Jahon | 20:49 / 22.05.2024
23073
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston-O‘zbekiston chegarasida yuzlab yuk mashinalari to‘planib qoldi – OAV  

Turkmanistonlik yuk mashinalari haydovchilari bir oydan ortiq vaqtdan beri O‘zbekistonga kira olmayotgani ta’kidlanmoqda. 

Foto: Vladimir Tretyakov

Turkmaniston fuqarosi bo‘lgan haydovchilar Turkmaniston-O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tish uchun zarur bo‘lgan vizani ololmayapti. Muammo aprel oyining o‘rtalarida boshlangan. Bu haqda LogiStan xabar berdi. 

Ma’lum qilinishicha, viza berish rad etilgani sababli ikki davlat chegarasidagi «Forob» avtomobil nazorat-o‘tkazish punkti hududida 500 dan ortiq og‘ir yuk mashinalari to‘planib qolgan.  

Muammoga Turkmaniston va O‘zbekiston tashuvchilari hujjatlarini rasmiylashtirishda nomutanosiblik sabab bo‘lgani aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, o‘zbekistonlik haydovchilardan Turkmanistonda o‘rtacha 700-900 dollar yig‘im olinyapti, turkmanistonlik haydovchilardan O‘zbekiston hududida esa 200 dollar yig‘im olinadi. Turkmaniston sug‘urtasini olish ham qimmatligi ta’kidlanmoqda – 100 dollar, O‘zbekiston sug‘urtasi esa 15 dollar. Bundan tashqari, Turkmanistonda yangi CMR blankasini to‘ldirish 200 dollar, marshrut xaritasi 200 dollar, GPS qurilmasi esa 20 dollar turadi. O‘zbekistonda esa bunday to‘lovlar yo‘q. 

LogiStan ta’kidlaganidek, muammoni hal qilish muddati noma’lum. 

«Ashxobod va Toshkent muzokaralar olib bormoqda, ammo ayni damda diplomatlar kelishuvga erisha olmayapti», deyiladi xabarda. 

Qayd qilinishicha, Turkmanistonda o‘zbekistonlik haydovchilar uchun tartib-taomillarni soddalashtirish masalasi 2024 yil aprel oyi o‘rtalarida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida hal etilishi rejalashtirilgan edi. Hujjatlar tayyor bo‘lgan, faqat ularni imzolash qolgan. Biroq Turkmaniston delegatsiyasi buni rad etgan. 

Boshqa mamlakatlardan kelgan haydovchilarda bunday muammo yo‘qligi ta’kidlanmoqda.

Mavzuga oid