O‘zbekiston | 12:50 / 27.02.2023
6400
6 daqiqa o‘qiladi

“Davlat ortiqcha va og‘ir soliqlarni joriy etmaslikni kafolatlashi kerak” – yangi konstitutsiyada soliqlar

Konstitutsiyaga soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerakligi belgilanyapti. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov Kun.uz’ga bergan intervyusida ushbu modda nega kiritilayotgani va uning ahamiyati haqida gapirib berdi.

Foto: KUN.UZ

Nima o‘zgaryapti?

“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Loyihaga ko‘ra, hozirgi Konstitutsiyaning 51-moddasiga o‘zgartirish kiritilyapti. 

Amaldagi konstitutsiyada “Fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashi shart”ligi belgilangan.

Kiritilayotgan o‘zgarishlar “Soliq va yig‘imlar adolatli bo‘lishi va fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilmasligi kerak”ligini nazarda tutadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o‘rinbosari Muhsinjon Xolmuhamedov Kun.uz bilan suhbatda nega bu o‘zgartirish kiritilayotganini tushuntirib berdi.

“Davlat fuqarolar uchun ortiqcha va og‘ir soliqlarni joriy etmaslikni kafolatlashi kerak”

Har qanday davlatning asosi — uning iqtisodiy qudrati, oddiy tilda aytganda, davlat budjeti hisoblanadi. 

Budjetning asosiy qismini esa soliqlar tashkil etadi. Soliqlardan tushgan pullar mamlakatni har tomonlama rivojlantirishga sarflanadi. 

Shu sababli har bir fuqaro qonun bilan belgilab qo‘yilgan soliqlarni to‘lashi shart. Bu davlat ravnaqiga, xalq farovonligiga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, davlat ham fuqarolar uchun ortiqcha va og‘ir bo‘lgan soliqlar yoki boshqa yig‘imlarni joriy etmaslik bo‘yicha kafolat berishi, bu kafolat esa qonun bilan mustahkamlanishi kerak bo‘ladi.

Bu davlat soliq va yig‘imlar joriy etayotganda fuqaro yoki tadbirkor uni to‘lay olishiga qurbi yetishini inobatga oladi. Ortiqcha va mantiqsiz soliqlardan, turli yig‘imlardan voz kechiladi. Soliq siyosati esa yildan yilga soddalashtiriladi, odamlar uchun manfaatli bo‘lishi ta’minlanadi.

“O‘zgartirishlar bilan soliqlar va yig‘imlar ortiqcha yuk bo‘lmasligiga erishiladi”

Oxirgi yillarda tadbirkorlar to‘laydigan soliq turlari soni qisqartirildi, aholiga, biznesga soliq imtiyozlari qo‘llandi, ayrim huquqbuzarliklar uchun jarimalar miqdori tushirildi. Ayrim yig‘imlar 5 baravargacha (masalan, avtomobil oynalari tusini o‘zgartirganlik uchun to‘lovlar) kamaytirildi. 

Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarish esa ana shunday ijobiy ishlar izchil va tizimli davom ettirilishi uchun huquqiy asos bo‘ladi.

Soliqlar va yig‘imlar ortiqcha yuk bo‘lmasligiga erishiladi. Konstitutsiyaga “adolatli soliqlar” atamasining kiritilishi kelgusida xalq uchun manfaatli bo‘lishi kutilmoqda.

“Soliq ma’muriyatchiligida ko‘plab noaniqliklar mavjud”

Kiritilayotgan o‘zgarishning asosiy g‘oyasi soliq sohasida kamsitishning oldini olish, soliq imtiyozlari va boshqa imtiyozlarga tabaqalashtirilgan yondashuvni o‘rnatish maqsadida soliq va yig‘imlarning adolatliligini ta’minlashdir.

Shaffof va adolatli soliq tizimi iqtisodiyotni rivojlantirishning eng muhim shartlaridan biri hisoblanadi. Biroq shu kunga qadar amalda bo‘lgan soliq ma’muriyatchiligida ko‘plab noaniqliklarning mavjudligi biznes, tadbirkorlik va investitsiya sohasining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda.

Masalan, tadbirkorlik sub’yektlari korxona qancha foyda olganidan qat’i nazar, davlat maqsadli jamg‘armalariga tovar ayirboshlash hajmining 3,2 foizini o‘tkazadi. Ushbu soliq yuki korxona daromadining kamida 21 foizini tashkil etib, raqobatbardosh va eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga to‘sqinlik qiladi.

Bunday muammolarni bartaraf etish, soliq yukini yengillashtirish va chinakam bozor iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida davlat rahbari tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi ishlab chiqildi.

Shunday qilib, yangilangan Soliq kodeksining 10-moddasida “Fuqarolarning o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga to‘sqinlik qiluvchi soliqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi” deb belgilangan.

Kutilayotgan natija

2022 yil yakuniga ko‘ra O‘zbekistonda 162 mingdan ortiq qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovchilari mavjud. Uch yil ichida ularning soni ikki barobarga — 85,4 mingdan 162,9 mingga, 2016 yildan buyon esa 19,6 barobarga oshgan. Bu o‘sish, birinchi navbatda, soliq yukining adolatli taqsimlanishi va kamayishi bilan izohlanadi.

Shu va boshqa yengilliklar tufayli Xalqaro valuta jamg‘armasi soliq tizimini isloh qilishni O‘zbekistonning eng katta muvaffaqiyatlaridan biri sifatida tan oldi. 

Shunga o‘xshash qoida Ispaniya (31-modda), Italiya (53-modda), Shveytsariya (130-modda), Lixtenshteyn (24-modda) kabi davlatlarning konstitutsiyalarida ham o‘z aksini topgan bo‘lib, ularda soliq tizimining ijtimoiylik va insonparvarlik tamoyillariga muvofiqligi aks ettirilgan. 

Kutilayotgan umumiy natijalar aholi farovonligini oshirish, jamiyatda ishbilarmonlar sinfining mavqeyi va ta’sirini kuchaytirish, o‘rta sinfni va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish orqali rivojlangan davlatlar safiga qo‘shilish imkoniyati bo‘ladi. 

Soliq stavkalarining ijtimoiy yo‘naltirilgani, jumladan, kam ta’minlangan fuqarolarga nisbatan qo‘llanadigan soliq turlariga imtiyozlarning kiritilishi aholining turli toifalari o‘rtasidagi tengsizlik va daromadlar o‘rtasidagi farqni kamaytirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid