O‘zbekistondagi barcha umumta'lim maktablari maxsus internet tarifiga ulanmoqda
Respublikaning barcha maktablari maxsus «Edusation» tarifiga o‘tkazilmoqda.
Xalq ta'limi vazirligi matbuot kotibi Laylo Rustamovaning Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, hozirda O‘zbekistondagi 10 ming 8ta maktabdan 5 mingga yaqin umumta'lim maktablari «O‘zbektelekom» tomonidan maxsus ishlab chiqilgan «Education» tarif rejasiga ulandi. Keng polosali internet tarmog‘iga ulanishi imkoniyati bo‘lgan qolgan maktablarni ham ushbu tarifga o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Ushbu ishlar mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda.
Tarif bo‘yicha quvvati 500 o‘quvchi o‘rnidan kam bo‘lgan maktablar uchun internet tarmog‘iga ulanish tezligi 10 Mbit/s, 501 dan 1 000 gacha – 40 Mbit/s, 1 000 va undan yuqori o‘quvchi o‘rinli maktablar, informatika va axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktablar – 100 Mbit/s tezlikda ulanishi ko‘zda tutilgan. «Tas-IX» tarmoqlariga ulanish tezligi barcha «Edusation» tariflarida 100 Mbit/s.ni tashkil etadi.
Yangi tarif yordamida elektron ta'lim resurslari (kitob.uz, edumarket.uz, edukids, Kundalik.com tizimi va boshqalar)da ishlash, Ochiq onlayn kurslaridan foydalanish, qo‘shimcha ta'lim olish uchun YouTube va boshqa tashqi platformalardan foydalanish mumkin.
«Bugungi kunda Xalq ta'limi vazirligi tomonidan barcha maktablarda kompyuter xonalari doimiy ravishda ochiq turishi va o‘quvchilar bundan samarali foydalangan holda o‘zlarining AKT savodxonligini oshirishi uchun sharoitlar yaratilyapti. Bundan ko‘zlangan maqsad o‘quvchilarning ko‘chada bemaqsad yurmasliklariga, vaqtdan samarali foydalanishlariga, umuman, internetdan to‘g‘ri foydalanishni o‘rganishlariga erishishdir», deydi vazirlik rasmiysi.
Bundan tashqari, o‘qituvchilar uchun ham o‘z ustida ishlashlari uchun xalqaro ta'lim platformalari va resurslaridan erkin foydalanishlariga imkoniyat yaratildi.
Eslatib o‘tamiz, bugungi kungacha barcha maktablar Ziyonet tarifidan foydalangan bo‘lib, undagi tezlik hamda internet resurslari chegaralangan edi.
Mavzuga oid
16:44 / 11.11.2024
Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi Qirg‘izistonda 38 ta maktab qurib beradi
16:00 / 11.11.2024
Xavotir bilan boshlangan xayrli ish – Farg‘onadagi maktab olma bog‘idan yaxshigina daromad olyapti
15:42 / 28.10.2024
O‘zbekistonda maktablarda kuzgi ta’til 4 noyabrdan boshlanadi
19:45 / 09.10.2024