O‘zbekiston | 14:41 / 18.02.2023
30509
7 daqiqa o‘qiladi

Qo‘lbola kartoshka, ovqat ichidagi dollar va “telefonga yuradigan mashina” – 2022 yilda bojxonachilarni qanday usullarda aldamoqchi bo‘lishdi?

Bir-birining sirini bilishga va bir-biridan aqlliroq bo‘lishga urinadigan ikki toifa bor: jinoyatchi va izquvar. Bojxona xodimlari va chegaradan noqonuniy tovar olib o‘tmoqchi bo‘lganlar ham shunaqa: biri ustalik bilan yashirishga, ikkinchisi esa mahorat bilan topishga intiladi. Kun.uz 2022 yil davomida bojxonachilardan ustalik bilan yashirilgan, ammo baribir fosh etilgan qiziq holatlarni to‘pladi.  

Foto: KUN.UZ

Qo‘lbola kartoshka

2022 yil 13 yanvar. Toshkent viloyatining Toshkent tumanida “Damas” mashinasini boshqarib ketayotgan shaxslar kuzatuv ostiga olinadi. Tumanning Hasanboy mahallasida “Damas”ga yuklanayotgan 3 dona xo‘jalik qoplari tezkor xodimlar tomonidan to‘xtatib qolinadi.

Qoplar xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganida ularning ichidan kartoshka ko‘rinishiga keltirilgan 481 dona o‘ram chiqadi. Mazkur o‘ramlarga jami og‘irligi 77 kg 95 gr bo‘lgan opiy va gashish giyohvand moddalari o‘ralgandi. Tezkor tadbir davomida ushbu giyohvandlik vositalarini qabul qilib olishi kerak bo‘lgan xorijiy davlat fuqarosi ham qo‘lga olingan.

14 mln dollarlik tirkama 

2022 yil 13 fevral. Toshkent viloyatidagi “Oybek” chegara bojxona postidan o‘tayotgan yuk mashinalaridan biri bojxonachilarda shubha uyg‘otadi. Hujjatlarga ko‘ra, qo‘shni davlatdan Rossiya Federatsiyasiga qarab yo‘l olgan ushbu yuk mashinasiga 21,6 tonna paxta tolasi ortilgan. Buni inspeksion ko‘rik majmuasining tasvirlari ham tasdiqlagan. Ammo tasvirlarda nimadir g‘alati edi. Shu sababli yuk mashinasi chuqurlashtirilgan holda bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi. 107 ta paxta toyi tirkamadan tushiriladi. Shu tariqa tirkamaning shubhali tuyulayotgan old qismi yaqindan sinchiklab kuzatiladi hamda yashirin bo‘lmalar borligi aniqlanadi. U yerda 232 dona o‘ramda jami 229,7 kg geroin giyohvand moddasi bor edi.

Norinli dollar

2022 yil 24 fevral. Toshkent xalqaro aeroportida Istanbulga parvoz oldidan yo‘lovchilar birin-ketin ro‘yxatdan o‘tishmoqda. Ammo yo‘lovchilardan biri “yashil” yo‘lak orqali harakatlanar ekan, uning bezovtalanishi bojxona xodimlarining diqqatini tortdi. Shu sababli ushbu yo‘lovchi va uning bagaji bojxona nazoratidan o‘tkazilgan. Natijada esa u oziq-ovqat mahsulotlari orasiga 286 ming AQSh dollarini yashirib olib ketayotgani aniqlangan. 

O‘xshamagan kartoshka eksporti

2022 yil 27 mart. Surxondaryo viloyatidagi “Ayritom” chegara bojxona posti. Bu O‘zbekistonni Afg‘oniston bilan bog‘lovchi yagona post hisoblanadi. Mazkur postdan o‘tayotgan yuk mashinalaridan biri bojxonachilarga shubhali tuyuldi. Hujjatlarda unga 533 ta qopda 22 tonnadan ziyod kartoshka yuklangani ko‘rsatilgandi. Yuklarning rentgen tasviri esa biroz boshqacharoq.

Tekshirib ko‘rilganida 533 ta qopning 38 tasiga kartoshka shaklida mohirlik bilan tayyorlangan 1305 dona o‘ram joylangani fosh bo‘ldi. O‘ramlar ichiga esa 154 kg gashish giyohvand moddasi yashirilgandi. 

“Jinoyat qilgan” ko‘zoynak g‘ilofi 

2022 yil 13 may. Toshkent xalqaro aeroporti. Bir necha daqiqa avval “Nyu-York-Toshkent” reysi bo‘yicha kelib qo‘ngan samolyot yo‘lovchilari birin-ketin bojxona nazoratidan o‘tishmoqda. “Yashil” yo‘lak orqali harakatlangan yo‘lovchilardan birining o‘zini tutishi bojxona xodimlari diqqatini tortgan. Shundan so‘ng unga tegishli bagaj belgilangan tartibda nazorat-rentgen uskunasi orqali ko‘zdan kechirilgan. Ekrandagi tasvirlar esa bagajda shubhali buyumlar borligini ko‘rsatgan.  

Bojxona ko‘rigi davomida shubhali tuyulgan buyumlar shokolad va konfetlar bo‘lib chiqdi. Gap shundaki, jami 18 ta qadoqda jyelatin ko‘rinishidagi saqich, 2 quti konfet va 1 ta qadoqdagi 10 dona shokolad tarkibida kannabis moyi – giyohvandlik moddasi bor edi. 

Bundan tashqari, bojxona xodimlari yo‘lovchi ko‘zoynak g‘ilofi ichiga ham polietilen o‘ramda marixuana yashirib olganligini fosh qilishgan.

Misrdan “quruq qo‘l bilan qaytmagan” yo‘lovchi

2022 yil, 30 avgust. Toshkent xalqaro aeroportiga Misr davlatidan uchib kelgan fuqarolarning qo‘l yuklari o‘rnatilgan tartibda rentgen uskunalari orqali tekshirilganida, yo‘lovchilardan birining yuklari bojxonachilar e’tiborini tortdi.

O‘tkazilgan tekshiruv natijasida mazkur yo‘lovchi 56 bosh tirik timsohni yashirin ravishda olib kelayotgani fosh bo‘ldi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur timsoh bolalarining umumiy qiymati 918,5 mln so‘m bo‘lgan. Timsohlar Toshkent hayvonot bog‘iga topshirilgan. 

Avtoehtiyot qismi o‘rniga sigaret 

2022 yil 10 sentabr. Buxoro viloyati “Xo‘jadavlat” temiryo‘l chegara bojxona posti. Respublika hududidan tranzit tarzida harakatlanayotgan yuk poyezdi vagonlaridan birining inspeksion ko‘rik majmuasidan olingan rentgen tasviri bojxonachilarda shubha uyg‘otdi. Hujjatlarga ko‘ra konteynerga 20 tonnadan ziyod og‘irlikdagi, muqaddam foydalanilgan avtoehtiyot qismlari ortilgan bo‘lishi lozim edi. Konteynerni ochib, yuk egalari ishtirokida ko‘rikdan o‘tkazishga qaror qilinadi. Ammo qo‘shni davlatdagi yuk egalari bir necha kun davomida qayta-qayta chaqirilsalar-da, ko‘rik jarayoniga yetib kelishmaydi. 

Nihoyat konteyner xolislar ishtirokida ochiladi. Konteynerda hujjatlarda ko‘rsatilgan avtoehtiyot qismlardan asar ham yo‘q, ularning o‘rniga esa 700 ming 719 quti sigaret ortilgan edi. Ushbu sigaretlarning umumiy qiymati hisob-kitoblarga ko‘ra 10,6 mlrd so‘mni tashkil qilgan. 

Shirinlik qutisidagi ilonlar

2022 yil 16 noyabr. Toshkent xalqaro aeroporti. Misrdan uchib kelgan yo‘lovchilar bojxona nazoratidan o‘tishmoqda. Ammo “yashil” yo‘lakdan harakatlangan ayolning bezovtalanishi va shubhali xatti-harakatlari bojxona xodimlari e’tiborini tortdi.  

Unga tegishli bagaj nazorat-rentgen uskunasi orqali ko‘zdan kechirilganida, yuklar orasidagi 2 ta shirinlik qutisining tasviri shubhalarni oshirdi.

Tegishli mutaxassislar ishtirokida qutilar ochildi. Buni qarangki, uning ichida 1 bosh timsoh bolasi, 3 bosh iguana hamda to‘rsimon, yo‘lbars va xondra zotiga mansub piton bolalari borligi aniqlandi. Ayol bu yukni birovning iltimosiga binoan ma’lum bir haq evaziga olib o‘tayotganini aytgan.

Metan o‘rniga telefon

Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari ishtirokida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida “Nanay-Namangan” yo‘nalishida harakatlanayotgan, fuqaro I.I. boshqaruvida bo‘lgan “Lacetti” mashinasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan.

Jarayonda avtomashina gazballoniga jami 204,6 mln so‘mlik 10 turdagi 93 dona telefon apparati yashirib qo‘yilgani aniqlangan.  

Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati bilan hamkorlikda tayyorlandi.

Mavzuga oid