«Ozodlik» radiosi bilan suhbat: O‘zbekistonda so‘z erkinligi va dolzarb mavzular
«Kun.uz» muxbiri oktabr oyi boshida, Yevropaga safari davomida RFE/RL «Ozodlik» radiosi o‘zbek xizmati bosh muharriri Sarvar Usmon bilan suhbat uyushtirdi.
U radio faoliyati, O‘zbekistondagi so‘z erkinligi holati, mahalliy nashrlar haqidagi fikrlarini bildirib o‘tdi.
Youtube`da ko‘rish
Mover`da ko‘rish (tas-ix)
«Ozodlik» radiosi qanday nashr, u qanday tashkil topgan va radioning maqsadlari nimalardan iborat?
— Radioning hayoti boshqalar uchun qorong‘i emas, ozodlikchilarning hayoti har kuni saytimizda, efirimizda, ijtimoiy tarmoqlarda aks etib turibdi. «Ozodlik»ni o‘qiydigan, ko‘radigan va tinglaydiganlar uchun bu - qorong‘i emas. O‘quvchilar har kuni «Ozodlik» orqali O‘zbekiston hayoti yoritilishi, demakki, radioning o‘zi ham yorug‘ ekanini kuzatib turibdi.
«Ozodlik» haqida uzoq gapirishi mumkin, radio tarixi 60 yilning uyog‘ida... Gapni, balki 17 yildan boshlashga to‘g‘ri kelar, menimcha bu suhbatimiz formatiga ham sig‘masa kerak. Hech kimga sir emas: SSSR davrida, G‘arb bilan Sotsialistik lager o‘rtasida kechayotgan «Sovuq urush» davrida radio faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Hanuz ishlab kelyapti. SSSR tarqab ketgach, radio hayotini hal qilishi mumkin bo‘lgan arboblar uni yopish haqida gapirgan. Radio Myunxendan Pragaga ko‘chdi. «Ozodlik» o‘zi eshittirish olib borishi nazarda tutilgan davlatlarda demokratik qadriyatlarni yoyish uchun, ularni ustuvor bo‘lishga hissa qo‘shib kelayotgan radiodir. U 20dan ortiq tilda eshittirishlarini olib boradi.
Ilgari faqatgina radio edi, axborot texnologiyalari rivojlanishi bilan media korporatsiyasiga aylandi. Hatto, 6-7 yil avval ham, saytimiz unchalik rivojlangan emasdi. Hozir katta e'tiborni saytimizga qaratganmiz, efir ham saqlanib qolgan, albatta. Juda ko‘p platformalarda ishlashga harakat qilyapmiz.
Bizni kuzatadigan asosiy auditoriyamiz O‘zbekistonda va o‘rganish obektimiz ham O‘zbekiston hisoblanadi. Mahalliy nashrlar ulgurmay qolayotgan, balki jur'ati yetolmayotgan mavzularni biz yoritishga harakat qilyapmiz.
Siz ta'kidlayotgan, ya'ni jur'at qilinmayotgan mavzular qaysi? «Mahalliy nashrlar tarqatmaydigan xabar»larning tasnifi bormi?
— Masalan, siz ayta olasizmi, O‘zbekistonda men uchun taqiqlangan mavzu yo‘q, deb? O‘zi aslida yoritilishi kerak bo‘lgan mavzular doirasi juda keng. Biz O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda, u yerdagi ijtimoiy hayot darajasidan kelib chiqib, mahalliy nashrlar tegolmaydigan, so‘z ocholmaydigan mavzularni yoritishga harakat qilyapmiz. Aynan qaysi mavzular desangiz, men saytimizni bir varaqlashimga to‘g‘ri keladi. Qachonki, O‘zbekistonda mahalliy nashrlar, shu jumladan Kun.uz ham, «Bo‘ldi, bizda so‘z erkin. Biz to‘rtinchi hokimiyatmiz», deya dadil aytolsa, biz bemalol yopilib ketaveramiz.
Demak, siz O‘zbekistonda so‘z erkinligi mavjud emas, deb hisoblaysiz. Shundaymi?
— So‘z erkinligi mavjud emas, deb hisoblar edim, ikki yil oldin. Hozir esa ana shu erkinlik borga o‘xshash vaziyat paydo bo‘lgan. So‘z erkinligining ufqlari juda keng, uni hatto cheksiz deyish mumkin. Va shu ufqlarning tobora keng bo‘lishi - mamlakatdagi siyosiy rejim, plyuralizmga bog‘liq. Rejim so‘ziga bo‘yoq bermoqchimasman, O‘zbekistonda shu kunda mavjud rejimga mos so‘z erkinligi bor.
Savolni bevosita radio hayotiga bog‘lasam, siz plyuralizm, ko‘p fikrlilik haqida gapiryapsiz, radio jamoasida bu mavjudmi?
— Albatta. Hech bir jurnalistga buni yoz, buni yozma deyilmaydi. Kim nimani yozishni istasa, shuni bildiradi. Ayrim tomoshabinlar uchun qiziqdir, lekin jurnalistning «oshxonasi»da yuz berayotgan doimiy holat kuzatiladi. Muxbirning o‘zi mavzuni tanlaydi.
O‘zbekiston yo mintaqada yuz bergan favqulodda holatlar bo‘yicha kimdir tezkorlik bilan harakatlanishi lozim. Kim ana shu mas'uliyatni zimmasiga oladi?
— Kim birinchi bo‘lib, o‘sha voqeani ilg‘ab qolishiga bog‘liq.
Ko‘pchilikka qiziq, nimaga «Ozodlik» Pragada turib ishlaydi? Masofadan turib ishlaganda, axborotlarning xolis va aniqligiga kim kafolat beradi?
— Axborotlarning xolisligiga biz va biz javob beramiz. Biz mutlaqo ishonch hosil qilganimizdan so‘ng axborotni uzatamiz. Boshqa bir masala, bizda axborot yangragandan so‘ng, u yoki bu vazirlik, hokimlik raddiya berishi mumkin, inkor qiladi. Lekin, u inkor va raddiyalarning ham narxini bilamiz. Biz so‘nggi haqiqatni aytamiz, degan iddaoda emasman. Shunga qaramay, biz axborotni berarkanmiz, demak shunga ishonch hosil qilganmiz.
Xabarlarning sifati O‘zbekistondagi tashkilot va idoralarning matbuot kotiblariga ham bog‘liq. Ular o‘zining vazifasi axborotni yashirish, deb biladi. Aslida bunday bo‘lmasligi lozim. Keyingi ikki yilda ahvol ancha yaxshilandi. Ayrim tashkilotlarning matbuot kotiblari juda yaxshi ishlay boshladi.
Masofadan turib ishlash sizga qiyinchilik tug‘dirmaydi, shundaymi?
— Masofadan, hatto, Whatsapp yo‘q, Telegram yo‘q, Facebook yo‘q, «Odnoklassniki» yo‘q bo‘lganda ham ishlaganmiz. Faqat telefon bilan ham ishlaganmiz. Hozir O‘zbekistonda bo‘lish shart emas, O‘zbekiston mana, telefonim ichida u. Sizdan ko‘ra, «Ozodlik» ko‘proq narsa biladi.
Axborotni tayyorlashdagi barcha bosqichlarda jurnalistik qoidalarga rioya etiladimi? O‘zim guvoh bo‘lgan holatni eslatmoqchi edim: «Ozodlik» muxbiri ayrim hollarda soxta nom orqali o‘zini tanishtirib, ma'lumot olishga intilgan.
— Qarang, axborotni so‘rab olish mumkin, uni urib olish mumkin, aldab olish mumkin. Stalin davri tergovchilari, masalan, urib olgan. Lekin urib olishning iloji yo‘q. Aldab olish mumkin emas, biz bilamiz. Bu - uyat! Lekin, axborot suv va havodek kerak bo‘lsa-chi? Bir-ikki holat bo‘lgan, harakat qilyapmiz, shunday holat takrorlanmasligiga intilyapmiz va O‘zbekistonda o‘zgarayotgan muhit ham bu usuldan foydalanmaslikka imkon beryapti. Agar jamiyat ochiq bo‘lsa, davlat idoralar ochiq bo‘lsa, kimga zarur bunday aldov?!
Siz ko‘p gaplaringizda oxirgi ikki yillik va oldingi davr, deya qiyosan taqqoslagandek fikr bildirmoqdasiz. Siz hozirgi o‘zgarishlarga nisbatan optimistmisiz? Yo haqiqatan, ijobiy o‘zgarishlarga guvohmisiz?
— Men biroz xushomad qilyapman. Optimist bo‘lgim keladi. Lekin, vaziyat uzoq payt bu darajada qolib ketishi qiyin. Siyosiy hayotning xarakteri shundayki, u doim rivojlanishi kerak yo daryoning suvi kabi ortga qaytadi. Shuning uchun, optimist bo‘lishni istayman.
Jamoa ham shunday fikrdami?
— Bizda barchaning shaxsiy fikri bor. «Ozodlik»da yagona fikr yo‘q.
Prezident ayni paytda Yevropada, rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo‘lib turibdi. Umuman, prezidentning xorijiy tashriflari soni ortmoqda. Ko‘pchilik buning ortidan xorijiy tadbirkorlarning O‘zbekistonga kirib kelishi tezlashishi, sarmoya haqida gapiryapti. Siz bunga ijtimoiy nigoh bilan qarab, qanday baho berasiz?
— Shavkat Mirziyoyev xorijga borarkan, kun tartibda asosiy mavzu xorijiy sarmoyani olib kirish bo‘lib qolyapti. Boshqa masalalar keyingi darajada qolmoqda. Avvalo, shu pullar bayonot qilingan darajada borsin, sarmoyalar yotqizilsin, korxonalar ishga tushsin. Albatta, bu ijtimoiy hayotga ta'sir qiladi. Bundan tashqari, xalqning, ko‘zi desam, to‘g‘ri bo‘lmas, shuuri ochiladi. Xalqning qalbi ochiladi. Biz asrlar davomida, o‘zining yog‘iga o‘zi qovurilib kelgan xalqmiz. Bugungi dunyo esa katta qishloq. Ana shu qishloqning bir aholisimiz, degan fikr paydo bo‘lishi lozim.
O‘zbekistondagi medianing hayoti qanday kechmoqda, deb o‘ylaysiz?
— Dastlabki qadamlarni qo‘ymoqda. Samimiy aytyapman, mana, Kun.uz muxbiri Yevropaga kelib, radio binosiga kirib, uning muharriri Sarvar Usmon bilan suhbatlashib, intervyu olarkan, o‘zgarish bo‘lyapti ekan.
Mavzuga oid
08:56 / 31.05.2022
Komil Allamjonov «Ozodlik radiosi» prezidenti va o‘zbek xizmati bosh muharriri bilan uchrashdi
18:37 / 29.06.2018
«Ozodlik Radiosi» bosh muharriri: O‘zbek matbuotida «portlash» sodir bo‘ldi
13:00 / 05.12.2017
Rossiyada «Amerika ovozi» va «Ozodlik radiosi» xorij josuslari deb e'lon qilindi
17:00 / 13.09.2017