Qariyb 20 yildan buyon Angliyada yashayotgan vatandoshimizdan xorijda yashab, farzand tarbiyalashning ba'zi jihatlari haqida ham so‘radik.
– Buyuk Britaniyada o‘qituvchining mavqeyi, odamlarning bu kasb egalariga munosabati qanaqa?
– Bu oilalardagi dunyoqarashga bog‘liq. O‘qishga qiziqmaydigan oilalarda o‘qituvchilarni yaxshi ko‘rishmaydi, ular uchun o‘qituvchi – boshog‘riq: doim telefon qiladi, «o‘g‘lingiz uy vazifasini qilmadi, to‘polon qildi», deya. Bunday oilalar o‘qituvchilarni yoqtirishmaydi.
O‘qishga qiziqqan, ilmga befarq bo‘lmagan tabaqa vakillari esa, albatta, o‘qituvchilarni hurmat qilishadi. Jamiyatda o‘qituvchilarga nisbatan umumiy bir fikr shakllangan, deb hisoblamayman.
Umuman olganda, bu yerda o‘qituvchilarga munosabat O‘zbekistondagichalik bo‘lmasa kerak. Hozir qanaqa, bilmadim, lekin o‘zim o‘qigan va ishlagan vaqtimda o‘qituvchining aytganini qilish, o‘qituvchiga nisbatan ota-onalarning hurmati kabilar bizda boshqacha edi.
Bizda o‘qituvchining aytgani aytgan, Angliyada esa unday emas. O‘qituvchi xato qilsa, ota-ona yoki o‘quvchilar uning xatosini aytishadi. O‘qituvchi so‘zsiz hurmat qilinishi kerak, degan narsa yo‘q. Unga o‘z vazifasini bajarayotgan davlat xizmatchisi sifatida qarashadi.

Shaxsan o‘zim Britaniyada dars bera boshlaganimda eng qiyin bo‘lgan jihat – sinfdagi bolalarning mentalitetini tushunish, ularni boshqara olish. Boshqarish uchun ularning dunyoqarashini tushunishingiz, qaysi ko‘rsatmaga ular qanaqa reaksiya qilishini bilishingiz kerak.
Ayni shu narsa men uchun madaniy shok bo‘lgan. O‘zbekistonda dars berib yurib, keyin bu yerdagi ta'limga o‘tishim men uchun katta o‘zgarish bo‘lgan. Boshida qiynalganman: sinfga kirsam, bolalar quloq solmasdi, aytganimni qilmasdi, uyga vazifalarni bajarishmasdi, to‘polon qilishardi. Bular nega o‘zlarini unday tutishyapti, deb tushunmasdim.
O‘zbekistonda shuncha dars bergan bo‘lsam, menda unaqa narsa bo‘lmagandi. Bolalar gapimga quloq solar, o‘quvchilar ham, ota-onalar ham hurmat bilan muomala qilardi. Bu yerda esa sizni hurmat qilishlari uchun hurmat qozonishingiz kerak.













