15:17 / 08.02.2019
22592

Armanistonda iqtisodiy inqilob boshlandi

Foto: Valeriy Melnikov / RIA Novosti

Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyanning ma'lum qilishicha, yangi hukumat dasturi amalga oshirilishi mamlakatda iqtisodiy inqilobni boshlab beradi. Bu haqda TASS xabar qilmoqda.

Pashinyanning bildirishicha, yangi iqtisodiy dastur Armanistondagi «baxmal inqilobi»ni davom ettiradi. Uning asosiy vazifasi - fuqarolar uchun imkoniyatlar yaratish va ularni ushbu imkoniyatlardan foydalanishga rag‘batlantirish. «Bizning konseptual yondashuvimiz uchun shu narsa o‘ta muhim ahamiyatga egaki, biz iqtisodiy inqilob konsepsiyasini e'lon qildik», - dedi u.

14 yanvar kuni Nikol Pashinyan yana Armaniston bosh vaziri bo‘ldi. Uning tayinlanishi mamlakat prezidenti Armen Sarkisyan tomonidan tasdiqlandi. Pashinyanning nomzodini «Mening qadamim» fraksiyasi (Milliy yig‘ilishda 132 o‘rindan 88tasi) ilgari surdi.

Armaniston Milliy majlisiga navbatdan tashqari saylovlar 2018 yilning 9 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi. Ularda yetakchisi Nikol Pashinyan bo‘lgan «Mening qadamim» ittifoqi (70,43 foiz ovoz) g‘alaba qozondi. Shuningdek, saylovlar yakunlari bo‘yicha parlamentga «Farovon Armaniston» partiyasi (8,26 foiz ovoz va parlamentdagi 26 o‘rin) hamda «Ma'rifatli Armaniston» (6,37 foiz ovoz va 18 o‘rin) kirdi.

Nikol Pashinyan 2018 yil 8 maydan 16 oktyabrgacha Armaniston bosh vaziri lavozimida ishladi. Iste'foga chiqib, u buni Milliy majlisning tarqatib yuborilishi va navbatdan tashqari parlament saylovlarini o‘tkazish uchun qilayotganini bildirdi. Shu bilan birga, 16 oktyabrdan 14 yanvargacha u respublika bosh vaziri vazifasini vaqtinchalik bajardi.

Top