Jahon | 19:09 / 16.12.2025
2304
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an Armaniston bilan munosabatlarni yaxshilash bo‘yicha ramziy qadamlarni e’lon qildi

U bu masalani Armaniston va Ozarboyjon tinchlik shartnomasini kelishib olgani bilan bog‘ladi.

Foto: TRT Haber

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an mamlakat Armaniston bilan munosabatlarni normallashtirish jarayonini bosqichma-bosqich ilgari surayotganini aytdi. U bu masalani Armaniston va Ozarboyjon tinchlik shartnomasini kelishib olgani bilan bog‘ladi.

«Yillar davomida tinchlikni orzu qilgan Janubiy Kavkaz bugun tarixiy davrni boshdan kechirmoqda. Ozarboyjon va Armaniston tinchlik shartnomasini imzolashga har qachongidan ham yaqin. Ushbu jarayon bilan parallel ravishda va Ozarboyjon bilan muloqotda biz Armaniston bilan munosabatlarni normallashtirish jarayonini ham ilgari suramiz. Xudo xohlasa, kelasi yil boshida biz bir qator ramziy qadamlarni qo‘yamiz», dedi Erdo‘g‘an bu qadamlarga aniqlik kiritmasdan.

Turkiya 1991 yilda birinchilardan bo‘lib Armaniston Respublikasi mustaqilligini tan oldi, ammo mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilmadi. Armaniston-Ozarboyjon mojarosida Anqara har doim o‘z ittifoqchisi - Bokuni qo‘llab-quvvatlagan. Bundan tashqari, Armaniston Turkiyani 1915 yilda Usmonli imperiyasida arman genotsidida ayblab keladi, Turkiya buni har doim rad etgan.

Iyun oyida Istanbulda Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi - bu davlat rahbarlari o‘rtasidagi bunday darajadagi birinchi uchrashuvdir. Dekabr oyida Bloomberg agentligi Turkiya yaqin olti oy ichida 1993 yildan beri yopiq bo‘lgan Armaniston bilan quruqlikdagi chegarasini ochishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid