Jahon | 12:28 / 23.11.2020
12956
20 daqiqa o‘qiladi

Efiopiyadagi urush. Qit'aning qadimiy davlati «Afrika Yugoslaviyasi»ga aylanadimi?

Efiopiyada hukumat va «Tigray ozodlik xalq fronti» (TOXF) o‘rtasidagi ziddiyat hali-beri yakunlanmaydigan ko‘rinmoqda. Qariyb uch haftadan buyon davom etayotgan qarama-qarshilik natijasida yuzlab kishilar halok bo‘ldi va o‘n minglab kishilar qochqinga aylandi. BMT keng ko‘lamli gumanitar inqiroz haqida ogohlantirmoqda, mojaro ishtirokchilari xalqaro hamjamiyatning o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi chaqiriqlarini e'tiborsiz qoldirmoqda.

Minglab kishilar Sudanga qochib o‘tishga majbur bo‘lgan / AFP

Efiopiya bosh vaziri, 2019 yilda qo‘shni Eritreya bilan ko‘p yillik nizo hal bo‘lishidagi sa'y-harakatlari uchun tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotiga sazovor topilgan Abiy Ahmad Ali hozircha xalqaro hamjamiyatning ayirmachilar bilan muzokaralar boshlash haqidagi chorlovlarini eshitishni istamayapti. «Tigray ozodlik xalq fronti» esa g‘alabali yakunga qadar kurashishga ahd qilgan.

Afrika qit'asidagi qadimiy bu mamlakat «Afrika Yugoslaviyasi»ga aylanadimi va ziddiyat ko‘lami Efiopiya chegaralaridan tashqariga ham yoyiladimi?

Tigrayda Efiopiyaning jami aholisining 7 foizi yashaydi, ammo ushbu xalq vakillari uzoq vaqt mobaynida hukumatda va armiyada muhim lavozimlarni egallab kelishgan.

110 million kishi istiqomat qiladigan Efiopiya - Afrikada hududi kattaligi bo‘yicha Nigeriyadan keyingi ikkinchi o‘rinda turadi, qit'ada mustamlakachilikni boshdan kechirmagan ikki davlatdan biri (ikkinchisi Liberiya) hisoblanadi, (italiyaliklarning 1936-1941 yillardagi qisqa muddatli okkupatsiyasini hisoblamaganda), bundan tashqari, 2 ming yildan buyon turli nomlarda mavjud bo‘lgan Yer yuzidagi eng qadimiy davlatlardan biridir.

4 noyabr kuni boshlangan qurolli nizodan keyin bu davlat jahon afkor ommasi diqqat markaziga tushdi, kuzatuvchilarning fikricha, rasmiy Addis-Abebaning optimistik bayonotlariga qaramay millatlararo xarakterdagi bu nizo Efiopiyani parchalashi tahdidi yuzaga kelgan.

Tahlil:
Georgiy Erman, BBC

Ikki haftadan buyon davom etayotgan qurolli to‘qnashuvlar shuni ko‘rsatadiki, bu ziddiyat mamlakatni bo‘lib yuborishi, butun Sharqiy Afrikada beqarorlik yuzaga keltirishi va hatto Yevropaga zarba berishi mumkin. Atigi bir yil muqaddam bosh vazir Abiy Ahmad qo‘shni Eritreya bilan o‘tgan asrning 90-yillaridan buyon davom etib kelgan chegara nizosini hal etgani uchun Nobel mukofotiga munosib ko‘rilgandi, hozir esa u yangi urush boshlagan.

Hozirgacha nimalar bo‘lib o‘tdi?

Tigray - Efiopiya shimolida joylashgan viloyat bo‘lib, Eritreya va Sudan bilan chegaradosh. Olti millionlik aholisining 95 foizini tigray xalqi tashkil etadi.

Tigrayliklar Efiopiyaning jami aholisi sonida 7 foizlik ulushga ega, ammo aynan shu xalq vakillari uzoq vaqt davomida Efiopiya armiyasida muhim pozitsiyalarni egallab kelishgan. Shuning evaziga ayirmachilar qarshilik ko‘rsatish uchun yetarli resurslar va jang olib borish tajribasiga ega.

Janglar 4 noyabr kuni Abiy Ahmad ushbu viloyatni boshqaradigan «Tigray ozodlik xalq fronti» partiyasi a'zolarini federal armiyaning harbiy bazasiga hujum uyushtirishda ayblashi ortidan boshlanib ketdi.

Shu kunning o‘zida Efiopiya parlamenti «Tigray ozodlik xalq fronti»ni terrorchi tashkilot sifatida e'lon qildi, mamlakat prokuraturasi tashkilot yetakchisi, Tigray prezidenti maqomida bo‘lgan Debretsion Gebermaykl boshliq 64 kishini hibsga olishga order berdi.

Hukumat aviatsiya yordamida hujum boshladi. Abiy Ahmad tinimsiz ravishda harbiy muvaffaqiyatlar bilan maqtanmoqda, ayirmachilar rahbarlari ham ayni shu ishni qilishmoqda.

«Adolat g‘olib bo‘ladi. Efiopiya g‘alaba qiladi. Qonun ustuvorligini ta'minlaymiz va Efiopiyani talagan va tinchlikka raxna solganlarni javobgarlikka tortib, doimiy tinchlik va hamjihatlikka asos solamiz», deb yozdi u 15 noyabr kuni tvitterdagi sahifasida.

«Hali hech kim Tigray xalqi dushmanga tiz cho‘kkanini ko‘rmagan», dedi Geberemaykl va Efiopiyadagi boshqa xalqlarni o‘zini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

12 noyabr kuni Amnesty International May-Kadera shahrida «yuzlab kishilar vahshiylarcha o‘ldirilgani» haqida xabar tarqatdi.

Guvohlarning tasdiqlashicha, «Tigray ozodlik xalq fronti» jangchilari federal armiyaga qarshi jangda mag‘lubiyatga uchragach, 9 noyabr kuni kechqurun May-Kadera hududida qirg‘in uyushtirgan. Avtomatdan otib yoki tig‘li qurol bilan chopib o‘ldirilganlar orasida asir tushgan efiopiyalik harbiy xizmatchilar ham, Efiopiyaning boshqa hududlaridan Tigrayga qishloq xo‘jaligi ishlarida ishlash uchun kelgan tinch aholi vakillari ham bor edi.

Abiy Ahmad «olchoq xunta»ni «yurakni larzaga soluvchi shafqatsizlik» qilishda aybladi. Debretsion Geberemaykl esa «Frans press» uchun bergan intervyusida bu fojia haqida hech narsa bilmasligini aytdi, shu bilan birgalikda, hukumatni viloyat markazi Mekelleda va Adigrat shahridagi aviazarbalar oqibatida tinch aholi vakillari halok bo‘lishiga sababchi sifatida aybladi.

Harbiy harakatlar 9 kun muqaddam, mamlakat hukumati Tigraydagi harbiy bazaga hujum uyushtirilganini ma'lum qilgach boshlangandi

14 noyabr kuni «Tigray xalq ozodlik fronti» Tigray janubida joylashgan qo‘shni viloyat Amhara hududidagi ikki aeroportga raketalar orqali zarba yo‘lladi. Tashkilot buni hukumat aviatsiyasi zarbalariga javob sifatida izohladi.

«Tigrayga hujumlar to‘xtamas ekan, raketalar uchirilishi davom etadi», deya ma'lum qildi partiya vakillari.

15 noyabr kuni Debretsion Geberemaykl uning tarafdorlari tomonidan qo‘shni davlat Eritreya poytaxtiga ham raketalar orqali hujum qilinganini tasdiqladi, tigrayliklar Efiopiyani Abiy Ahmadga yordam berishda ayblashgan.

Tigray aholisining katta qismi xristianlar, butun Efiopiyada ham xristianlik asosiy din hisoblanadi / GETTY IMAGES

Hozircha tomonlarning hech biri muzokaralarga tayyorligini bildirmagan.

«Abiyning urush e'lon qilishdan maqsadi Tigray ustidan to‘liq nazorat o‘rnatishdir. Ammo ziddiyat kundan kunga o‘sib bormoqda va bu mojaro oqibatida o‘n minglab kishilar halok bo‘lishi mumkin. Mamlakat parchalanib ketishi ham mumkin», deb hisoblaydi Bostondagi Tafs universiteti qoshidagi World Peace Foundation jamg‘armasi ijrochi direktori, Sharqiy Afrika bo‘yicha qator risolalar muallifi Aleks de Vaal.

BMTning qochqinlar ishi bo‘yicha boshqarmasi oliy komissari mintaqada keng ko‘lamli gumanitar inqiroz yuzaga kelgani haqida ma'lum qilgan. Hozirgacha o‘n minglab tigrayliklar Sudanga qochib o‘tgan, boshqarma vakili Babar Baloxning Jyenevadagi brifingda ma'lum qilishicha, qochqinlar soni kuniga o‘rtacha to‘rt ming nafarga o‘smoqda.

«Efiopiyadan haddan tashqari qo‘rqib ketgan odamlar kelishmoqda va adoqsiz urushdan qochib kelishayotganini aytishmoqda», deya qo‘shimcha qilgan u.

Ziddiyat ibtidosi

1991 yilda SSSR va Kuba qo‘llovi bilan 17 yillik boshqaruvi davrida mamlakatni ochlik va terror botqog‘iga botirgan Mengistu Xayle Mariam ag‘darilganidan keyin g‘oyaviy jihatdan so‘l bo‘lgan «Tigray ozodlik xalq fronti» mamlakat siyosiy hayotidagi muhim kuchga aylangan.

Keyinchalik markschilik g‘oyalaridan voz kechgan va siyosiy partiyaga aylangan «Tigray ozodlik xalq fronti» 2018 yilga qadar federal miqyosda asosiy kuch bo‘lgan. Partiya yetakchisi Meles Zenaui 2012 yilgacha (o‘limiga qadar) Efiopiyani goh prezident goh bosh vazir sifatida boshqargan.

Zenauining vafotidan ko‘p vaqt o‘tmasdan Efiopiyadagi boshqa xalqlar va ularning partiyalari tigraylar davlat apparati va armiyada ustun mavqega egaligidan norozilik bildira boshlashi hokimiyat almashinuviga olib keldi. 2018 yil aprelida hukumat tepasiga Efiopiyadagi asosiy xalqlardan yana biri bo‘lmish oromo xalqiga mansub, asli kasbi dasturchilik bo‘lgan, korrupsiyaga qarshi kurash va islohotlar o‘tkazishni va'da qilgan 41 yoshli Abiy Ahmad keladi.

Uning davrida siyosiy mahbuslar qamoqxonalardan chiqariladi, hukumatdagi lavozimlarning yarmini ayollar egallaydi, Eritreya bilan 20 yillik urushga yakun yasaladi.

Avvalgi hukumatga yaqin bo‘lgan qator shaxslar inson huquqlari buzilishi yoki davlat xazinasini talon-toroj qilishda ayblanib, sudga tortiladi. Ularning orasida Tigraydan chiqqan harbiylar va siyosatchilar ham kam emasdi.

Vaziyatdan norozi bo‘lganlar Tigray rahbarlari atrofida birlasha boshlaydi. Debretsion Geberemaykl doimiy ravishda Abiy Ahmadni tanqid qilib, uni diktatorlarga xos qiliqlar chiqarishda ayblaydi, azaldan Tigrayning dushmani sanalgan Eritreya bilan tuzilgan tinchlik bitimini qoralaydi.

2018 yilda Efiopiyaning sobiq aloqa vaziri, yangi hukumatdan lavozim ololmagan tigraylik Getachu Reda BBC bilan suhbatda «Tigray barchasiga balogardon qilingani» haqida gapirgandi.

O‘z navbatida, Abiy Ahmad provinsiya rahbariyatini ayirmachilikda, korrupsiyada va islohotlarni sabotaj qilishda ayblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tigray qonun ta'qibidan qochganlar uchun panogohga aylangan.

2019 yilda bosh vazir hukumatdagi koalitsiyani qayta shakllantiradi – etnik partiyalar koalitsiyasi yagona Farovonlik partiyasiga birlashtiriladi. «Tigray ozodlik xalq fronti» uning tarkibiga kirishdan bosh tortadi va muxolifat e'lon qilinadi.

«Bizni o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilash huquqimizdan ayirmoqchi bo‘lganlar qarshisida hech qachon ortga chekinmaymiz», degandi Geberemaykl 2020 yil avgustida.

9 sentabr kuni Efiopiyada parlament saylovlari va mahalliy kengashlarga saylovlar o‘tkazilishi kerak edi, ammo hukumat koronavirus pandemiyasi tufayli saylovlarni qoldiradi. Tigray hukumati bunga bo‘ysunmaydi va provinsiyada ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi, taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, saylovlarda TOXF katta ustunlik bilan g‘olib bo‘lgan. Shundan so‘ng ikki tomon bir-biriga qarshi keskin bayonotlar bilan chiqish qila boshlaydi.

2 noyabr kuni Geberemaykl Tigray urushga tayyor turishi lozimligi haqida gapiradi. Ikki kun o‘tib urush boshlanadi.

Yugoslaviya ssenariysi ro‘y beradimi?

Efiopiya – o‘z parlamentlari va prezidentlariga ega 10 provinsiyadan iborat bo‘lgan federativ davlat hisoblanadi.

Mamlakatda to‘rt yirik millat - oromo (aholining 34 foizi), amhara (27 foiz), tigray hamda somalilar (6 foizdan) istiqomat qiladi va bu millatlar ko‘pchilikni tashkil qiladigan hududlarda alohida provinsiyalar tuzilgan.

Boshqa o‘nlab kichik millatlar muxtoriyatga ega emas, ularning ayrimlari bunga erishish uchun kurashib kelishadi.

Umumiy aholi sonida 4 foizlik ulushga ega bo‘lgan, Efiopiya eksportida yetakchi o‘rin tutadigan qahva yetishtiriladigan hududda yashovchi sidlar faqat shu yilga kelib namoyishlar va qat'iy talablar evaziga o‘zlarining provinsiyasini tashkil etishga erishishgan.

Etnik xilma-xillikdan tashqari mamlakat aholisi turli dinlarga e'tiqod qiladi. Amharalar va tigraylar orasida Efiopiya pravoslav cherkovi ustunlik qiladi, oromolarning yarmi va somalilarning barchasi – musulmonlar hisoblanadi.

Abiy Ahmad - Yevangel-xristian cherkoviga mansub protestant, uning otasi - musulmon oromo, onasi - xristian amhara.

Abiy Ahmad Tigray qonundan qochganlar uchun boshpanaga aylanganini ma'lum qilgan

1270 yildan 1974 yilgacha mavjud bo‘lgan Efiopiya imperiyasini amharalardan chiqqan sulola boshqargan. Bu xalq yuz yillar mobaynida mamlakatda ustun mavqega ega bo‘lgan. Amhara tili davlat tili bo‘lgan, bu tilni bilmaganlar mansab pillapoyalaridan ko‘tarila olmasdi.

XX asrning ikkinchi yarmiga kelib oromo, tigray va somali xalqlari ham kuchaya boshladi. Mengistu rejimi ag‘darilgach, amharalarning yakkahokimligi o‘tmishda qoldi.

Aleks de Vaal Abiy Ahmadning hokimiyatga kelishini amharalarning revanshiga qiyoslaydi.

«Uning hokimiyatining ustuni amharalar elitasi hisoblanib, ular federativ tizimni bekor qilib, unitar tizimga qaytishni istashadi. Etnik federalizmni tanqid qilish uchun asoslar yetarli, ammo Efiopiyadagi yaxshi qurollangan va siyosiy yetakchilarga ega bo‘lgan turli guruhlar o‘zlarini boshqarishlarini istashmaydi», deb hisoblaydi ekspert.

Hozirgi ziddiyatli vaziyatda Amhara markaziy hukumatni qo‘llab-quvvatlamoqda. Amhara Tigrayga nisbatan hududiy da'voga ega bo‘lib, ko‘plab amharalar o‘zlarini davlatni tashkil etgan millat deb bilishadi.

Inqirozni keltirib chiqargan yana bir omil – iqtisodiyotdagi vaziyatdir.

2004 yildan 2019 yilgacha Efiopiya dunyoda yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan davlatlardan biri edi (yiliga o‘rtacha 11 foiz). Siyosiy barqarorlik va past maoshlar xorijiy investorlarni ushbu o‘lkaga jalb qilgan, mamlakatda mashinasozlik va to‘qimachilik sanoati rivojlangandi. Ammo bu ham aholi soni shiddat bilan o‘sayotgan vaqtda ishsizlik muammosini hal eta olmadi.

1990 yilda mamlakat aholisi 48 mln kishini tashkil etardi, hozirda, BMT baholariga ko‘ra, aholi soni 110-115 million kishiga yetgan. Bolalarning aholi sonidagi ulushi 43 foiz, yana 20 foiz kishi - 15-24 yoshlar oralig‘idagi yoshlardir.

Qo‘shnilarga va butun dunyoga ta'siri

«Mojaro uzoq vaqt davom etishi mumkin. Tigray yirik harbiy kuchga ega va mahalliy militsiya ham yaxshi ta'lim olgan. Mahalliy aholi ham rahbariyatni faol qo‘llab-quvvatlamoqda», degan International Crisis Group xalqaro tahlil tashkilotining afrikashunos ekspertlari.

BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh «Efiopiyaning barqarorligi butun Afrika shoxi mintaqasi uchun muhim ekani» haqida ogohlantirdi.

Efiopiyaning sharqdagi qo‘shnisi - Somali. Bu davlatda 29 yil muqaddam oxiri yo‘q fuqarolik urushi boshlangan va davlat amalda boshqaruv qobiliyatiga ega emas. Minglab efiopiyalik harbiylar ushbu davlatdagi tinchlikparvar missiyalarga jalb etilgan. Agar Efiopiya o‘z harbiylarini bu davlatdan olib chiqsa, u yerda mahalliy jangarilar faollashadi.

Efiopiyaning g‘arbdagi qo‘shnisi - Janubiy Sudan ham dunyoning eng qashshoq mamlakatlaridan biri hisoblanadi. Bu davlat 2013-2020 yillarda fuqarolik urushini boshdan kechirgan, qurolli to‘qnashuvlar natijasida yuz minglab kishilar qurbon bo‘lgan, qochqinlarning bir qismi Efiopiyadan makon topgan. Tigraydagi urush Janubiy Sudanda yangi etnik to‘qnashuvlar boshlanishi xavfini oshiradi.

Davlat telekanallari shimolga borgan federal harbiylarni namoyish etgan

Efiopiyadan shimolda joylashgan Eritreyada ham istalgan vaqtda ichki nizolar avj olib ketishi hech gap emas. Bu davlatni 1993 yildan buyon boshqarib kelayotgan prezident Isayas Afeverki avtoritar rejim o‘rnatgan, mamlakat juda ham qashshoq. Mahalliy yoshlar armiyaga jalb etilishdan va qashshoqlikdan qochib, Sudan orqali avval Liviyaga, u yerdan Yevropaga ketishga harakat qilishadi.

Efiopiyaning beqarorlashishi AQSh, Xitoy, Fransiya va Italiya harbiy bazalari joylashtirilgan kichik davlat Jibutiga ham tahdid solishi mumkin. Efiopiya xalqaro savdoni aynan shu davlat orqali amalga oshiradi.

«Efiopiya federal kuchlari va Tigray rahbariyati o‘rtasidagi qurolli nizo nafaqat mamlakat uchun, balki Afrika Shoxi mintaqasi uchun ham halokatli bo‘lishi mumkin. Vaziyat uzoq vaqt saqlanib qolsa, bu Efiopiya davlatchiligi uchun jiddiy sinovga aylanadi», deya ogohlantirishadi International Crisis Group ekspertlari.

REUTERS

Nihoyat, agar Efiopiyadagi urush to‘xtamasa, Yevropa tomon qochqinlarning yangi ulkan oqimi yo‘l oladi.

Hozir ham 600 ming kishi - Tigray aholisining o‘ndan bir qismi BMTning oziq-ovqat bo‘yicha yordamiga qaram bo‘lib qolgan.

Efiopiyadagi hozirgi bo‘linish Ko‘k Nil daryosida to‘g‘on qurilishi tufayli Misr va Sudan bilan munosabatlar sovuqlashgan davrga to‘g‘ri kelmoqda. GES Efiopiyaning elektroenergiyasiga talabini qondirishi ko‘zda tutilgan, suv ombori shu yil yanvaridan to‘ldirila boshlagandi.

Efiopiyadagi Avliyo Georgiy cherkovi - ibodatxona monolit toshdan o‘yib qurilgan

Nil daryosining quyi qismida joylashgan Misr va Sudan bu loyiha orqali ularga suv borishi kamayishidan norozi.

Ko‘plab davlatlar, xususan, AQSh va Rossiya vositachiligida bu masalada ko‘p yildan buyon o‘tkazib kelingan muzokaralar samarasiz bo‘lib chiqqan.

24 oktyabr kuni Donald Tramp Sudan va Isroil rahbarlari bilan telefon orqali muloqot chog‘ida bu masalada Sudan va Misrning yonini olishini bildirgan, uning bu pozitsiyasi esa o‘zini AQShning hududdagi ittifoqchisi deb biluvchi Efiopiya rahbariyatini g‘azablantirgandi. Abiy Ahmad Efiopiya «hech qanday bosimga taslim bo‘lmasligi»ni ma'lum qilgan.

Efiopiyaning qisqacha tarixi

  • Eramizning II asri: Qadimgi Efiopiyada Aksum podshohligi paydo bo‘lishi;
  • 330: xristianlik dini davlat diniga aylanadi;
  • 1270: O‘zini Sulaymon avlodlari deb da'vo qiladigan sulola Efiopiya imperiyasiga (Habashiston) asos soladi va bu sulola 1974 yilga qadar  hukmronlik qiladi;
  • 1896: Adua yaqinidagi jangda italyan harbiylari yengiladi va Efiopiya o‘z mustaqilligini saqlab qoladi;
  • 1936: Benito Mussolini rejimi Efiopiyani okkupatsiya qiladi;
  • 1941: britan armiyasi italyanlarni Efiopiyadan quvib yuboradi va hokimiyat imperator (negus) Xayle Selassiye I’ga qaytadi;
  • 1952: Britaniya Italiyaning Qizil dengiz bo‘yidagi sobiq mustamlakasi Eritreyani Efiopiyaga beradi, ko‘p o‘tmay bu yerda ayirmachilik harakati boshlanadi;
  • 1974: Xayle Selassiye harbiy to‘ntarish oqibatida taxtdan chetlatiladi va o‘ldiriladi;
  • 1974-1991: sovetlar ta'siridagi kommunistik rejim boshqaruvi – 1977 yildan Qizil negus laqabli, aristokratiya vakillarini ham, o‘zining sobiq quroldoshlarini ham shafqatsizlik bilan qatag‘on qilgan podpolkovnik Mengistu Xayle Mariam hukmronligi boshlanadi;
  • 1983-1985: ommaviy ocharchilik yuz berib, millionga yaqin kishi halok bo‘ladi;
  • 1985: Britaniyada Freddi Merkyuri ishtirokida musiqa tarixiga kirgan Live Aid xayriya konserti o‘tkaziladi. Tashkilotchilar Efiopiyada ochlikdan qiynalayotganlar uchun 145 mln funt yig‘ib berishadi;
Efiopiya poytaxti Addis-Abebeda 1991 yil «Leninning qulashi» / GETTY IMAGES
  • 1991: Isyonchilar Mengistuni ag‘darishadi, u Zimbabvega qochib ketadi. «Tigray ozodlik xalq fronti» yetakchisi Meles Zenaui prezident bo‘ladi. U mamlakatning har bir fuqarosi kuniga uch mahal ovqatlanishiga erishishni asosiy maqsad sifatida qo‘yadi;
  • 1993: Eritreya mustaqillikka erishadi. Efiopiya Qizil dengizga chiqish yo‘lini yo‘qotadi;
  • 1995: Efiopiya federatsiyaga aylanadi, asosiy to‘rt millat - oromo, amhara, tigray va somali – milliy muxtoriyatga ega bo‘lishadi;
  • 1998-2000: Efiopiya va Eritreya o‘rtasida urush bo‘lib o‘tadi (tinchlik kelishuvi 2018 yilga kelibgina imzolanadi);
  • 2012: Meles Zenaui vafot etadi, etnik va hududiy nizolar boshlanib ketadi;
  • 2018: namoyishlar natijasida Abiy Ahmad Ali hokimiyatga keladi;
  • 2019: bosh vazir Abiy Ahmad qo‘shni Eritreya bilan ko‘p yillik nizoni hal qilgani uchun tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofotini oladi;
  • 2020: federal hukumat va Tigray provinsiyasi o‘rtasida urush boshlandi.

Mavzuga oid