09:51 / 22.10.2020
5614

Eksport qiluvchilarga kompensatsiya va kafilliklar taqdim etiladi - Prezident farmoni 

Respublika ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining hozirgi bosqichida eksport hajmlarini ko‘paytirish orqali makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, tayyor mahsulot yetkazib beruvchilarni qo‘shimcha moliyaviy va tashkiliy rag‘batlantirish maqsad qilingan.

Prezident “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. 

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq 2022 yil 1 yanvarga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi eksport qiluvchilarga, shu jumladan, asosiy faoliyat turi savdo-vositachilik bo‘lgan eksport qiluvchilarga:

  • a) eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘lar uchun ajratiladigan kreditlar bo‘yicha tijorat banki tomonidan belgilangan kredit foiz stavkasi va miqdoridan qat'i nazar:
  • milliy valutadagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 10 foiz banddan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • chet el valutasidagi kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining 50 foizigacha, biroq 5 foiz banddan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kompensatsiyalar taqdim etadi;
  • b) tijorat banklarining eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘lari uchun beriladigan kreditlari bo‘yicha kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik beradi;
  • v) ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lsa, avval olgan kreditlari bo‘yicha qarzdorligi bo‘lishidan qat'i nazar, eksportoldi moliyalashtirish, shu jumladan, aylanma mablag‘lar uchun qo‘shimcha olinadigan kreditlari bo‘yicha mazkur bandda belgilangan miqdorlar va shartlarda kompensatsiya
  • va (yoki) kafilliklar taqdim etadi;
  • g) taqdim etiladigan kafilliklar bo‘yicha komissiya to‘lovlarini ikki baravarga kamaytirilgan miqdorda undiradi.

2022 yil 1 yanvardan boshlab Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan eksport qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash prezidentning 2019 yil 24 maydagi PQ–4337-son “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.

  • Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:
  • tijorat banklariga eksport bilan bog‘liq savdo operatsiyalari va eksportoldi moliyalashtirish kreditlari uchun moliyaviy resurslar ajratish;
  • xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va moliya kompaniyalaridan eksportoldi moliyalashtirish uchun mablag‘lar jalb etish ishlarini tashkillashtirish.

Agentlikka yuklanayotgan qo‘shimcha vazifalarni amalga oshirish uchun uning huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda resurs bazasi quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladigan Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etiladi:

  • Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qaytarmaslik sharti bilan 100 million AQSh dollari;
  • xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat moliya tashkilotlari, xorijiy banklar va xususiy moliya kompaniyalarining qarzlari;
  • Jamg‘arma mablag‘larini tijorat banklari depozitlariga belgilangan tartibda joylashtirishdan tushadigan daromadlar;
  • qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Mavzuga oid
Top