fermerlar hududda muammo ko‘pligi, jumladan suv tanqisligi sababli og‘ir vaziyatga tushib qolishganini aytgan.

Xudoynazar Po‘latovning aytishicha, odamlarda suvdan tashqari ham bir qancha muammolar yig‘ilib qolgan. Shu kabi masalalarni Asrol Boyqorayevga ma’lum qilish uchun hokimiyatga borganida hokim qabul qilmagan. Hokimning o‘rniga o‘rinbosarlari javob bergan. Mahalla raisi hokim o‘rinbosaridan: “Nima muammong bo‘lsa, o‘zing yechasan. Hokimda nima ishing bor, hokim senga nima qilib beradi? Nima uchun ishlayapsan, agar qo‘lingdan kelmasa, ket”, qabilidagi javobni olganini aytmoqda.

“Yigirma martalar faollar ishtirokida mahallamizdagi muammolarni hokimga aytmoqchi bo‘ldik, lekin bizni eshitmadi.

Odatda hokimiyat majlislar zaliga yig‘ilamiz. Har safar mavzu soliq va quyosh panelidan boshlanib, shu muammo bilan tugaydi. Aholining dardi, aholining muammosi haqida hokim hech kimning ovozini ochganiyam, gapirganiyam qo‘ymaydi.

Hammamizni ona yaratgan. Biroq yig‘ilishlarda hokim Boyqorayev har doim ota-onadan so‘kadi, haqorat qiladi. Bu gaplarga chidab bo‘lmaydi, shu yoshga kirib men bunaqa so‘kishlarni eshitaman, deb o‘ylamagandim. Yig‘ilishlarning aksariyatida xotin-qizlar ham qatnashadi. Hokim mana shunday paytdayam og‘ziga kelgan haqoratni aytaveradi”, – deydi yetmish besh yoshli mahalla raisi Xudoynazar Po‘latov.

Kun.uz ixtiyorida videomurojaatning to‘liq varianti mavjud.

Bundan tashqari, ovozi Koson tumani hokimiga tegishliligi aytilayotgan boshqa audio ham Kun.uz ixtiyoriga kelib tushdi. Bu audioda ovoz egasi unga bo‘ysunuvchi shaxsni ayovsiz haqoratlagan, ota-onasidan so‘kib, kurakda turmas so‘zlarni ishlatgan.

Eslatib o‘tamiz, Asrol Boyqorayev bir muddat avval yig‘ilishda fermerlarning ro‘zasini majburan ochdirgani haqida xabarlar tarqalgandi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Bosh prokuraturaga xat chiqargandi. Lekin Bosh prokuraturaning xulosasi hozirgacha ma’lum qilinmagan.

Mavzuga oid