O‘zbekiston | 08:34 / 30.04.2020
82496
3 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusning qayd etilishi kamayib borayotgani mamlakatda pandemiya tugayotganini anglatadimi?

Mutaxassislarning fikricha, koronavirusga chalingan bitta odam e'tiborsiz qoldirilsa va odamlar orasida yursa, bir oyda 406 ta odamga kasallikni yuqtirishi mumkin ekan.

Nurmat Otabekov / Foto: KUN.UZ

AOKA huzuridagi shtabda Bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Brifingda muhim savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi. Xususan, respublikada koronavirus kasalligi qayd etilishi kamayib borayotgani, bu mamlakatda pandemiya tugayotganini anglatishi haqida savol berildi.

“Unday degani emas. Vaziyat birmuncha yumshayotgan bo‘lsa-da, hali 1000 dan ortiq bemor davolanishni davom ettiryapti, 85 mingdan ko‘proq fuqaro karantinda bo‘lib turishibdi.

Mutaxassislarning fikricha, koronavirusga chalingan bitta odam e'tiborsiz qoldirilsa va odamlar orasida yursa, bir oyda 406 ta odamga kasallikni yuqtirishi mumkin ekan.

Oxirgi bemorimiz shifoxonadan chiqib ketganidan keyin 14 kun davomida yangi bemor ro‘yxatga olinmasa, o‘shanda biz xotirjam bo‘lsak bo‘ladi”, - dedi u.

Shuningdek, Nurmat Otabekov kasallikning kamayib borishi, asosan olib borilayotgan davolash, profilaktika ishlarining samarasimi yoki ob-havo isib ketganining ta'siri bo‘lyaptimi, degan savolga javob berdi.

“AQSh Milliy xavfsizlik vazirining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari ikki yarim oy davomida olib borgan tadqiqotlariga ko‘ra, yuqori harorat, namlik va quyosh nuri koronaviruslar salbiy ta'sir qilar ekan.

Agar tashqaridagi havo harorati 23-24 daraja, namlik esa 20 foiz bo‘lsa,  narsalar yuzasidagi 50 foiz viruslar o‘lishi uchun 18 soat vaqt kerak bo‘lar ekan. Agar o‘sha haroratda namlik 80 foizgacha ko‘tarilgan bo‘lsa, 50 foiz viruslar o‘lishi uchun 6 soat vaqt kerak bo‘larkan. Agar o‘sha namlikda harorat 30 daraja bo‘lsa, koronavirus 1 soatda, mabodo u yerga quyosh nuri tushib tursa — 1,5 minutda nobud bo‘larkan.

Davolashdagi 49,4 foiz samaradorlikni zinhor inkor qilib bo‘lmaydi. Bunday ko‘rsatkich hatto rivojlangan davlatlarda ham yo‘q”, - dedi u.

Mavzuga oid