200 dollarlik xo‘rakka 250 mln so‘mlik sirtmoq. Yuzlab odamlar firibgarlikning yangicha tuzog‘iga ilindi
Elektromobillar savdosi bilan shug‘ullanuvchi 4 ta avtosalon egalari o‘zaro til biriktirgan holda, yuzlab odamlarning ishonchiga kirib, 200 dollar evaziga ularning nomiga kredit chiqartirgan. 2 oy ichida kreditni uzib berishni va’da qilgan “uchar”lar milliardlab summalarni o‘zlashtirgan. Bu holatda banklarning ishsizlarga kredit ajratgani taajjubli.
200 dollarga aldanganlar
Xitoydan turli rusumdagi elektromobillarni olib kelish, sotish va quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi “Green-Waatt”, “Ev Sky”, “ZTY Car Energy”, “Quwwatt Motors” MChJlar turli banklar orqali yuzlab odamlarni chuv tushirgan.
Mashhur kishilar yordamida turli jozibali reklamalarga kuch berib, odamlar ishonchiga kirgan. Rejaga ko‘ra aksariyati xech qayerda ishlamaydigan, tayinli daromadi yo‘q fuqarolar birgalikda daromad olishga qiziqtirilgan. Sxema quyidagicha ishlagan:
— fuqarolar bilan qimmatbaho xitoy avtomobili uchun shartnoma tuziladi;
— bankdan avtomobil uchun o‘sha fuqaro nomiga katta miqdorda, 200-300 million so‘mlik kreditlar chiqariladi;
— kreditdan chiqqan pullar sxema tepasida turgan firma egalari qo‘liga o‘tadi;
— odamlar kredit kompaniya tomonidan to‘lab borilishiga ishontiriladi;
— 2 oy ichida Xitoydan avtomashina olib kelinib, qayta sotilishi va tushgan mablag‘ hisobiga kredit to‘liq yopilishi va’da qilinadi.
Bularning barchasi evaziga bu aldanayotgan fuqarolarga bor-yo‘g‘i 200 dollardan “bonus” berilgan. “Osmondan tushayotgan” 200 dollarni eshitgan sodda odamlar birin-ketin tanish-bilish, qarindosh-urug‘, qo‘shnilarini yetaklab kelaveradi. Ularning soni esa aniq emas.
“Hamma viloyatdan aldanganlar bor”
“Shu salon egalari [bu biznesni] qarindosh-urug‘chilikdan boshlashgan. Misol uchun, 10 nafar odamga pul olib beringlar deyishsa, shundan 3-4 nafariga [avtomobillarni] darhol olib kelishgan. 10-15 kun, 1 oyda kelganlari ham bo‘lgan. Shunga hamma ishonib, ozgina pulli bo‘lish ilinjida muhtoj odamlar borgan. Mingga yaqin odam jabrlangan bo‘lsa, hech puli ko‘payib ketgan odam bormagan [avtosalonchilarning] yoniga”, – deydi jabrlangan fuqarolardan biri.
“Bir qarindoshim orqali eshitganman. “200 dollar evaziga 3 oyda kreditingiz yopilib ketadi, kredit tarixingiz zo‘r chiqadi, keyingi safar kredit olayotganingizda [bank] shundoq o‘ylanmasdan kredit beradi. Hozir [kreditingiz] 4 yilga olinyapti, lekin 3 oy ichida yopilib ketadi, mashina 45 ish kunida keladi”, – deyishgan. Keyin [bankka] borganmiz, shartnomalar tayyor bo‘lgan, Xurshid aka degan kishi shu hujjatlarni olib kelgan, bank ichiga kirib, xodimlari bilan gaplashib yonimizda o‘tirgan. Bizga kreditni chiqarib berishgan.
Sentyabrda olgan bo‘lsak, kreditimizni 3 oy davomida muammosiz to‘lab kelishgan, vaqtida to‘lanmasdan, 5-6 kun o‘tib ketib, plastiklardan pul yechib olsa, uni avtosalon egalari tezda qaytarib bergan. 3 oydan keyin bankdan bizni qo‘ymay telefon qilishdi, mashinamiz kelmaganini, avtosalonga murojaat qilishimizni, garovga avtomobilni qo‘yish kerakligini aytishdi.
Biz avtosalonga aytganimizda, ular mashina yo‘lda ekanini, navbatda chegarada turganini aytganida, biz ishongandik. Keyin shu bilan u odamlar yo‘qolib qoldi, qidirib borsak, qamoqda ekan. Kreditimizning oxirgi to‘lovi esa yanvar oyida bo‘lgan, bu oydan keyin kredit to‘lovi to‘lanmagan”, – yana bir suhbatdosh.
“Men buni o‘rtog‘im orqali eshitganman. “[Nomingga bir mashina olinadi], pulini avtosalonning o‘zi to‘lab berarkan, 40 kun ichida mashina [O‘zbekistonga] kirib keladi, kirib kelishi bilan avtomobilni notariusdan egasining nomiga o‘tkazib berasan, nomingdagi pul to‘lanib yuraveradi, qarzdorliklar yechilib ketaverar ekan”, dedi. “Ishonchlimi?” deb so‘rasam, ishonchli ekanini aytishdi.
Oradan 3-4 kun o‘tdi, pasportimni rasmga olib jo‘natishimni so‘radi, jo‘natdim. Yana vaqt o‘tgach hujjatlarim tayyor bo‘lganini, bankka borib kelishimni aytishdi. Yo‘lda ketayotganimizda dugonamning o‘xshamay turgan hujjatlari ham o‘xshab qoldi, keyin men uning ishi o‘xshagani uchun olmasligimni aytdim. Keyin bankka bordik, Turonbankda Farid degan odam kutib oldi. Men olmasligimni, dugonamning o‘ziga qilaverishini aytganimda olmasam bo‘lmasligini aytib ko‘ndirishdi. Bizga boshida kredit deb aytilmagandi. O‘sha kuni hujjatga qo‘l qo‘yib bo‘lganimizdan keyin kredit ekanini bildik. 265 mln so‘m kredit olganmiz”, – deydi shaxsini oshkor qilishni istamagan ayol.
Yana bir suhbatdoshimiz xo‘jayinining o‘rtog‘i sabab shu ishga aralashib qolgani, O‘zMilliybankning Yakkasaroydagi filialidan 203 mln 775 ming so‘m miqdorda avtokredit olganini aytadi. Murojaatchilar bunda bank xodimlari bilan ham til biriktirilgan bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi.
“Avtosalonga bormaganmiz. Hamma narsa bilan bizni birdaniga bankka chaqirishgan. Dilshod degan odam chaqirgan, to‘g‘ri bankka borganmiz. Bank va avtosalon sheriklikda hamma narsani o‘zlari tayyorlagan, biz kirganmiz, qo‘l qo‘yib chiqib ketganmiz. Qolgan to‘lovlari-yu, kelishuvlar avtosalon va bank o‘rtasida bo‘lgan. Biz hech narsada qatnashmaganmiz.
[Bu jarayonda] O‘zMilliybank, Ziroatbank, Turonbank, Asia Alliance Bank bor. Hozir bu yerda [murojaat qilish uchun] yig‘ilganimiz faqat 4 ta bankdan, o‘zi aslida 8 ta bank aralashgan. Jabrlanuvchilar faqat Toshkentning o‘zidan emas, qolgan viloyatlarda ham bor”,– deydi u.
Dilshod ismli shaxs asli “Ev Sky” MChJ rahbari hisoblanadi. Yakkasaroy tumani prokuraturasi tomonidan yuritilgan tergov ishi hujjatida Dilshod Ishonqulov sheriklari bilan 70 ga yaqin fuqaroning ishonchiga kirib, umumiy hisobda 20 mlrd so‘mdan ko‘proq miqdorda kredit olgani va uni talon-taroj qilgani ko‘rsatilgan.
Odamlar aldanganlarini banklar ulardan pul talab qila boshlaganida sezishgan. O‘zMilliyBank, Asia Alliance Bank tomonidan fuqarolar sudga berilgan. Ayrim ishlarda allaqachon sud qarori chiqib, undiruv fuqarolarga qaratilgan.
Kredit ta’minoti garovi sifatida kreditni qaytara olmaslik javobgarligi sug‘urta qilingan bo‘lishiga qaramay, undiruv sug‘urta kompaniyalariga emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri fuqarolarga qaratilgan.
Kun.uz'ga murojaat qilgan fuqarolarning deyarli hammasida voqealar xuddi shunday xronologiya bilan yakunlangan. Faqat bog‘langan odamlari va borgan banklari farq qilishi mumkin.
“Banklar katta “risk” qilgan, ammo ular yutqazmaydi”
Hammaga ayonki, tijorat muassasalari shunchaki kredit ajratmaydi. Yuqoridagi holatda mijozlarning aksariyati doimiy ish joyi va daromadiga ega bo‘lmagan, xarid qilinishi aytilgan avtomashina ham O‘zbekistonga hali olib kelinmagan. Shuni hisobga hisobga olsak, bu vaziyatda ishsiz fuqarolarga hali import qilinmagan mahsulot uchun qarzga pul berilishini tasavvur qilish qiyin.
Shunday ekan, nima sabab banklar bunday katta xavfni bo‘yniga olib, katta summada kredit ajratgan, kredit uchun garovga nima qo‘yilgan? Shu savollarga javob topish uchun Kun.uz bir qancha banklar bilan bog‘landi.
Tahririyatga taqdim qilingan hujjatlarga ko‘ra, bunga 4 ta: O‘zMilliybank, Asia Alliance Bank,, Ziroat bank hamda Turon bank aralashgan. Ba’zi holatlarda sug‘urta kompaniyasining kafilligi bilan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga avtokredit ajratilgan bo‘lsa, ba’zilariga iste’mol krediti berilgani ma’lum bo‘ldi.
Banklarning amaldagi ichki siyosatiga ko‘ra, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ham kredit paketlari belgilangan, plastik kartalaridagi ma’lumotlari hamda sug‘urta hujjati asosida ularga mikroqarz berilishi mumkin. Bu qonunga zid emas. Ammo Kun.uz'ning bank sohasida ishlovchi manbalariga ko‘ra, banklar uchun bu katta risk hisoblanadi, shu sababli ayni vaziyatdagi keyslar kam uchraydi.
“Biroq shunda ham bank uchun bu o‘ta yomon holat emas. Sug‘urta kompaniyasi kafil bo‘lib mijozlarning kreditini yopib berishi mumkin, lekin oxirida bu pulni fuqaro qoplab beradi. Nima bo‘lsa ham tijorat muassasasi yutqazmaydi”, – deydi manba.
“Moliyaviy inqiroz yuzaga kelishi mumkin” – iqtisodchi
Iqtisodchi Valijon To‘raqulov bu vaziyatni qonuniy jinoyat deb atamoqda. Uning aytishicha, bunday turdagi jinoyatlar noqonuniysiga qaraganda xavfliroq bo‘ladi.
“Odatda moliyaviy jinoyatlarni ikkiga bo‘lishimiz mumkin; qonuniy va noqonuniy. Qanchalik hayratlanarli ko‘rinmasin, ko‘p holatlarda qonuniy jinoyatlar noqonuniylariga qaraganda ancha xavfliroq hisoblanadi. Chunki noqonuniy moliyaviy jinoyatlarning nomi, ularga qo‘yiladigan jazolar aniq. Lekin qonuniy holatda qilinganlari ko‘p vaqtlarda sezilmasdan o‘tib ketadi. Chunki har bir ish qonuniy holatda bo‘lgan bo‘ladi. Mana bu vaziyat ham ko‘proq 2 holatga mos keladi. Ya’ni tasavvur qiling, kimdir kelib, avtosalon uchun kredit oladi va buni banklar rad qila olmaydi, chunki fuqaro o‘zini o‘zi band qilmoqchi, masalan kirakashlik bilan shug‘ullanmoqchi. Demak, hamma narsa qonuniy.
Raqamlashayotgan zamon va makonda, albatta, kimlardir mana shu jarayondan “chiroyli” foydalanishga urinadi. Bu yerda fuqarolarimiz tomonidan qilingan eng katta xatolardan biri bu – moliyaviy va huquqiy savodxonlikka ega bo‘lmasligi. Boisi, bu hujjatlar orqali nafaqat mashina uchun kredit olish, nimaga qo‘l qo‘yilayotganini bilmagan holatdan nomingizdan foydalanib, boshqa katta narsalarga ham kredit olib yuborilsa bo‘ladi. Qonuniy bo‘lgani uchun uchinchi shaxs bu yerda aybsiz bo‘lib, javobgarlik mijozga kelib tushaveradi”, – deydi u.
To‘raqulov shunday jinoyatlar qilinishi davom etaversa, moliya bozorida inqiroz yuzaga kelishidan ogohlantirmoqda.
“Bu yerda juda ham ko‘p kutilmagan holatlar bo‘lishi mumkin. Bu narsa xuddi 2008 yildagi AQShda bo‘lgan moliyaviy inqirozni eslatadi. Esingizda bo‘lsa, xuddi shunday to‘lov qobiliyatiga ega bo‘lmagan insonlarga kredit berish orqali va uy bozoridagi narxlarning tushib ketishi orqali banklardagi aktivlar yo‘qolgan va juda ham katta moliyaviy inqiroz paydo bo‘lgan. Bu holatda ham xuddi shunday bo‘lishi mumkin.
Ya’ni agarki ma’lum sabab bilan mashinalar narxi tushishiga erishsak, banklar o‘zlari ko‘zlagan maqsad uchun o‘sha mashinalarni sotib yubora olmasligi ehtimoli bor. Bu esa banklardagi aktivlarni tushirib yuboradi. Zanjir reaksiyasi orqali butun bir moliyaviy bozorda inqiroz yuzaga kelishi mumkin”, – deydi mutaxassis.
Firibgarlar qamoqda, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
IIVning Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, yuqoridagi holat bo‘yicha kompaniyalarga aloqador 6 kishi qamoqqa olingan, jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda firibgarlik qilish), 167-moddasi 3-qismi “a” bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zgalar mulkini o‘zlashtirish), 228-moddasi 2-qismi “a” bandi (xujjatlarni takroran qalbakilashtirish), 228-moddasi 3-qismi (hujjatlarni qalbaki ekanini bilgan holda foydalanish) va 207-moddasi 1-qismi (mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda. Jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlarini xolisona, har tomonlama va to‘laqonli olib borilishi ta’minlanadi”, – deyiladi vazirlik izohida.
Qo‘shimcha qilinishicha, 200 nafardan ko‘p fuqarolar jinoyat ishi yuzasidan jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilgan.
Dilshoda Shomirzayeva tayyorladi.
Tasvirchi – Sherzod Egamberdiyev.
Mavzuga oid
12:01 / 09.11.2024
Buxoroda 16 yoshli bola o‘nlab shaxslar nomiga kredit olib, onlayn qimorga tikib yubordi. U qamoqqa olingan
13:58 / 25.10.2024
«Poytaxtbank» BAA kompaniyasi ixtiyoriga o‘tdi
21:13 / 21.10.2024
Rossiyada bankning sobiq rahbari o‘ziga 3 mlrd rubl kredit ajratib, Monakoga qochib ketdi
22:25 / 20.10.2024