Jamiyat | 16:00 / 11.11.2024
6423
3 daqiqa o‘qiladi

Xavotir bilan boshlangan xayrli ish – Farg‘onadagi maktab olma bog‘idan yaxshigina daromad olyapti

Farg‘ona tumanidagi 33-maktab jamoasi bundan 3 yil avval 1 gektarga yaqin maydonga intensiv olma ko‘chati ekkan edi. Yaxshi niyatda bunyod etilgan bog‘ bugun meva berishni boshladi. Olmalar ayni paytda g‘arq pishgan. 5 tonnadan ortiq hosildan 40 mln so‘m daromadni ko‘zlayotgan maktab ma’muriyati iqtidorli o‘quvchilarni rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘ymoqchi. O‘tgan yillardagi daromad esa kam ta’minlangan oila o‘quvchilarini davolashga sarflangan.

Hosil bu yil ancha mo‘l...

“Olmalar hosilga kirdi. Avval bo‘sh turgan yerga o‘rik ekilgan edi, ammo yer suvsiz bo‘lgani uchun yaxshi hosil bermagandi.

Mehnatimizning rohatini birga ko‘ryapmiz. Rejamiz 5 tonnadan ortiq olma hosilini olish, Xudo xohlasa. Yosh bolalar olma so‘rab yonimga kelishadi, ular olma yeyayotganini ko‘rib o‘zimning ham zavqim keladi. Shu bilan charchoqlarim ham chiqib ketadi.

Abdusoli Yahudayev

Ikki yildan beri bog‘dan kelayotgan daromadni iqtidorli bolalarning rag‘batlantirishga sarflayapmiz. Ancha daromadga kirib qolganmiz, shukur. Hosil bu yil ancha mo‘l”, – deydi maktab bog‘boni Abdusoli Yahudayev.

Bunday daromadni kutmagan edik...

“Bundan 3 yil avval maktabda bog‘ yaratishni reja qilgan edik va hozir bu loyihadan ancha daromad olyapmiz. Ekkan olmalarimiz noyabrda pishib yetilar ekan. Maktabimiz qizil rangga burkangan.

Mahbuba Mansurova, 33-maktab direktori

5 tonnadan ortiq hosil olishni rejalashtirib turibmiz. Olinadigan daromadni iqtidorli bolalarning kelajagi uchun sarflashni, turli kasalligi bor bolalarning davolanishlari uchun mablag‘ ajratishni rejalashtirmoqdamiz.

Intensiv bog‘ 1 gektar maydonda tashkil etilgan, o‘tgan yilgi hosil daromadi bemor bolalarning davolanishi uchun ajratildi va ularning vrach ko‘rigiga borishdan tortib davolanish sarf-xarajatlarigacha maktab tomonidan qoplandi. Bundan butun jamoamiz minnatdor.

Boshida juda ikkilangan edim, bog‘dan ko‘zlagan maqsadimizga erisha olmasak-chi, degan havotirlar bor edi. Ammo mana, barchasi yaxshi, ertalab ishga kelayotib bog‘ga ko‘zimiz tushsa, dilimiz yayraydi. Bu ham mehnatimizning samarasi ekanidan ko‘zimiz quvonadi. Kilogrammini 10 ming so‘mdan sotishni rejalashtirganmiz, bu esa 40 million so‘mdan ortiq mablag‘ degani.

Intensiv bog‘dan tashqari maktabimizda issiqxona ham mavjud. Issiqxonada limon yetishtiriladi. Bu limonlardan chiqarilgan foydani ham maktab fondiga joylab, maktab sarf-xarajatlariga ishlatishni rejalashtirganmiz”, – deydi maktab direktori Mahbuba Mansurova.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Сарвар Зияев
Muallif Сарвар Зияев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid