Ijtimoiy davlat – bu eng avvalo mas’uliyat, chunki davlat, hukumat o‘z xalqini ijtimoiy himoya qilish borasida, konstitutsion majburiyatlar oladi.

Qolaversa, bu – maqom, chunki dunyoning eng farovon davlatlari, aslida, ijtimoiy himoya tizimi ancha kuchli bo‘lgan davlatlar hisoblanadi.

“Ijtimoiy davlat” tushunchasining asosida, fundamentida “tenglik” qadriyati yotadi. Insonlar, tabiatan, boshqalarga qaraganda kamsitilganroq bo‘lishni istashmaydi. Boshqalar tomonidan ekspluatatsiya qilinishni xohlamaydi.

O‘tgan 20-asr – bu tenglik uchun har xil modellarning kurashuv asri bo‘ldi. Insonlarni teng qilish uchun, haybatli va totalitar davlatlar paydo bo‘ldi. SSSR va uning atrofidagi sotsialistik lager, Xitoy Xalq Respublikasi, Shimoliy Koreya va h.k.lar, insonlarni teng qilish uchun erkinlikni bekor qilishdi.

Ikkinchi yirik va ancha muvaffaqiyatli model, bu g‘arbiy Yevropa va boshqa qit’alarda kuzatildi. Bunda, jamiyat erkin bo‘ladi, davlat huquqiy bo‘ladi. Insonlar va ijtimoiy qatlamlar o‘rtasida mavjud tafovutlar – repressiyalar yordamida emas, davlatning ijtimoiy himoya dasturlari orqali pasaytiriladi.

Misol uchun, Germaniya yoki Kanada, yuqori darajadagi ijtimoiy davlatlar hisoblanadi. Bu davlatlarda, hukumatlar yoki maxsus tashkilotlar, yig‘ilgan soliqlardan juda ko‘p qatlamlarga kerakli miqdorda yordam beradi: bu – kam ta’minlangan, ishsiz, boquvchisini yo‘qotgan, studentlar, yangi emigrantlar va h.k. Bolali oilalar uchun doimiy yordam tizimlari mavjud.

Qolaversa, ijtimoiy davlatlarda normal ishlab turgan odamlarni ham ijtimoiy himoya qilish dasturlari juda kuchli. Ish beruvchilar o‘z ishchilarini istaganicha ekspluatatsiya qila olmaydi. Ish sharoitlari, ish vaqtlari juda aniq belgilangan. Ortiqcha har bir ish soatiga qo‘shimcha haq to‘lanadi.

Misol uchun, g‘arbiy Yevropa davlatlarida kechki soat 9dan tongi 5 gacha – tungi ish vaqti hisoblanadi va bu vaqt uchun ish beruvchilar 60 foiz qo‘shimcha haq to‘lashga majbur. Yoki, ishlovchining avtomashinasi ishga kelayotib yo‘lda buzilib qolsa, bu mashina ish vaqtida buzilgan hisoblanadi va unga ish beruvchi tomonidan ma’lum miqdorda kompensatsiya to‘lanadi. Kimki bir soatlik uzoq masofadan ishga kelsa, uning oyligidan daromad solig‘i kam olinadi yoki umuman olinmaydi.

Ijtimoiy davlatlarda bunday ijtimoiy himoya dasturlari juda ko‘p. Har bir davlatning o‘z modeli, o‘z an’analari bor. Lekin, ijtimoiy davlatning maqsadi bitta – xalq orasida kambag‘al, qashshoq qatlam bo‘lmasligi, kengayib bormasligi kerak.